Taxoratdagi tartib

Assalomu alaykum! Taxorat vaqtida qiblaga yuzlanish kerakmi yoki qay tomonga qarashni farqi yo‘qmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! TAHORAT ODOBLARI 1. Qiblaga qarab o‘tirib tahorat qilish. Tahorat – ibodat. Qiblaga qarab ibodat qilish qanday yaxshi! 2. Baland joyda o‘tirib tahorat qilish. Ishlatilgan suvlar badan yoki kiyimlarga sachramasligi uchun bunday va bundan boshqa qulayliklarga ega bo‘lish juda yaxshi. Misol uchun, sovuq o‘lkalarda oftobda tahorat qilish ko‘p yaxshi bo‘lsa, o‘ta issiq o‘lkalarda oftobda tahorat qilish ko‘p noqulaylik va qiyinchiliklar tug‘diradi. Shuning uchun tahorat qilinadigan joy juda qulay qilib olinsa, yaxshi bo‘ladi. 3. Tahorat qilishda uzri bo‘lmasa, birovning yordamidan foydalanmaslik. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aksar hollarda shunday qilganlar. Ibodatda mutavoze’lik, hamma narsani o‘zi qilish afzaldir. 4. Tahorat paytida gapirmaslik. Balki Allohning zikri va duo bilan mashg‘ul bo‘lish. 5. Uzugi bor odamlar uni qimirlatib, ostiga suv etkazishi. 6. Og‘izga va burunga o‘ng qo‘l bilan suv olib, burunni chap qo‘l bilan tozalash – qoqish. 7. Shoshilib qolmaslik uchun namoz vaqti kirmasidan tahorat qilish. 8. Suvni isrof qilmaslik. 9. Ishlatish oson bo‘lishi uchun tahorat suvi solingan idishni o‘ng tomonga qo‘yib olish. 10. Qalbdagi niyat bilan tildagi gapni birlashtirish. 11. Har bir a’zoni yuvganda «Bismillah»ni aytib, duo o‘qish. 12. Tahorat qilib bo‘lgandan keyin shahodat kalimasini va rivoyatda kelgan duoni o‘qish. عَنْ عُمَرَ  رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَا مِنْكُمْ مِنْ أَحَدٍ يَتَوَضَأُ فَيُحْسِنُ الْوُضُوءَ، ثُمَّ يَقُولُ حِينَ يَفْرُغُ مِنْ وُضُوئِهِ أَشْهَدُ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ، وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ، وَأَشْهَدُ أَنَّ مُحَمَّدًا عَبْدُهُ وَرَسُولُهُ، إِلَّا فُتِّحَتْ لَهُ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ الثَّمَانِيَةِ، يَدْخُلُ مِنْ أَيِّهَا شَاءَ رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ وَزَادَ التِّرْمِذِيُّ اللَّهُمَّ اجْعَلْنِي مِنَ التَّوَّابِينَ وَاجْعَلْنِي مِنَ الْمُتَطَهِّرِينَ Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar sizlardan birortangiz tahorat olsa-yu, tahoratini yaxshilab qilsa, so‘ngra, tahoratidan forig‘ bo‘lishida: «Ashhadu allaa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu. Va ashhadu anna Muhammadan abduhu va Rasuluhu», deb aytsa, albatta, unga jannatning sakkiz eshigi ochilur va u xohlaganidan kirur», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Termiziy esa: «Allohumma ij’alniy minat tavvabiyna va ij’alniy minal mutatohhiriyn»ni ziyoda qilgan. Duoning ma’nosi: «Allohim, meni tavba qiluvchilardan va poklanuvchilardan qilgin». ("Kifoya" kitobidan). Vallohu a’lam!

28 Aprel 2022, 20:28 | Savol-javoblar | 179 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar