Ijmo qilingan e’tiqodiy masalalar

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Islom.uz saytida ijmo qilingan e’tiqodiy masalalarga faqatgina 2 ta Ash’ariy va Motudiyning ittifoq qilgan masalalari bo‘yicha maqola berilgan. Fiqxda faqat shu 2 ta olimning qarashlari olinadimi? Ash’ariyalar kimlar? Buni aqidada adashgan firqa deb o‘qidik. Misol uchun Allohning makoni haqidagi fikrlari boshqa ulamoning fikrlariga umuman to‘g‘ri kelmayapti. Buni ko‘ring: www.youtube.com/watch?v=9Q5JOn-Xn48 Javob uchun katta rahmat.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Bu masalalar fiqhiy emas, aqiydaviy masalalardir. Ash’raiy va Moturidiy mazhablari haqida juda ko‘p aytilgan, yozilgan. Ash’ariylarni adashgan firqa deganlarning o‘zlari adashgan. Siz va sizga o‘xshagan azizlarimiz uchun ushbu ko‘p marta takrorlangan ma’lumotlarni yana takrorlashga majburmiz. AHLI SUNNA VA JAMOA Turli sabablarga ko‘ra musulmon olamida turli aqiydaviy buzg‘unchi toifalar ko‘payb ketgan. Ularning barchasi odamlarni zalolatga boshlagan. Ana shunday og‘ir bir paytda sof Islom aqiydasini saqlab qolish uchun harakat qiladigan ulamolar etishib chiqdilar. Ular Qur’oni Karim va Sunnat ta’limotlari asosida, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari uslubida aqiyda masalalarini yorita boshladilar. Ularga «Ahli sunna va jamoa» nomi berildi. Keyinroq, odamlarga tushunarli bo‘lishi uchun, matnlarni ta’viyl qilishga ham majbur bo‘lindi. Turli kitoblar bitildi. Ahli sunna va jamoaning aqiyda bobidagi ta’limotlari to‘planib, tartibga solindi. Nihoyat, aqiydaviy mazhab bo‘lib shakllandi va o‘z imomlariga ham ega bo‘ldi. «Ahli sunna va jamoa» ismi bundan avval ham bor edi. Ammo keyinroq, yuqorida nomlari aytib o‘tilgan turli firqalarga muqobil o‘laroq, ayni shu ismni ishlatila boshlandi. «Ahli sunna» deganda «sunnatga yurganlarning yo‘li va hadisga amal qiladiganlar» degan ma’nolarni ko‘zda tutilgan. Bu borada imom al-Ash’ariy va al-Moturidiy Ahli sunna va jamoaning aqiyda bo‘yicha imomlari deb tan olindilar. Bu ikki imom Islom olamining ikki tarafida – Ash’ariy basralik, Moturidiy samarqandlik bo‘lsa ham va bir-birlari bilan ko‘rishmagan bo‘lsalar ham, bir xil ishni bir xil vaqtda, bir xil tarzda ado etganlari hamda ikkovlarining birdaniga Ahli sunna va jamoa mazhabining imomi deb e’tirof qilinishi bu mazhabning aqiydasi doimo barcha yurtlarda ma’lum va mashhur ekaniga yorqin dalildir. IMOM ABULHASAN AL-ASh’ARIY Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhining nasablari ulug‘ sahobiy Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhuga borib taqaladi. U kishi Bag‘dodda yashab, o‘sha erda hijriy

-sanada vafot etganlar. Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi dastlab mo‘’taziliylarning boshlig‘i Abu Ali Jiboiydan dars olgan va kezi kelib o‘zi ham mo‘’taziliylarga bosh bo‘lgan. Keyin tavba qilib, mo‘z’taziliylarga qarshi bo‘lgan. Ularning ayblarini fosh qilgan va Ahli sunna va jamoaning imomi bo‘lishga erishgan. Imom Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi Ahli sunna va jamoa aqiydasi bo‘yicha bir necha kitoblar yozgan. Ulardan ba’zilarini eslab o‘taylik. 1. «Maqolatul islomiyyin». Imom Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi o‘zlarining bu kitoblarida Ahli sunna va jamoaning aqiydasini bayon qilib bergan. 2. «Al-Ibona». Imom Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi bu kitobda Ahli sunna va jamoaning mazhabini imom Ahmad ibn Hanbalning qavllari asosida bayon qilib, mo‘’taziliy va jahmiylarga raddiyalar qilgan. 3. «Risolatun ila ahlis-sag‘r». Imom Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi mo‘’taziliylarga ma’lum bir masalalarda raddiya qiladilar va o‘zlarining imom Ahmad mazhabida ekanlarini bayon qiladilar. Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi o‘zining mazkur uch kitobida oyat va hadislarni ta’viyl qilish yo‘liga o‘tmaydi. Salaf ulamolari, xususan, imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhining yo‘llarini tutadi. 4. «Al-Lama’». Imom Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi o‘zining bu kitobida avvalgi uch kitobidagidan boshqacha yo‘l tutib, aqliy dalilga ham e’timod qiladi. Shunday qilib, u kishi bu kitobda salaf ulamolari yo‘lidan emas, keyingi, ta’viyl yo‘lini tutganlar izidan boradi. Imom Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhining hayotlari va mazhablarini chuqur o‘rgangan ulamolardan shayx Muhammad Abu Zahra rahmatullohi alayhi quyidagi xulosalarni qiladilar: «Qur’oni Karim va hadisi sharifda kelgan aqiydalarni olgan va tushuntirishning barcha uslublarini qo‘llagan. Tashbihga oid oyatlarning zohirini – sirt­qi ma’nosini olgan. Ammo tashbihga o‘tmagan. U, Alloh taoloning bandalarning yuziga o‘xshamagan yuzi va U zotning maxluqotlarning qo‘liga o‘xshamagan qo‘li borligiga e’tiqod qilgan. Aqoidga ohod hadislardan hujjat keltirgan. Ahli havoning barchasidan, mo‘’taziliylardan chetda bo‘lgan. Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhining mazhabi o‘rtacha va mo‘’tadil mazhabdir. U kishi aqiydalarga dalil keltirishda ham naqldan, ham aqldan istifoda qilgan. Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi Alloh taoloning, Uning Rasullarining va oxirat kunining Qur’oni Karim va hadisi sharifda kelgan vasflarini sobit qiladi. Aqliy va mantiqiy dalillarni hujjat qilib keltiradi. Shuningdek, u kishi falsafiy masalalardan ham foydalangan. Chunki, Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhi mo‘’taziliylar, faylasuflar, qarmatiylar, botiniylar, rofiziylar va boshqalarga raddiyalar qilgan. Bu ishda esa, o‘shalarni qanoatlantirish va ziddilariga dalilni keltirish lozimdir». Imom Abulhasan Ali ibn Ismoil al-Ash’ariy rahmatullohi alayhining ishini davom ettiruvchilar ko‘p bo‘ldi. Ibn Asokir, Abu Ishoq Isfiroyiniy, Abu Bakr Qaffol, Hofiz Jurjoniy, Abu Muhammad Tobariy, Doroniy, Abu Bakr Boqilloniy, Abulqosim Qushayriy, Imomul Haramayni, Abu Homid G‘azzoliy, Faxrul Islom Shoshiy, Faxruddiyn Roziy kabi allomalar shular jumlasidandir. IMOM ABU MANSUR AL-MOTURIDIY Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy Samarqandda tug‘ilib, o‘sib, ta’lim olib, ijod qilib, shu erning o‘zida hijriy

-sanada vafot etgan. U kishi Hanafiy mazhabida bo‘lib, Imomi A’zamning shogirdlari imom Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhining ikki vosita ila shogirdlari bo‘lgan. Ya’ni, u kishining ustozlari imom Muhammadning shogirdlari bo‘lgan. Imom Abu Mansur al-Moturidiy rahmatullohi alayhi fuqaholar va muhaddislar chaqirgan narsaga chaqirgan. U kishi juda ham mashhur bo‘lib, Movarounnahrda barcha unga murojaat qilgan. Ular u kishidan fiqh, usuli fiqh va boshqa diyniy ilmlarni ta’lim olganlar. Imom Abu Mansur al-Moturidiy rahmatullohi alayhi usul bo‘yicha «Kitobul jadal»ni va fiqhda «Ma’oxizush-shariy’a»ni ta’liyf qilganidan keyin shuhrati yana ham oshib ketdi. Shundan keyin ilmi kalomda shuhrat qozonib, Xuroson ahli ushlagan mazhab sohibiga aylandi. Imom Abu Mansur al-Moturidiy rahmatullohi alayhining aqiydadagi mazhabi Abulhasan al-Ash’ariyning mazhabiga teng bo‘ldi. Imom Abu Mansur al-Moturidiy rahmatullohi alayhi o‘zining «Ta’viylotu ahlis-sunna» nomli tafsirida mo‘’tazila, xavorij, rofiza, karromiy, jahmiy, mushabbiha, munajjim, folbin va boshqalarning fikrlarini munoqasha qilgan va hammalariga raddiya bergan. U kishi Ahli sunna va jamoaning mazhabini qo‘llab-quvvatlagan. Sa’duddiyn Taftazoniy, imom Tohaviy, imom Umar Nasafiy, Faxrul Islom Bazdaviy, Ibn Humom va boshqa ulamolar aqoid ilmining moturidiya yo‘nalishida ko‘zga ko‘ringan ulamolaridan bo‘ldilar.

26 May 2022, 19:59 | Savol-javoblar | 195 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar