Tug‘ishgan ukam emikdosh singlimga uylanmoqchi

Shayx hazratlari, men go‘dakligimda onam sariq kasal bilan og‘rib qolganim uchun xolamni emganman. O‘shanda xolamning mendan bir yosh katta emizikli farzandi yoshiga etmay qazo qilgan ekan. Tabiiyki, xolamning farzandlari bilan aka-uka, aka-singil hisoblanaman. Shu kunlarda meni bir savol qiynamoqda. Mansur ismli ukam bor. Ota-onam uni uylantirish taraddudida. Bundan xursandman albatta. Biroq onam unga opasining, ya’ni meni emizgan ayolning qizini olib bermoqchilar. Ukamning ham bu nikohga mayli bordek. Oilada besh o‘g‘ilmiz. Men va ukam Jasur uylanib, farzandli bo‘lganmiz. Onamning 2 ta kelini bo‘lishiga qaramay, o‘zimning jigarimdan qo‘ymasin, senlarning xotinlaringdan ko‘ra qondoshimning bolasini kelin qilsam menga mehribonroq bo‘ladi deyaptilar. Meni esa boshim qotgan. Mening tug‘ishgan ukam emikdoshlik orqali menga singil maqomida bo‘lgan qizga uylanishi mumkinmi? "Zikr ahlidan so‘rang" nomli kitoblaringizdan, Islom. Uz saytida chop etilgan "EMIKDOShLIK MASALASI" nomli manbalarda emikdoshlik bilan bog‘lik ko‘pgina munozarali savollarga javob berilgan bo‘lsa-da, meniki kabi holatga berilgan javobni uchratmadim. Xato qilayotgan bo‘lsam O‘ZI kechirsin! Shayx hazratlari, ukam mening emikdosh singlimga, ya’ni xolamning qiziga uylanishi joizmi? Ular oila qurishsa, nikohlari harom yoki botil bo‘lib qolmaydimi? Javobingizni intiqlik bilan kutib qoluvchi muxlisingiz.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ukangiz emikdosh bo‘lmasa, joiz.

26 May 2022, 21:35 | Savol-javoblar | 148 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar