Assalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuh!!!

Assalomu alaykum shayh hazratlari!Yaqinda yangi tanishgan muslima dugonam o‘rtamizda bir savol tug‘ilib qoldi, ikkalamiz ikki yoqlik bo‘lib qoldik (ya‘ni savolga yondashishda). Savol "hijob" to‘g‘risida edi. Ushbu dugonam nega sizlar (ya‘ni Toshkentda turuvchi ba‘zi bir muslimalar) hijob atalmish kiyimilarni kalta holida kiyasizlar deb qoldi, ko‘ylakni uzun holda kiyish kerak, uzunligi to‘piqqacha borishi kerak deb, ajablandi. Avvaliga bu savoldan dovdirab qoldim, chunki o‘zimning ham kiyib olgan ko‘ylagim tizzamdan sal tushib turardi holos.Ushbu kaltalikdagi kiyimlarni kiyishlik umuman mumkin emas deb, so‘zini qaysidir hadisdan isbotladi (kechirasiz qaysi hadis ekanligini qayta so‘rab olmabman va mening aybimdir hadisga esda qolmaslik darajasida beparvo bo‘lishlik). Buni avvaliga kalta bo‘lsa ham (albatta o‘ta kaltalik bundan mustasnodir), avratni bekitib turibdi-ku, Qur‘onda Karimda faqat avrat joylarini berkitish, zeb-ziynatlarni ko‘rsatmaslik va ko‘krakni ro‘mol bilan to‘sish buyurilgan, kaltalik va uzunlik (ko‘ylakka nisbatan) zikr etilmagan-ku, demak farz emas degan hayolga borib, fikrimni aytdim. Undan tashqari endigina Islomga kirayotgan va amallab qo‘ldan kelgancha harakat qilayotgan muslimalarga nisbatan shiddatlilik bo‘lmaydimi deb achchiqlandim. Lekin avval kam-kam ichib keyin tashlab yuboraman amaliga teng bo‘lib qolmayaptimi berayotgan javobingiz degan gapi meni o‘ylantirib qoldi va savoli javobsiz qolib ketdi. O‘sha kundan beri o‘ylanaman, qaysi yo‘lni tanlash boyicha. Ishonamanki, beradigan javobingizdan ko‘nglim taskin topadi va ushbu libos to‘risidagi har-hil gaplarga nuqta qo‘yiladi.Yana bir savolim: Hozirda sotuvga ko‘plab qo‘yilgan turli biser va munchoqlar bilan bezatilgan hijob liboslarining hukmi qanaqa? Hamda, Quro‘ni Karimdagi "zebu ziynat" kalomi shu ma‘noda kelganmi? Javoblaringiz ushun oldindan tashakkur!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Islomda ayol kishiga zebu ziynat halol qilingan. Chunki chiroyli bo‘lishga urinish har bir ayolning tabiatida bor. Alloh ularni shunday qilib yaratgan. Har bir ayol chiroyli ko‘ringisi keladi. Zamon o‘tishi bilan ziynat o‘zgarishi mumkin, ammo ayol kishining ziynatga bo‘lgan rag‘bati o‘zgarmaydi. Islom ayol kishidagi ushbu rag‘batni e’tiborga oladi. Ayol kishiga ziynatlanishga ruxsat beradi. Shu ma’noda erkaklarga harom qilingan tilla, kumush va shoyi ipaklar ayollar uchun haloldir. Lekin Islomda ushbu zebu ziynatning ta’sir doirasi tartibga solingan. Ayollarning zebu ziynatlari nomahram–begona erkaklarning ko‘zini o‘ynatishga, shahvoniy hislarini qo‘zg‘ashga, fitna chiqishiga va zinoga yo‘l ochilishiga sabab bo‘lmasligi kerak. Ayol kishi shuning uchun ushbu oyatga amal qilib, ziynatini nomahramlardan berkitmog‘i lozim. Alloh taolo «Nur» surasida:«Sen mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, magar zohir bo‘lgan ziynatlar bo‘lsa (mayli). Ro‘mollarini ko‘ksilariga to‘sib yursinlar», degan (31-oyat).Zohir bo‘lgan ziynatlar deganda namozda yuz, ikki qadam va ikki kaft anglanadi. Namozdan tashqarida ikki qadam ham avratdir.«Ro‘mollarini ko‘ksilariga to‘sib yursinlar».Ya’ni, boshlariga o‘ragan ro‘mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko‘ksilari va ko‘kraklarini ham to‘sib tursin. Imom Abu Dovud Oyisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda u zotning oldilariga opalari Asma binti Abu Bakr yupqa kiyim bilan kirganlarida, u erda o‘tirgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlarini o‘girib olganlar va: «Ey Asma, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», deb ikki kaftlari va yuzlariga ishora qilganlari aytilgan.Ibn Jarir Tabariy o‘z tafsirlarida Oyisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilarki: «Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girdilar. Men: «Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz», dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ayol kishi balog‘atga etgandan keyin undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas», deb o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi».Demak, mazkur avrat joylarni namozda to‘sib o‘qish farzdir.Avratni to‘sish deganida shariat talabiga binoan to‘sish ko‘zda tutilgan. Bunda avratni to‘sadigan narsaga quyidagi shartlar qo‘yilgan:1. Kiyim badanning rangini bilintirmaydigan darajada qalin bo‘lishi lozim.2. Kiyim badanning hamma tarafini to‘sishi lozim. Biror tarafi ochilib qolsa ham bo‘lmaydi.3. Kiyim badanga yopishib uni vasfini bilintirib turadigan bo‘lmasligi kerak.Ko‘rinib turibdiki, gap ko‘ylak deb ataladigan kiyimda emas.

28 Aprel 2022, 23:02 | Savol-javoblar | 163 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar