Xotiniga murosaa qilish uchun yo‘g‘on gap va va’da berish berish

Ba’zi birodarlarimiz xotinga yo‘g‘on gapirish muboh deb hisoblashadilar. Masalan: 1)Bir kishining xotinining fe’li juda og‘ir murosa qilib yashashi uchun qop-qop va’dalar berib turadi. Aslida amalda uni bajara olmasligini juda yaxshi bilsa ham, janjal vaqtida berilgan va’dalar samara berib, ma’lum vaqtgacha tinchlik saqlanadi. 2)Xotinni ko‘nglini olish uchun yo‘g‘on ishlatish. Masalan: Chimildiqda-“Senga falon narsa olib beraman, falon narsa qilib beraman”- deb (bir kishi Rossiyaga ketishdan oldin xotiniga senga ikki qavatli uy qurib beraman deb va’da berib ketgani va o‘sha kelinchakni ko‘chadagi ayollarga maqtanib yurganini ko‘rganman. Astag‘firulloh! ). Aslida bunday va’dalar qiz bolani ko‘nglini olish uchun to‘ydan oldingi noshar’iy uchrashuvlar asnosidan boshlanadi. 3)Totuv yashayotga oilalarda er xotinga va xotin erga yo‘g‘on hazilni ko‘p qilishi. Shunday holatlarda yo‘g‘on gap va va’da muboh holati bormi?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Ummu Kulsum binti Uqba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bu ayol Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan birinchi muhojiralardan bo‘lgan edi. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Odamlar orasini isloh qilgan kazzob emas. Xayrni aytadi va xayrni etkazadi», deganlarini eshitgan ekan. «Men u zotning odamlar «yolg‘on» deydigan uch narsadan boshqaga ruxsat berganlarini eshitmaganman: urush, odamlar orasini isloh qilish hamda erning xotiniga va xotinning eriga gapirishi», dedi u». To‘rtovlari rivoyat qilganlar. Abu Dovudning lafzida: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uch narsadan boshqada yolg‘onga ruxsat berganlarini eshitmaganman. «Uni yolg‘onchi deb hisoblamayman» der edilar: odamlar orasini isloh qilgan odamni. U bir gapni aytsa, unda islohdan boshqani iroda qilmaydi. Urushda (hiyla uchun) so‘z so‘zlagan kishini va xotiniga so‘z aytgan erni hamda eriga so‘z aytgan xotinni», deyilgan. Sharh: Islomda yolg‘on harom va katta gunoh hisoblansa ham, undan kattaroq zararni qaytarish uchun istisno tariqasida uch holatda yolg‘on ishlatishga ruxsat berilgan. 1. Odamlar orasini isloh qilish. Musulmonlarning bir-birlari bilan urishib yurishlari juda ham yomon ish. Bu yomon ish oqibatida insonlar va jamiyatlar orasi buziladi. Kishilarning bir-birlari bilan xusumatlashishlari, urishishlari barcha balo-ofatlarning boshidir. Shuning uchun bu holat paydo bo‘lishi bilan qanday qilib bo‘lsa ham, uni bartaraf qilishga o‘tmoq zarur. Bu yo‘lda hatto yolg‘on gapirishga ham ruxsat bor. Chunki odamlarning orasini isloh qilish uchun yolg‘on gapirgan odam faqatgina yaxshilik uchun yolg‘on gapiradi. 2. Urushda g‘alaba qilish uchun. Dushman bilan bo‘layotgan qurolli qarama-qarshilik hayot-mamot jangi bo‘ladi. Bu jangda dushman qo‘lidan kelgan barcha ishlarni, jumladan, yolg‘onni ham ishga soladi. Agar askar engilsa, barcha ummat va millat dushman asorati ostida qoladi. Shuning uchun ham ko‘pchilikning manfaati yo‘lida dushmanni dog‘da qoldirish uchun yolg‘on gapirishga ruxsat berilgan. 3. Oilaning ahilligini saqlab qolish uchun. Har bir jamiyatda oilaning ahilligi alohida ahamiyat kasb etadi. Ahil oilada o‘sgan bolalar salohiyatli fuqaro bo‘lib o‘sadilar. Ota-onaning janjallari sadosi ostida o‘sgan bolalar esa salohiyatli fuqaro bo‘lishlari qiyin. Shuning uchun ham er-xotin orasidagi o‘zaro ahillik juda ham muhimdir. Ana o‘sha ahillikni saqlab qolish maqsadida er-xotinga bir-birlariga yaxshi ma’noda yolg‘on gap aytishlariga ruxsat berilgan. Istisno tariqasida ruxsat berilgan ushbu uch holatdan boshqa hollarda yolg‘on gapirish mumkin emas. Albatta, siz aytgandek rostdan yolg‘onni ko‘paytirb yuborishga ruxsat yo‘q.

26 May 2022, 22:35 | Savol-javoblar | 159 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar