Kabrlarni buzib-tekislash haqida xadis bormi?

Ba’zi toifalar kabrlarni buzib tashlashni vojib deb bilasharkan. Ularning bu akiydalariga dalil bo‘lgan xadisni bildirsangiz. Ularning ziddiga biz kanday dalil keltira olamiz?
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Qabrlarni emas, qabrlar ustiga qurilgan binolarni. Abul Hayyaj roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Menga Ali ibn Abu Tolib: «Seni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni yuborgan narsa bilan yuboraymi? ! Birorta timsolni qo‘ymay, yo‘q qilasan. Birorta ko‘tarilgan qabrni qo‘ymay, tekislaysan», dedi». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Sharh: Avvalo roviy Abul Hayyaj roziyallohu anhu bilan yaqindan tanishib olaylik: Abul Hayyaj kunyasi bilan mashhur bo‘lgan bu sahobaning ismlari Habbon ibn Husayn Asadiy al-Kufiydir. Bu zot hadis ilmida ishonchli deb tan olingan tobe’inlardan bo‘lib, Ammor roziyallohu anhuning kotibi edilar. Hadislarni Ali va Ammor roziyallohu anhulardan rivoyat qildilar. Bu zotdan ikki o‘g‘illari Jarir va Mansur, Abu Voil, Sha’biylar rivoyat qilganlar. Johiliyat davrida turli haykallarga, butu sanamlarga, hayvon shaklidagi timsollarga, qabrlarga sig‘inish avj olganligi ma’lum. Islom aqiydasi bu narsalarni yo‘q qildi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni haykallarni yo‘qotish va qabrlarni tekislash uchun yuborganlari mashhur voqea. Ushbu rivoyatda esa hazrati Ali roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarini qaysi vazifa bilan yuborgan bo‘lsalar, Abul Hayyaj roziyallohu anhuni ana shu vazifa bilan yuborganlari haqida so‘z ketmoqda. Islomda jonli narsalarning haykali haromdir. Chunki bu ish aqiydaning buzilishiga olib kelishi mumkin. Bunga haykal va suratlarga sig‘inish haqidagi tarixiy manbalar guvoh. Rivoyatlarda bayon qilinishicha, o‘tgan qavmlarda ahli solih kishilar olamdan o‘tsa, ularni eslab turish uchun suratlari chizilgan yoki ularga haykallar qo‘yilgan. Birinchi avlod ularni to‘g‘ri ma’noda hurmat bilan eslab turgan. Keyingi avlodlar otalarimiz bularni hurmat qilar edi, deb, o‘zlaridan boshqa narsalarni qo‘shib, surat va haykallarning ehtiromini yana ham ziyoda qilishgan. Shunday davom etib borib, bir necha avloddan so‘ng mazkur surat va haykallarga ibodat qilish boshlangan. Ana o‘sha achchiq tajriba yuzasidan Islomda jonli narsalarning haykallarini yasash va suratlarini chizish man qilingan. Qabrlarga sig‘inish ham qabrlarni ziynatlash, ularning ustiga turli binolar qurish tufayli kelib chiqqan. Shuning uchun ham shariatimizda qabrlarni baland ko‘tarishga ruxsat yo‘q. Jumhur ulamolar, jumladan, Imom Abu Hanifa, Imom Molik va Imom Ahmadlar «Qabrning ustidagi tuproqni tuyaning o‘rkachiga o‘xshatib, bir qarich miqdorda ko‘tarsa bo‘ladi. Chunki Sufyon at-Tammordan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabri shariflari shunday ekanligi rivoyat qilingan», deganlar.

26 May 2022, 23:10 | Savol-javoblar | 150 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar