"Tavba" 108-oyat

Assalomu alaykum va raxmatulloxu va barakatux! "Tavba" surasi 108-oyatdan iqtibos: "Sen u(masjid)da xech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging xaqdir...", Xazrat iltimos shu iqtibosni aniq va kengror tushuntirib bersangiz. Allox sizdan rozi bulsin, tashakur!
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- “Tafsiri Hilol”ni o‘qiganingizda meni ham, o‘zingizni ham ovora qilmagan bo‘lar edingiz. Mana endi, men siz uchun o‘zim bir necha yillar yozib qo‘ygan narsamni sizga alohida izlab, topib yuborishga majbur bo‘lmoqdaman.Keyingi oyatlarda esa, o‘sha toifalarga mansub, ammo alohida ta’kidlash lozim bo‘lgan ba’zi guruhlar haqida so‘z ketadi. Yana o‘sha guruhlardan biri: Masjidul Ziror – ziyon masjidi, deb nomlangan masjidni qurgan o‘n ikki kishilik munofiqlar guruhi edi. Masjidul Ziror qissasi Tabuk g‘azotiga bog‘liq hodisalar ichida eng mashhurlaridan biridir.Imoduddin ibn Kasir roziyallohu anhu o‘z tafsirlarida mazkur masjid va unga bog‘liq kelasi oyatlarning nozil bo‘lishi haqida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madiynaga kelishlaridan oldin u joyda Xazraj qabilasidan Abu Omir Rohib ismli bir odam bor edi. U johiliyat paytida nasroniylikni qabul qilgan, ahli kitoblarning ilmini ham o‘rgangan edi. Johiliyat vaqtida o‘zicha ibodat qilib ham yurardi. U Xazraj qabilasida katta obro‘ga ega edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madiynaga hijrat qilib kelib, musulmonlar U zot sollallohu alayhi vasallamning atroflarida to‘planib, Islomning sha’ni ko‘tarilib, Alloh ularni Badr urushi kuni zafar quchdirganida, la’nati Abu Omir Rohib ochiqdan-ochiq dushmanlik qila boshladi. Qochib chiqib, Makka kofirlari oldiga bordi. Quraysh mushriklarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarshi urushga chorladi. Ular o‘zlariga qo‘shilgan arab qabilalari bilan Uhud urushiga keldilar. Musulmonlarga nima bo‘lsa, bo‘ldi. Alloh ularni imtihon qildi. Oqibat taqvodorlarniki bo‘lib chiqdi. Mazkur fosiq o‘sha urushda ikki tomon orasiga chuqurlar qazib qo‘ygan edi. O‘sha chuqurlarning biriga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yiqilib tushdilar. U kishiga musiybat etdi. Yuzlari jarohatlandi, tishlari sindi, boshlari yorildi. Urush boshlanishidan oldin Abu Omir ansoriylar orasidagi qavmiga xitob qilib, ularni yordam berishga, uning gapiga kirishga chaqirdi. Ular esa, uning gapini eshitib:«Alloh seni ko‘zimizga ko‘rsatmasin! Ey fosiq, Yo Allohning dushmani», – deb uni so‘kdilar. U: «Mendan keyin qavmimga yomonlik etibdi», – deb orqasiga qaytdi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qochib ketishidan oldin Allohning yo‘liga da’vat qilib, unga Qur’on o‘qib bergan edilar. U esa, bosh egmay, Islomni qabul qilmay ketgan edi. Shunda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni uzoq joylarga quvg‘inda bo‘lishini so‘rab duo qilgan edilar. Duo quyidagicha ijobat bo‘ldi. Odamlar Uhud urushini tamom qilganlaridan so‘ng, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ishlari rivoj topib ketayotganini ko‘rgan Abu Omir Rum podshosi Herakl oldiga qochib borib, undan musulmonlarga qarshi yordam so‘radi. Herakl unga joy berdi, yordam qilishga va’da berdi. Shunda, Abu Omir ansoriylar ichidagi o‘z qavmidan bo‘lgan munofiqlarga xat yozib, askar bilan kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni engishini aytdi. Ularga turli va’dalar berdi. Hamda ularga biror markaz bo‘ladigan joy qurishni buyurdi. Toki, undan xat olib boradiganlar o‘sha joyda uchrashsinlar. Keyinroq o‘zi kelganda ham o‘sha maskan kuzatish joyi bo‘lsin. Bu xatdan keyin haligi munofiqlar Qubo masjidi yaqinida bir masjid qura boshladilar. Uni yaxshilab bitirdilar. Qurilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqishlaridan avval bitdi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, o‘zlarining masjidlarida namoz o‘qishlarini so‘rashdi. Bu bilan munofiqlar U kishining qo‘llashlariga va iqrorlariga erishmoqchi edilar. Ular masjidni, qish kunlarida zaifhol va bemor kishilar namoz o‘qib tursinlar deb, qurganliklarini aytdilar. Ammo, Alloh Nabiy sollallohu alayhi vasallamni unda namoz o‘qishdan O‘zi asradi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Men safarga jo‘nab turibman, agar qaytib kelsak, inshaalloh», – dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Tabukdan qaytib kelayotganlarida Madiynaga bir kunlik yoki undan ozroq masofa qolganda Jabroil alayhissalom Masjidul Zirorning xabarini olib tushdi. Uni bino qiluvchilar masjidlarida mo‘minlar jamoasi orasiga tahlika solish niyatida ekanliklarini bildirdi. Qubo masjidi birinchi kundan boshlab taqvo asosida qurilganini xabar qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari Madiynaga kirishlaridan oldin u masjidni buzib qo‘yishni topshirib odamlar yubordilar».Quyida Jabroil alayhissalom olib kelgan mazkur oyatlarni o‘rganishga kirishamiz:«Zarar etkazish, kufr, mo‘minlar orasiga tafriqa solish va ilgari Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani kutib olish uchun masjid qurganlar ham bor. Ular: «Biz, albatta, yaxshilikdan boshqani iroda qilganimiz yo‘q», deb qasam icharlar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir.»Tavba 107Mazkur munofiqlar qurgan masjiddan hech qanday foyda yo‘q edi. Chunki, ular o‘z masjidlarini Muhammad sollallohu alayhi vasallam birinchi bo‘lib tiklagan Qubo masjidi yonida qurgan edilar. Shuning uchun, bu masjid Masjidul Ziror – ziyon masjidi, deb nomlandi.Bu masjidning kufr uchun qurildi deyilishiga sabab munofiqlar uni o‘zlariga markaz qilib, kufr ishlarini rivoj toptirish maqsadida edilar.«mo‘minlar orasiga tafriqa solish» esa, Qubo masjidi turib bu masjidning bino qilinishi oqibatida bir masjidda namoz o‘qib turgan kishilar ikkiga bo‘linib, oralariga tafriqa tushishi ko‘zlanganligini bildiradi.«...ilgari Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani kutib olish uchun»dan murod Abu Omir Rohib va unga o‘xshagan Islom dushmanlaridir. Munofiqlar yuqoridagi maqsadlar bilan masjidni qurganlar, lekin o‘zlari:«Biz yaxshilikdan boshqa narsani iroda qilganimiz yo‘q», – deb qasam icharlar».Munofiqlarning mashhur belgisi ana shu. O‘z yolg‘onlarini va yomon niyatlarini xaspo‘shlash uchun hech tap tortmay qasam ichaveradilar. Bu safar ularni Alloh taolo O‘zi oyat indirib, guvohlik berib sharmanda qildi.«Alloh shohidlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir».Oyati karima ma’lum shaxslar, ma’lum masjid sababli tushgan bo‘lsa ham, uning ma’nosi umumiydir. Munofiq va kofirlar barcha joylarda va barcha zamonlarda Islomga ziyon etkazish uchun, kufrni rivojlantirish uchun, mo‘min-musulmonlar orasiga tafriqa solish uchun, Alloh va Uning Rasuliga urush ochganlarga kuzatish joyi bo‘lishi uchun ko‘plab Masjidul Zirorlar qurganlar. Bu holat dinsiz davlatlardagi masjid va diniy muassasalar misolida juda ham ravshan namoyon bo‘lgan.Keyingi oyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamga va U kishi orqali U zotga ergashgan mo‘minlarga xitobdir.«Sen u(masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjid unda turmoqliging uchun haqlidir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa, poklanuvchilarni sevadir».Tavba 108Islomga ziyon etkazish, kufrga xizmat qilish, mo‘minlar orasiga tafriqa solish, Allohga va Uning Rasuliga qarshi urushadiganlarning kuzatuv joyi qilish niyatida qurilgan masjidda namoz o‘qish hech qachon Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va mo‘minlarga to‘g‘ri kelmaydi. Ularga eng loyiq joy bor. O‘sha Masjidul Zirorning yonginasida dunyoda birinchi bo‘lib Nabiy sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan taqvo asosida qurilgan Qubo masjidi turibdi.«Unda poklanishni sevadigan kishilar bor».Gunohlardan pok bo‘lish uchun namoz o‘qiyotgan, tilovat, zikr qilayotgan, e’tikof o‘tirgan kishilar bor.«Alloh esa, poklanuvchilarni sevadir».Albatta, ular bilan bularning orasidagi farq osmon bilan ercha. Buni tushunib etish kerak.

27 May 2022, 02:12 | Savol-javoblar | 197 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar