MUSHUK YEGAN TAOM

Hurmatli ustoz agar taom(go‘st,sut,non)ga mushuk og‘zi teksa shu taom harom bo‘ladimi DINIY VA DUNYOVIY ISHLARINGIZGA OLLOH BARAKA BERSIN UMINGIZNI ZIYODA QILSIN
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Kabsha binti Ka’b roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «U kishi aytadilar: «Abu Qatoda (uyimizga) kirdi. Men uning tahoratiga suv quyib berdim. Bas, bir mushuk kelib, undan ichdi. U esa unga ichib olishi uchun idishni engashtirib tutdi. Bas, u o‘ziga nazar solayotganimni ko‘rdi va: «Ey birodarimning qizi, ajablanyapsanmi?» dedi. Men: «Ha», dedim. U: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, u (mushuk) najas emas, u sizlarning atrofingizda aylanib yuruvchilardandir», deganlar, dedi».«Sunan» egalari rivoyat qilishgan.Rivoyatda ismlari kelgan Abu Qatoda roziyallohu anhu Kabsha roziyallohu anhoga qaynata bo‘ladilar. Abu Qatoda u kishining kuniyalari bo‘lgan, ismlari Hars ibn Rob’i Ansoriydirlar. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning otlariga qaraydigan bo‘lganlar.Demak, bu rivoyatda kelgan hodisa qaynata bilan kelin orasida bo‘lib o‘tgan. Bu haqda Kabsha roziyallohu anho quyidagilarni aytadilar: «Abu Qatoda (uyimizga) kirdi. Men uning tahoratiga suv quyib berdim». Arablarda qaynatam, qaynanam kabi so‘zlar kam ishlatiladi. Ular ko‘proq ismni yoki kuniyani ishlatishga odatlanganlar. Kabsha roziyallohu anho ham qaynotalarini kuniyasi ila atamoqdalar. Demak, Abu Qatoda roziyallohu anhu uyga kirib, tahorat qilmoqchi bo‘lganlar va kelinlari Kabsha roziyallohu anho u kishiga tahorat suvi qu¬yib berganlar. Bu o‘sha vaqtdagi mo‘mina-muslima kelinlarning odob-axloqlari, qaynotalarini hurmat qilishlari, ularning xizmatlarini qilishlaridan dalolat beradi.«Bas, bir mushuk kelib, undan ichdi. U esa unga ichib olishi uchun idishni engashtirib tutdi». Mushuk kelib, tahorat uchun tayyorlangan suvdan ichmoqchi bo‘ldi. Abu Qatoda roziyallohu anhu mushuk suv ichishi oson bo‘lsin uchun idishni engashtirib unga tutdi.«Bas, u unga nazar solayotganimni ko‘rdi va:«Ey birodarimning qizi, ajablanyapsanmi?» dedi. Men: «Ha», dedim». Shu erda ham kelinning odobi zohir bo‘lmoqda. Kabsha binti Ka’b roziyallohu anho qaynotalari tahorat suvini mushukka tutib berishini ko‘rib, hozirgi ba’zi kelinlarga o‘xshab bidirlab ketmadilar. Balki indamay, savol nazari bilan qarab turdilar. Qaynota o‘z kelini ajablanayotganini anglab: «Ey birodarimning qizi, ajablanyapsanmi?» dedi. Arablarda shunga o‘xshash «Ey birodarimning o‘g‘li» istilohi ham ko‘p ishlatiladi. Odobli kelin gapni cho‘zmay, qisqa qilib, «ha», dedi. Bu ajablanishda: «Mushukka tahorat suvini tutib berib, undan qolgan suv bilan tahorat qilsa, bo‘laveradimi?» degan savol bor edi.Abu Qatoda roziyallohu anhu nima uchun shunday qilganlarini quyidagicha bayon etib berdilar:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, u (mushuk) najas emas, u sizlarning atrofingizda aylanib yuruvchilardandir», deganlar», dedi. Ya’ni, mushuk uy hayvoni bo‘lgani uchun doimo atrofingizda aylanib turadi, shuning uchun uning og‘zi tekkan narsa nopok bo‘lib qolmaydi, deganidir.Bu hadisdan olinadigan foydalar:1. Kelinlarning odobi va qaynatalariga xizmat qilishlari lozimligi.2. Birovga boshqa odam tahorat suvi quyib berishi joizligi.3. Odob yuzasidan savol bermay, savol nazari bilan qarab turish, ayniqsa, kelinlar uchun yaxshi ekani.4. Savol nazari bilan qarab turgan kishiga javob berish kerakligi.5. Mushukning najas emasligi.6. Mushuk tekkan suvda tahorat qilish mumkinligi.7. Islomning musulmonlarga engillik yaratishi.Shu bilan birga, bu va boshqa hadislarda mushuk tekkan suv haqidagi rivoyatlar ma’lum holatlarga asoslanganini va mushuk sichqon hamda unga o‘xshash narsalarni eyishi e’tiboridan ulamolarimiz mushuk tekkan suv makruh, deganlar. Ya’ni, mushuk tekkan suvdan boshqa suv bo‘lsa, o‘sha boshqa suvda tahorat qilish yaxshiroq, deganlar.

27 May 2022, 03:15 | Savol-javoblar | 194 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar