Insonni yashashdan maqsadi nima

Assalomu alaykum! Musulmon kishining bu xayotda yashashdan asl maqsadi nima bo‘lishi kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu dunyo 1-2 kunlik safar. Asosiy hayot esa oxirat hayotidir. Kishi har bir ishda oxiratdagi joyini tayyorlashga harakat qilishi kerak. Buning uchun insonning shaxsiy harakatlari kifoya qilmaydi. Shuning uchun o‘zidan keyin davom etib turadigan ishlarga ham harakat qilish kerak. عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: بَيْنَمَا ثَلَاثَةُ نَفَرٍ يَمْشُونَ أَخَذَهُمُ الْمَطَرُ فَأَوَوْا إِلَى غَارٍ فِي جَبَلٍ فَانْحَطَّتْ عَلَى فَمِ غَارِهِمْ صَخْرَةٌ مِنَ الْجَبَلِ فَانْطَبَقَتْ عَلَيْهِمْ، فَقَالَ بَعْضُهُمْ لِبَعْضٍ: انْظُرُوا أَعْمَالًا عَمِلْتُمُوهَا صَالِحَةً ِللهِ فَادْعُوا اللهَ بِهَا لَعَلَّهُ يُفَرِّجُهَا عَنْكُمْ. قَالَ أَحَدُهُمْ: اللَّهُمَّ إِنَّهُ كَانَ لِي وَالِدَانِ شَيْخَانِ كَبِيرَانِ وَلِي صِبْيَةٌ صِغَارٌ كُنْتُ أَرْعَى عَلَيْهِمْ فَإِذَا رُحْتُ عَلَيْهِمْ حَلَبْتُ فَبَدَأْتُ بِوَالِدَيَّ أَسْقِيهِمَا قَبْلَ بَنِيَّ وَإِنِّي اسْتَأْخَرْتُ ذَاتَ يَوْمٍ فَلَمْ آتِ حَتَّى أَمْسَيْتُ فَوَجَدْتُهُمَا نَائِمَيْنِ فَحَلَبْتُ كَمَا كُنْتُ أَحْلُبُ فَقُمْتُ عِنْدَ رُءُوسِهِمَا أَكْرَهُ أَنْ أُوقِظَهُمَا وَأَكْرَهُ أَنْ أَسْقِيَ الصِّبْيَةَ وَالصِّبْيَةُ يَتَضَاغَوْنَ عِنْدَ رِجْلَيَّ حَتَّى طَلَعَ الْفَجْرُ فَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنِّي فَعَلْتُهُ ابْتِغَاءَ وَجْهِكَ فَافْرُجْ لَنَا فُرْجَةً نَرَى مِنْهَا السَّمَاءَ فَفَرَجَ اللهُ فَرَأَوُا السَّمَاءَ. وَقَالَ الْآخَرُ: اللَّهُمَّ إِنَّهاَ كَانَتْ لِي بِنْتُ عَمٍّ أَحْبَبْتُهَا كَأَشَدِّ مَا يُحِبُّ الرِّجَالُ النِّسَاءَ وَطَلَبْتُ مِنْهَا فَأَبَتْ حَتَّى آتِيَهَا بِمِائَةِ دِينَارٍ فَبَغَيْتُ حَتَّى جَمَعْتُهَا فَلَمَّا وَقَعْتُ بَيْنَ رِجْلَيْهَا قَالَتْ: يَا عَبْدَ اللهِ اتَّقِ اللهَ وَلَا تَفْتَحِ الْخَاتَمَ إِلَّا بِحَقِّهِ فَقُمْتُ فَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنِّي فَعَلْتُهُ ابْتِغَاءَ وَجْهِكَ فَافْرُجْ عَنَّا فُرْجَةً فَفَرَجَ. وَقَالَ الثَّالِثُ: اللَّهُمَّ إِنِّي اسْتَأْجَرْتُ أَجِيرًا بِفَرَقِ أَرُزٍّ فَلَمَّا قَضَى عَمَلَهُ قَالَ: أَعْطِنِي حَقِّي فَعَرَضْتُ عَلَيْهِ فَرَغِبَ عَنْهُ فَلَمْ أَزَلْ أَزْرَعُهُ حَتَّى جَمَعْتُ مِنْهُ بَقَرًا وَرُعَاتَهَا فَجَاءَنِي فَقَالَ: اتَّقِ اللهَ فَقُلْتُ: اذْهَبْ إِلَى تِلْكَ الْبَقَرِ وَرُعَاتِهَا فَخُذْ فَقَالَ: اتَّقِ اللهَ وَلَا تَسْتَهْزِئْ بِي فَقُلْتُ: إِنِّي لَا أَسْتَهْزِئُ بِكَ فَخُذْ فَأَخَذَهُ فَإِنْ كُنْتَ تَعْلَمُ أَنِّي فَعَلْتُ ذَلِكَ ابْتِغَاءَ وَجْهِكَ فَافْرُجْ مَا بَقِيَ فَفَرَجَ اللهُ، وَفِي رِوَايَةٍ: فَخَرَجُوا يَمْشُونَ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Uch nafar kishi yo‘lda ketayotgan ekanlar, yomg‘irda qolibdilar. Tog‘dagi g‘orga kirib olibdilar. Bas,
(ularning g‘origa) tog‘dan bir xarsang tushib, chiqar yo‘llarini to‘sib qolibdi. Ular bir-birlariga:
«Alloh uchun qilgan solih amallaringizga bir nazar solib, ularni vasila qilib Allohga duo qilinglar, shoyadki, sizlarga kushoyish bersa», debdilar.
Ulardan biri:
«Allohim! Albatta, mening qari ota-onam bor edilar. Mening kichik yoshdagi bolalarim ham bor edi. Ularga g‘amxo‘rlik qilardim. Ularning oldiga qaytib kelsam sut sog‘ib, bolalarimdan oldin ota-onamga ichirar edim. Bir kuni kech qolib, kechasigacha kela olmadim.
(Kelib), ikkovlarini uxlab qolganlarini ko‘rdim. Odatdagidek, sut sog‘dim va ota-onam ikkovlarining bosh taraflarida uyg‘otib yubormay, deb kutib turdim. Bolalarga ichirishni ham ep ko‘rmadim. Bolalar ochlikdan oyog‘im ostida qichqirishar edi. Tong otguncha shu holda turdim. Agar Sen shu ishni Sening roziligingni tilab qilganimni bilsang, bizga bir tirqish ochgin, osmonni ko‘raylik», dedi.
Bas, Alloh tirqish ochdi. (Undan) osmonni ko‘rdilar.
Boshqasi esa: «Allohim! Amakimning qizi bor edi. Men unga erkaklar ayollarga eng ashaddiy muhabbat qo‘yishlaridek muhabbat qo‘ygan edim. Bas, undan talab qildim. U (qiz) bosh tortdi. U o‘ziga yuz dinor berishimni so‘radi. Men urinib u(pul)ni jamlab kelib, uni ikki oyog‘i orasiga tushganimda qiz:
«Ey Allohning bandasi! Allohdan qo‘rq! Uzukni (pardani) haqqini bermasdan (nikohsiz) ochma!» dedi.
Shunda, men o‘rnimdan turdim. Agar shu ishni Sening roziligingni tilab qilganimni bilsang, bizga
(yana ham kattaroq) tirqish och», dedi.
Bas, yana tirqish ochdi.
Uchinchi kishi: «Allohim! Men bir faraq guruchga mardikor yollagan edim. U ishni bajarib bo‘lganidan so‘ng:
«Haqqimni ber», dedi.
Men unga haqqini ko‘rsatdim. U olishga rag‘bat qilmadi. Men o‘sha (guruch – sholi)ni ekishda davom etaverdim. Undan bir qancha sigir va molboqarlar orttirdim. U qaytib kelib:
«Allohdan qo‘rq!» dedi.
Men unga:
«Bor, anavi sigirlar molboqarlari bilan seniki, olaver», dedim. U:
«Allohdan qo‘rq! Meni istehzo (masxara) qilma!» dedi.
«Seni istehzo qilayotganim yo‘q, olaver», dedim.
U oldi. Agar men shu ishni Sening rozilingni tilab qilganimni bilsang, qolgan qismini ham ochib yubor», dedi.
Bas, Alloh ochib yubordi», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Chiqib, yurib ketdilar», deyilgan.
Ikki Shayx va Nasaiy rivoyat rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharif Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda.
Qisqa uslubda bayon etilgan bu go‘zal hadisda ixlos bilan qilingan yaxshi amal nafaqat oxiratda, balki bu dunyoda ham foyda berishi haqida so‘z ketmoqda. Mo‘min-musulmon bandaning solih amali bu dunyodayoq uning boshidan ba’zi mushkullarni ko‘tarib, kushoyish berishi mumkinligi bildirilmoqda.
Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam Islom ta’limotlarini kishilarga ana shunday – ular tushunishi oson bir tarzda bayon qilishga harakat etar edilar. Kezi kelganda o‘ta balog‘atli va fasohatli va’z so‘zlab, hammani yig‘latar, qalblarni larzaga solar edilar. Kezi kelganda o‘tgan ummatlardan misollar keltirar edilar. Ushbu biz o‘rganayotgan hadisimizda esa, bayon qilish lozim bo‘lgan ma’no ba’zi kishilar boshidan o‘tgan qissa shaklida taqdim etilmoqda. Albatta, bu uslubning o‘ziga yarasha ta’siri bor. Bu shaklda bayon etilgan ma’noni kishilar tushunishlari osonroq, undan ta’sirlanishlari kuchliroq bo‘ladi.
Uch kishi yo‘lda ketayotib yomg‘irda qolibdilar. Yomg‘irdan qochib tog‘dagi bir g‘orga kiribdilar. Tog‘dan bir katta xarsang tosh dumalab tushib, ular o‘tirgan g‘orning og‘zini to‘sib qolibdi. Uch musofir juda qiyin ahvolda qolibdilar. Atrofda hech kim yo‘q, o‘zlari tog‘dagi g‘orning ichidalar. Birovni yordamga chaqirish ham mumkin emas. Ulkan tosh tushib, g‘orning og‘zini berkitib qo‘ygan. Uni dumalatish yoki surishga qanday qurblari etsin! Allohga yolvorishdan boshqa hech qanday ilojlari yo‘q. Ammo Allohga yolvorish ham turlicha bo‘ladi. Alloh taolo bandaning qaysi bir yolvorishini tezroq qabul qiladi? Ular o‘z holatlaridan kelib chiqqan holda o‘ylab-o‘ylab, bir qarorga kelibdilar.
«Ular bir-birlariga: «Alloh uchun qilgan solih amallaringizga bir nazar solib, ularni vasila etib, Allohga duo qilinglar, shoyadki, sizlarga kushoyish bersa», debdilar».
Ular Alloh taologa quruqdan-quruq yolvorishni o‘zlariga ep ko‘rmadilar. Hayotlarida Alloh uchun qilgan solih amallarini vasila eta turib, U zotdan omonlik so‘rashni ma’qul topdilar.
Birinchi kishi o‘zining qarib qolgan ota-onasiga Alloh uchun chin ixlos bilan qilgan hurmat-ehtiromi va xizmatini vasila etishga qaror qilibdi. U kishining qari ota-onasi bilan birga yosh bolalari ham bor ekan. Har kuni kundalik ishidan qaytib kelib, qo‘ylarini soqqach, ota-onasining hurmatini qilib, sutni oldin ularga, so‘ngra bolalariga berar ekan. Demak, ularning boshqa taomga imkonlari yo‘q ekan. Bir kuni o‘sha kishi ishidan kech qaytibdi. Qarasa, ota-onasi uxlab qolishgan. Odatdagidek sut sog‘ibdi. Sog‘ilgan sutni ko‘tarib, uxlab yotgan ota-onasining boshlariga kelibdi. Ularga ozor bermaslik uchun uyg‘otishni o‘ziga ep ko‘rmabdi. Uyg‘onib qolsalar, qorinlari och holda meni izlab qolishmasinlar deb, joyidan jilmay turaveribdi. O‘zi kunduzi bilan ishlab charchab kelgan bo‘lsa-da, uxlamabdi. Bolalari ochlikdan oyog‘i ostida yig‘lab tursalar ham, ota-onam uyg‘onib sutsiz qolmasinlar, deb sutni bolalariga bermabdi. Tong otguncha shu holatda, ota-onasining boshida tik turib chiqibdi.
Ana shu banda Allohning roziligi uchun ota-onasiga ixlos bilan qilgan xizmatlarini vasila qilib, boshiga tushgan mushkulni aritishni sidqidildan so‘rabdi. Alloh taolo u odamning iltijosini qabul qilib, mazkur solih amali evaziga g‘or og‘zining uchdan birini ochibdi.
Demak, ota-onaga izzat-ehtirom ko‘rsatib, ixlos bilan, Allohning roziligini istab, ularga xizmat qilish farzandga nafaqat oxiratda, balki bu dunyoda ham yaxshiliklar etishiga sabab bo‘lar ekan. Hatto boshiga tushgan musibatning ko‘tarilishiga ham vasila bo‘lar ekan.
Endi ikkinchi yo‘lovchining navbati keldi. U ham o‘z umrida Allohning roziligini istab chin ixlos bilan qilgan bir solih amalini vasila etishga o‘tdi. U o‘z amakisini qizini yaxshi ko‘rar ekan. Yaxshi ko‘rganda ham yurak-yurakdan, chidab bo‘lmaydigan tarzda yaxshi ko‘rar ekan. Bir kuni qizni ovloq joyda uchratib, undan hirsini qondirishini talab qilibdi. Qiz yuz dinor bermasang, rozi bo‘lmayman, deb bosh tortibdi. Yigit pulni to‘plab, qizga beribdi. Endi zino qilishga hech qanday to‘siq qolmagan bir paytda qiz unga Allohni eslatib:
«Ey Allohning bandasi! Allohdan qo‘rq!» debdi.
Mahrimni berib, nikohlab, meni shar’iy xotin qilib olmaguningcha menga tegma, debdi. Allohning ismini eshitgan yigit darhol o‘ziga kelibdi. Allohdan qo‘rqib, shaytonga hay beribdi. Oxirat azobidan hayiqib, oniy lazzatdan voz kechibdi. Allohning roziligini istab, qizga tegmabdi. Bu banda o‘sha g‘ordagi musibatli kunda Allohning roziligini istab, ixlos bilan qilgan solih amalini yodga olibdi. O‘shani vasila qilib, Allohdan kushoyish so‘rabdi. Alloh taolo uning iltijosini qabul qilib, mazkur solih amali evaziga g‘or og‘zining yana bir qismini ochibdi.
Gunoh ishni qilishga qodir bo‘lib turganda Allohdan qo‘rqib, U zotning roziligini istab o‘sha ishni tark etish ham solih amal hisoblanar ekan. Allohdan qo‘rqib, qilmoqchi bo‘lib turgan gunoh ishdan qaytgan banda nafaqat oxirat savobiga, balki bu dunyoning yaxshiliklariga ham erishar ekan. Bandaning ixlos bilan yomonlikni tark qilishi uning boshidan musibatning ko‘tarilishiga sabab bo‘lar ekan.
Uchinchi yo‘lovchiga navbat keldi. U ham o‘zining ikki hamsafari kabi, chin ixlos bilan, Allohning roziligini istab qilgan solih amallaridan birini vasila etishga tushdi.
U bir faraq (Madinai Munavvara o‘lchovi bilan o‘n olti qadoq) og‘irlikdagi guruch evaziga bir mardikor yollagan ekan. Mardikor kelishilgan ishni tugatgach, haqqini talab qilibdi. Ish egasi kelishilgan guruchni bersa, achchiq qilib olmay ketibdi. Guruch sholi holida ekan. Uchinchi yo‘lovchi mardikorning haqqiga xiyonat bo‘lmasin, deb uni mavsum kelganda ekibdi. Sholisini yig‘ishtirib olib, sotibdi. Tushgan daromadga sigir sotib olibdi. Vaqt o‘tishi bilan ish haqqi qilib berilishi lozim bo‘lgan o‘sha sholining puliga olingan bitta sigir ko‘payib, bir poda sigirga aylanibdi. Bu podaning hatto alohida molboqari ham bor ekan. Yillar o‘tib, mardikor qaytib kelib, yana haqqini talab qilibdi. Shunda ish bergan kishi unga:
«Bor, anavi sigirlar molboqarlari bilan seniki, olaver», debdi.
Mardikor bu gapga ishonmabdi. Bu odam meni masxara qilyapti, deb o‘ylab, unga:
«Allohdan qo‘rq! Meni istehzo (masxara) qilma!» debdi.
U kishi esa jiddiylik bilan:
«Seni masxara qilayotganim yo‘q, olaver», debdi.
Mardikor sigir va cho‘ponni olibdi.
Haligi banda g‘orga qamalib qolganida Allohning roziligini istab, ixlos bilan qilgan o‘sha solih amalini eslabdi. Uni vasila qilib, Allohdan madad so‘rabdi. Alloh taolo uning ilti- josini qabul etib, solih amali evaziga g‘or og‘zining qolgan qismini ham ochib yuboribdi. Ular g‘ordan chiqib, yo‘llariga ravona bo‘libdilar.
Alloh taoloning roziligini istab, birovning haqqini emaslik, zoe qilmaslik, balki avaylab-asrab saqlash, ko‘paytirish qanchalik yaxshi narsa! Bunday ish nafaqat oxirat saodatiga, balki bu dunyo saodatiga ham erishtirar ekan. Bandaning boshiga tushgan musibatni aritishga sabab bo‘lar ekan.
Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:
1. Kishilarni ezgulikka chorlashda qissa uslubi foydali ekanligi.
2. Solih amalni vasila qilish mumkinligi.
3. Ota-onani hurmatlash va xizmatlarini qilish qanchalar zarurligi.
4. Ota-onaning farzanddan muqaddamligi.
5. Ota-onaga qilingan hurmat va xizmat farzandga nafaqat oxiratda, balki bu dunyoda ham yaxshiliklar keltirishi.
6. Allohdan qo‘rqib, U Zotga ixlos qilib, gunoh ishdan qaytish ham solih amal hisoblanishi.
7. Ixlos bilan gunoh ishlardan o‘zni tiyish bu dunyoda egasiga yaxshiliklar, baxt-saodat va kushoyishlar keltirishi.
8. Birovning haqqini emaslik zarurligi.
9. Birovning haqqini zoe qilmaslik zarurligi.
10. Ilojini topsa, birovning sarmoyasini ko‘paytirib qo‘yish yaxshi ish ekanligi.
11. Har bir ishni ixlos bilan, Alloh taoloning roziligini istab qilish zarurligi.
12. Har bir solih amal bu dunyoda ham yaxshiliklar keltirishi.
Ushbu hadisi sharif yog‘dusi ostida bugungi kunimizga insof bilan bir nazar tashlaylik.
Biz chindan ham bu hadisga amal qilmoqdamizmi? Agar amal qilayotgan bo‘lsak, qay darajada? Biz bu hadisi sharifdan o‘zimizga kerakli foydalarni olmoqdamizmi?
Agar foyda olayotgan bo‘lsak, qay darajada olmoqdamiz?
Kishilarni Islomga da’vat qilishda qissa yoki boshqa ma’lum va mashhur uslublardan foydalanyapmizmi?
Aqalli, Qur’oni Karim va hadisi sharifdagi qissalarni zamonaviy uslub ila kishilarga taqdim qilmoqdamizmi?
Endi ota-onani hurmat qilish masalasiga o‘taylik.
Musulmonman, deb yurganlarning ichida ota-onasini qarovsiz tashlab qo‘yganlar bormi?
Oramizda Alloh uchun ixlos bilan ota-onasining hurmatini joyiga qo‘yayotganlar qancha?
Oramizda qanchamiz ushbu qissadagiga o‘xshab, qo‘lida sut yoki boshqa narsa tutgan holda kechasi bilan ota-onasining boshida turib chiqa oladi?
Qaysi birimiz yig‘lab turgan bolalarimizni qo‘yib, ota-onamizga qaray olamiz?
Musulmon kishi sifatida ushbu hadisi sharifdan ibrat olmog‘imiz lozim. Ixlos bilan, Alloh uchun ota-onamizning hurmatlarini joyiga qo‘yib, ularga qo‘limizdan kelgan barcha yaxshiliklarni qilmog‘imiz kerak. Ana shundagina bizning bu amali solihimiz Alloh taologa xush kelishi mumkin. Oxiratdan oldin bu dunyodayoq bizga yaxshiliklar keltirishi va boshimizga tushgan musibatlarning arishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Alloh taolodan qo‘rqib, gunoh ishdan qaytish – ulkan jasorat. Chunki Allohdan qo‘rqmay, gunoh qilish hamma uchun oddiy bir ishga aylanib qolgan zamonda ixlos qilib, Allohning roziligi uchun o‘z havoyi nafsining xohishidan kechish, gunohni tark qilish oson emas. Bu jasorat bo‘lmay nima bo‘lsin! Havoyi nafsiga qul bo‘lib qolgan irodasiz, zaif kishilargina gunohdan burunlariga pashsha qo‘nganchalik ham ta’sirlanmasliklari mumkin. Shuning uchun ham ular har qanday gunohni tap tortmay qilaveradilar. Shaytonga va havoyi nafsiga g‘olib kelgan pahlavongina qo‘liga kirib turgan lazzat, rohat-farog‘atdan voz kecha oladi. Ushbu hadisdagi qissa qahramonlaridan biriga o‘xshab endi erishay deb turgan oniy lazzatidan Allohning qo‘rqinchini ustun qo‘yadi.
Shu qahramonlikka qodir bo‘lgan, oniy – o‘tkinchi lazzatlardan kecha olgan kishigina ulug‘ savobga erishib qolmay, bu dunyoning o‘zidayoq uning foydasini ko‘rar ekan. Biz kenglik paytida Allohga ixlos qilsak, Alloh taolo bizga torlik paytida yordam beradi. Biz Allohga ixlos qilib, imkonimiz darajasida turgan gunohni tark etsak, Alloh bizni mashaqqat g‘origa qamalib qolganimizda qutqarar ekan.
«Sen Allohni osonlik chog‘ida eslasang, Alloh seni mashaqqat chog‘ida eslaydi», deganlari bejiz emas.
Endi uchinchi qahramonimiz bilan o‘zimizni solishtirib ko‘raylik. Hozir qaysi yurtda ish bajaruvchi ish haqqini o‘z vaqtida va to‘liq olyapti?
Bugungi kunda odam o‘zi rag‘bat qilmay, tashlab ketgan moli tugul, ko‘z o‘ngida turgan, qo‘riqlab turgan moliga ham ishona olmay qoldi.
Kim birovning tashlab ketgan molini zoe qilmasdan ko‘paytirib, yillar bo‘yi ushlab turmoqda?
Nima uchun birovdan olgan qarzlarimizni ham bermay, eb ketmoqdamiz?
Nima uchun birovning haqqini poymol qilishdan qo‘rqmaymiz?
Yoki bizga solih amal kerak emasmi?
Birovning haqqini zoe qilmay ko‘paytirishga beriladigan savob, bu dunyoning xayr-barakasi bizga kerak emasmi?
Endi alohida misollarni qo‘yib, masalaga o‘taylik. Hadisi sharifda vasf etilgan ixlos va Alloh taolo roziligi uchun qilingan solih amal saviyasi bilan o‘zimizdagi ixlos va Alloh roziligi uchun qilayotgan amallarimiz saviyasini solishtirib ko‘raylik.
Sidqidildan aytsak, u dunyoda kerakli savobga erishtirib, bu dunyoda boshimizga tushgan musibatlarni aritishga vasila bo‘la oladigan amallarimiz qancha? Ular ixlos ila qilingan, etarlimi?
Nima uchun bugungi kunda musulmonlarning quvonchli onlaridan ko‘ra baxtsiz damlari ko‘proq?
Nima uchun turli-tuman mushkulliklari ko‘p? Ehtimol, solih amallaridan ko‘ra gunohlari ko‘pligidandir?
Ehtimol, ixloslari yo‘qligidandir?
Ehtimol, Allohning roziligini istab amal qilmasliklaridandir?
Demak, ixlosli bo‘lishga, faqat Allohning roziligini istab, solih amal qilishga urinaylik. Ushbu hadisi sharifni doimo yodimizda tutib, undan ibrat olaylik!
Buyuk sahobiy Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning amrlari bilan Yamanga ishga jo‘nab ketayotib:
«Ey Allohning Rasuli, menga nima tavsiyangiz bor?» deganlarida, u zot sollallohu alayhi vasallam:
«Diningda muxlis bo‘l, shunda senga ozgina amal ham kifoya qiladi», degan ekanlar.
Alloh taolo barchamizni muxlis bandalardan qilsin! Omin! ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

20 Aprel 2022, 20:14 | Savol-javoblar | 207 | Aqiyda
|
Boshqa savol-javoblar