Ayollarning huquqlari

Assalomu alaykum! Savolim bor edi. Iltimos aniqlik kiritib beringlar. Ayol kishi to‘shakda qanday haq-huquqlarga ega?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Shariatimiz tarafidan ayol uchun belgilab qo‘yilgan haqlardan biri uning jinsiy tomondan eridan lazzatlanishidir. Erning zimmasida ayoli bilan yaxshilik ila muosharat odoblari doirasida ayolining ushbu haqqlarini ado etishi vojibdir. Shunda ayolning iffati muhofaza qilinadi, unga ham muboh bo‘lgan lazzatlanish hosil bo‘ladi va haromga nazar solishdan tiyiladi. Ulamolar “Erning zimmasida ayoli bilan uni kifoya qiladigan miqdorda yaqinlik qilish vojib bo‘ladi. Faqat bunda shart erkakning badani o‘ta noziklashib qolmasligi yoki uni kundalik mashg‘ulotidan band qilib qo‘ymasligi kerak” deganlar. Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh "Tafsiri hilol"da Alloh taolo “Niso” surasidagi ushbu oyatiga quyidagicha tafsir qilganlar : وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِن كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَن تَكْرَهُواْ شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا۝ 19. «...va ular ila ma’ruf holatda yashang. Islom ta’limotlariga binoan, er-xotin orasidagi aloqa muhabbat, sevgi, rahm-shafqat va unsu ulfatlik aloqasi bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham oraga tushgan ba’zi noqulay holat tufayli darhol bir-biriga zulm qilishga o‘tish kerak emas. Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xotiniga muhabbati yo‘q bo‘lib qolgani uchun uni taloq qilmoqchi bo‘lgan odamga: «Sho‘ring qursin! Oilalar muhabbat uchun qurilmaganmi?! Rioya qani?! Mas’uliyat qani?!» – deganlar. Alloma Ibn Kasir: «Ularga shirinsuxanlik qiling, yaxshi muomalada bo‘ling, iloji boricha ko‘rinishingizni go‘zal qiling», – deganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarning yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshi bo‘lganlaringizdir. Men ahliga yaxshilaringizman», – deganlar. Nabiy alayhissalomning o‘zlari ayollariga go‘zal muomalali bo‘lib, doimo xursand, ularni erkalagan, lutf ko‘rsatgan, nafaqalarini ko‘paytirgan holda yashaganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam ayollari bilan hazillashib, kulishar edilar. Hatto Oisha onamizning ko‘ngillari uchun u kishi bilan yugurishda musobaqa ham qilganlar. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Imom Shofe’iydan boshqa uch mazhab imomlari erning ayoli bilan yaqinlik qilishi zimmasidagi “vojib amal” deb aytganlar. حَدَّثَنِي عَبْدُ اللهِ بْنُ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: قَالَ لِي رَسُولُ اللهِ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: «يَا عَبْدَ اللهِ، أَلَمْ أُخْبَرْ أَنَّكَ تَصُومُ النَّهَارَ وَتَقُومُ اللَّيْلَ؟» فَقُلْتُ: بَلَى يَا رَسُولَ اللهِ. قَالَ: «فَلَا تَفْعَلْ، صُمْ وَأَفْطِرْ، وَقُمْ وَنَمْ، فَإِنَّ لِجَسَدِكَ عَلَيْكَ حَقًّا، وَإِنَّ لِعَيْنِكَ عَلَيْكَ حَقًّا، وَإِنَّ لِزَوْجِكَ عَلَيْكَ حَقًّا، وَإِنَّ لِزَوْرِكَ عَلَيْكَ حَقًّا، وَإِنَّ بِحَسْبِكَ أَنْ تَصُومَ كُلَّ شَهْرٍ ثَلَاثَةَ أَيَّامٍ، فَإِنَّ لَكَ بِكُلِّ حَسَنَةٍ عَشْرَ أَمْثَالِهَا، فَإِنَّ ذَلِكَ صِيَامُ الدَّهْرِ كُلِّهِ». فَشَدَّدْتُ، فَشُدِّدَ عَلَيَّ، قُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنِّي أَجِدُ قُوَّةً. قَالَ: «فَصُمْ صِيَامَ نَبِيِّ اللهِ دَاوُدَ  عَلَيْهِ السَّلام وَلَا تَزِدْ عَلَيْهِ». قُلْتُ: وَمَا كَانَ صِيَامُ نَبِيِّ اللهِ دَاوُدَ عَلَيْهِ السَّلام؟ قَالَ: «نِصْفَ الدَّهْرِ». فَكَانَ عَبْدُ اللهِ يَقُولُ بَعْدَ مَا كَبِرَ: يَا لَيْتَنِي قَبِلْتُ رُخْصَةَ النَّبِيِّ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo bunday so‘zlab berdi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: «Ey Abdulloh! Aytishlaricha, sen kunni ro‘za bilan, tunni ibodat bilan o‘tkazar emishsanmi?» dedilar. «Ha, shunday, ey Allohning Rasuli», dedim. U zot: «Unday qilma. Ro‘za ham tut va og‘zi ochiq ham yur. Bedor ham bo‘l, uxlagin ham. Chunki senda tanangning ham xaqqi bor, ko‘zingning ham xaqqi bor, ayolingning ham haqqi bor, mehmoningning ham xaqqi bor. Senga har oyda uch kun ro‘za tutishing kifoya. Zero, sen uchun har bir yaxshilik evaziga uning o‘n barobari bordir. Bas, mana shuning o‘zi yil-o‘n ikki oy to‘la ro‘za tutishdir», dedilar. Men (ro‘za muddatini) ko‘paytiraverdim, ko‘payib boraverdi.* «Ey Allohning Rasuli, (bundan ko‘prog‘iga ham) quvvat topaman», deyaverdim. U zot: «Unda Allohning nabiysi Dovud alayhissalomning ro‘zasini tut va bundan ziyoda qilma», dedilar. Men: «Allohning nabiysi Dovud alayhissalomning ro‘zalari qanday bo‘lgan?» dedim. U zot: «Kun ora», dedilar». Abdulloh yoshi ulg‘aygandan keyin: «Qani endi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ruxsatlarini qabul qilganimda...» derdi.  عَنْ عَوْنِ بْنِ أَبِي جُحَيْفَةَ، عَنْ أَبِيهِ قَالَ: آخَى النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم بَيْنَ سَلْمَانَ، وَأَبِي الدَّرْدَاءِ، فَزَارَ سَلْمَانُ أَبَا الدَّرْدَاءِ، فَرَأَى أُمَّ الدَّرْدَاءِ مُتَبَذِّلَةً. فَقَالَ لَهَا: مَا شَأْنُكِ؟ قَالَتْ: أَخُوكَ أَبُو الدَّرْدَاءِ لَيْسَ لَهُ حَاجَةٌ فِي الدُّنْيَا. فَجَاءَ أَبُو الدَّرْدَاءِ، فَصَنَعَ لَهُ طَعَامًا. فَقَالَ: كُلْ. قَالَ: فَإِنِّي صَائِمٌ. قَالَ: مَا أَنَا بِآكِلٍ حَتَّى تَأْكُلَ. قَالَ: فَأَكَلَ. فَلَمَّا كَانَ اللَّيْلُ ذَهَبَ أَبُو الدَّرْدَاءِ يَقُومُ. قَالَ: نَمْ. فَنَامَ، ثُمَّ ذَهَبَ يَقُومُ. فَقَالَ: نَمْ. فَلَمَّا كَانَ مِنْ آخِرِ اللَّيْلِ قَالَ سَلْمَانُ: قُمِ الْآنَ. فَصَلَّيَا، فَقَالَ لَهُ سَلْمَانُ: إِنَّ لِرَبِّكَ عَلَيْكَ حَقًّا، وَلِنَفْسِكَ عَلَيْكَ حَقًّا، وَلِأَهْلِكَ عَلَيْكَ حَقًّا، فَأَعْطِ كُلَّ ذِي حَقٍّ حَقَّهُ. فَأَتَى النَّبِيَّ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم فَذَكَرَ ذَلِكَ لَهُ، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم: «صَدَقَ سَلْمَانُ» Avn ibn Abu Juhayfa otasidan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Salmon bilan Abu Dardoni bir-biriga birodar qilib qo‘ydilar. Salmon Abu Dardoning ziyoratiga keldi va Ummu Dardoni odmi kiyimda ko‘rib, unga: «Senga nima bo‘ldi?» dedi. U: «Birodaring Abu Dardoning dunyoga ehtiyoji yo‘q», dedi. Abu Dardo kelib, unga taom tayyorladi. (Salmon) «Ey», dedi. U: «Men ro‘zadorman», dedi. (Salmon) «Sen emaguningcha men ham emayman», dedi. Shunda u ham edi. Kechasi Abu Dardo turishga harakat qilgan edi, (Salmon) «Uxla», dedi. U uxladi. Keyin yana turishga harakat qilgan edi, (Salmon) «Uxla», dedi. U yana uxladi. Kecha oxirlab qolgach, Salmon: «Endi tur», dedi va ikkovlari namoz o‘qishdi. Shunda Salmon unga: «Albatta, Robbingning senda haqqi bor, nafsingning ham senda haqqi bor, ahlingning ham senda haqqi bor. Shunday ekan, har bir haq egasiga haqqini ber!» dedi. Keyin u Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, buni u zotga aytgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Salmon rost aytibdi», dedilar». (“Oltin silsila” kitobidan Sahihul Buxoriy). Ulamolar yuqoridagi hadislardagi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “ayolingning ham haqqi bor” degan so‘zlaridan vojiblikni olishgan. Shariatimiz ozod ayoldan azl qilishda izn so‘rashlikni, lazzat olishdagi uning haqqini rioyasi uchun vojib qilgan. Albatta er-xotinni orasida o‘zaro bir-biridan lazzatlanishi nikohdan ko‘zlangan maqsadlardan biridir. Bu bilan ruhiy va ma’naviy barqarorlik yuzaga chiqadi, er-xotin orasida hamohanglik davomiy bo‘ladi. Erning zimmasiga vojib bo‘lishining sharti, er yaqinlik qilishga qodir bo‘lishidir. Ammo erning kasallik, qarilik va rizq talabida safarda bo‘lib qolishi kabi uzrlari bo‘lsa vojib bo‘lmay, uzrli hisoblanadi. Ulamolar erning zimmasidagi majburiyat va vojib soqit bo‘ladigan miqdor masalasida quyidagilarni aytganlar: 1). Ba’zi ulamolar har to‘rt kunda bir marotaba yaqinlik vojib bo‘ladi deganlar. 2). Ayrimlari har to‘rt oyda bir marotaba vojib deyishgan. Lekin bu boradagi eng ma’qul qavl ko‘pchilik ulamolarning “bu ham boshqa insoniy hojatlar kabi urf, kishilarni holati va yashash tarziga ko‘ra vojib bo‘ladi” degan so‘zlaridir. Chunki insonlar bu borada ham bir-biridan farq qiladi. Xulosa qilib aytganda, er-xotinning har biri bu borada bir-birini holati va haqqini rioya qilishi lozim bo‘ladi. Yana shuni ham ta’kidlash lozimki, ba’zi ayollar bu borada haddan oshib, me’yordan ortiq talab va istaklarga berilib, nafs va havoning xohishlariga tobe’ bo‘lmasliklari lozim. Zero to‘shak hayoti turmushning bir qismi hisoblanadi, hammasi emas!!! Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 03:24 | Savol-javoblar | 167 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar