Aktsiyalar bilan savdo qilish borasida

Assalomu alaykum! Men O‘zbekistonda turib, AQShda o‘zim nomimcha ochilgan shaxsiy hisob-raqam (assount) orqali maxsus ilova yordamida Amerika aktsiya bozorlarida (stosk market) rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning aktsiyalari bilan oldi-sotdi qilaman. Ma’lumot uchun aytamanki bu - FOREX emas. Tegishli aktsiyaga mablag‘ investitsiya qilishdan avval kompaniyaning faoliyati halol / halol emasligini, kompaniya ribo asosida faoliyat yuritmasligi va shunga o‘xshash holatlarni o‘rganib va tahlil qilib, kerak bo‘lsa maxsus ilovalar orqali kompaniyaning aktsiyalarini halolligi bo‘yicha tekshirish olib boraman. Ushbu omillarni o‘rganib, ishonchim komil bo‘lsa keyin sotib olaman. Endi savollarim quyidagicha: 1) Aktsiyalarini sotib olmoqchi bo‘lgan kompaniyalarning rahbar va xodimlari musulmon emas. Boshqa din vakillari. Ular boshqarayotgan kompaniyalar aktsiyalari bilan savdo-sotiq qilish mumkinmi? 2) Shunday holatlar bo‘ladiki, aktsiya sotib olgach, uning narxi juda tez o‘zgaradi. Turli sabablarga ko‘ra, 5-10 daqiqada zararga kirib ketishingiz mumkin, yoki aksincha - u aktsiya sizga katta daromad olib kelishi mumkin. Ushbu vaziyatda, masalan, aktsiyani bugunni o‘zida sotib olib, 5-6 foiz foydaga kirgach, ko‘p kutmagan holda, ya’ni erta bo‘lishini kutmasdan o‘sha sotib olingan kunning o‘zida sotib yuborish mumkinmi? Boshqacha so‘z bilan aytganda, aktsiyani sotib oldingiz, 1 soatdan keyin narx oshib 10% foydaga kirdi va sotib yubordingiz Bunday vaziyatlarda, ayrim ta’kidlaydilarki, aktsiyadan halol daromad ko‘rish uchun investitsiya amalga oshirilgan kundan e’tiboran hech bo‘lmaganda 3 kun kutish lozim ekan. Shu masaladan oydinlik kiritmoqchiman. Oldindan rahmat. Olloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). G‘ayridin bilan savdo-sotiq qilishga mone’lik yo‘q.2). Aktsiyalar haridorning nomiga rasmiylashtirilib, to‘liq mulkiga kirganidan so‘nggina qayta sotish joiz bo‘ladi. Siz savdo qilmoqchi bo‘lgan bozorda bu uchun ketadigan vaqtni aniqlashtirib, o‘shanga ko‘ra ish qiling. Vallohu a’lam!

4 Iyun 2022, 20:43 | Savol-javoblar | 248 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar