Zino va ko‘zni yumish

Assalomu alaykum! Xadislarga asoslanib bilamizki nomaxram ayol yoki erkakga nazari tushsa nazarini burish kerak. Lekin deylik nomaxram ayollarni ba’zilari elkadan tepasi va tizzadan past qismini yopmay yuradi. Ayniqsa musulmon bo‘lmaganlari. 1). Bunday xamkasb ayollar bilan muloqot chog‘ida yoki ko‘chada yurganda ko‘zni tiyishni eng oson yo‘li ko‘zni yumish deb xisbolasa va shu ishni qilish to‘g‘rimi? 2) Agar kimdir nomaxram ayollar oldida gaplashganda ko‘zini yumib olsa, shu ish riyo bo‘ladimi? Albatta, bu ishni boshqalar ko‘rsin yoki taqvodor ekan desin deb qilsa bu riyo. Lekin chinakamiga qalbdan qilsa xam riyo bo‘laveradimi? Albatta Alloh qalblardagini yaxshi biladigan Zot.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! 1). Alloh taolo kelajakda shunday ayollarni bo‘lishini bilgani uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga quyidagi oyatlarni vahiy qilgan. Alloh taolo “Nur” surasida marhamat qiladi :قُل لِّلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ۝30. Mo‘minlarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan o‘ta xabardordir.
Ushbu oyati karimada zinoga sabab bo‘luvchi eng bosh omil – erkaklarning nomahram ayollarga shahvat nazari bilan qarashlari man qilinmoqda. Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, mo‘min erkaklarni nomahram ayollarga nazar solishdan tiyilishga va farjlarini zinodan saqlashga buyurishni amr etmoqda. Bu degani, erkak kishi ayolning qorasini ham ko‘rmasin, degani emas. Balki hojatdan tashqari qaramasin, deganidir. Misol uchun, bir nomahram ayolga nazari tushishi bilan boshqa tomonga ko‘zini bursin, unga qarab turavermasin, qarashi shahvat nazariga aylanib ketmasin, deganidir. Chunki ayol kishiga bir muddat davomli qarash erkak odamda shahvoniy tuyg‘uni qo‘zg‘atadi. Shahvat bilan qarash zinoga olib borishi ham mumkin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday qarashlarni «ko‘z zinosi» deb ataganlar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni aytadilar: «Odam bolasiga zinodan bo‘lgan nasibasi yozilgandir. Ikki ko‘zning zinosi nazar solishdir. Tilning zinosi gapirishdir. Ikki quloqning zinosi eshitishdir. Ikki qo‘lning zinosi ushlashdir. Ikki oyoqning zinosi yurib borishdir. Nafs orzu va ishtaha qiladi, farj esa uni yo tasdiqlaydi, yo yolg‘onga chiqaradi». Musulmon erkak nomahram ayolga qayta-qayta qaramasligi lozim. Imom Termiziy Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ey Ali, nazarga nazarni ergashtirma! Birinchisi foyda bo‘lsa, ikkinchisi senga zarardir», – deganlar. Darhaqiqat, birinchi nazarda zarur maqsad hosil bo‘ladi. Ammo ketma-ket qarash, avval aytilganidek, shahvat qo‘zg‘atadi. Shuningdek, bexosdan nazar tushishi ham gunoh emas. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Abdulloh Bajariy roziyallohu anhu: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan bexosdan tushgan nazar haqida so‘ragan edim, ko‘zimni boshqa tomonga burishni amr qildilar», – deganlar. Islomda erkaklar nomahram ayollarga shahvat nazari bilan qarashdan qaytarilibgina qolmay, balki bu amrga rioya etganlari uchun ajru savob va ma’naviy mukofotlar ham va’da qilinadi. Imom Tobariy Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda: «Albatta, (nomahramga) nazar qilish iblisning zaharlangan o‘qlaridan biridir. Kim Mendan qo‘rqib, u(nazar)ni tark qilsa, badaliga bir iymon beramanki, uning halovatini o‘z qalbida topadi», – deyilgan. Imom Ahmad Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi bir musulmon birorta ayolning ziynatlariga nazari tushsa-yu, so‘ngra ko‘zini olib qochsa, albatta, Alloh uni shunday ibodatga almashtiradiki, uning halovatini topadi», – deganlar. Erkaklarni nomahram ayollarga nazar solishdan qaytaruvchi ushbu oyatni noto‘g‘ri talqin qilib, Alloh erkaklarni ayollarga shahvat nazari bilan qarashdan qaytargan, ayollar o‘zlarini avaylab, shar’iy kiyimda yurishga amr qilinmaganlar, deyish mutlaqo noto‘g‘ridir. Chunki ayollarning avratlarini berkitib yurishlari lozimligi haqida boshqa oyatlarda hukm bor.وَقُل لِّلْمُؤْمِنَاتِ يَغْضُضْنَ مِنْ أَبْصَارِهِنَّ وَيَحْفَظْنَ فُرُوجَهُنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا مَا ظَهَرَ مِنْهَا وَلْيَضْرِبْنَ بِخُمُرِهِنَّ عَلَى جُيُوبِهِنَّ وَلَا يُبْدِينَ زِينَتَهُنَّ إِلَّا لِبُعُولَتِهِنَّ أَوْ آبَائِهِنَّ أَوْ آبَاء بُعُولَتِهِنَّ أَوْ أَبْنَائِهِنَّ أَوْ أَبْنَاء بُعُولَتِهِنَّ أَوْ إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي إِخْوَانِهِنَّ أَوْ بَنِي أَخَوَاتِهِنَّ أَوْ نِسَائِهِنَّ أَوْ مَا مَلَكَتْ أَيْمَانُهُنَّ أَوِ التَّابِعِينَ غَيْرِ أُوْلِي الْإِرْبَةِ مِنَ الرِّجَالِ أَوِ الطِّفْلِ الَّذِينَ لَمْ يَظْهَرُوا عَلَى عَوْرَاتِ النِّسَاء وَلَا يَضْرِبْنَ بِأَرْجُلِهِنَّ لِيُعْلَمَ مَا يُخْفِينَ مِن زِينَتِهِنَّ وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ۝31. Mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, zohir bo‘lgani mustasno. Ro‘mollarini ko‘kslariga to‘sib yursinlar. Erlaridan, yo otalaridan, yo erlarining otalaridan, yo o‘g‘illaridan, yo erlarining o‘g‘illaridan, yo aka-ukalaridan, yo aka-ukalarining o‘g‘illaridan, yo opa-singillarining o‘g‘illaridan, yo ayollaridan, yo o‘z qo‘llarida mulk bo‘lganlardan, yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilardan, yo ayollar avratining farqiga bormaydigan yosh bolalardan boshqalarga ziynatlarini ko‘rsatmasinlar. Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (erga) urmasinlar. Barchangiz Allohga tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, zafar topsangizlar».
Ushbu oyatda Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib, mo‘mina ayollarga kiyim kiyish va avratlarini berkitish borasida o‘zlarini qanday tutishlari lozimligini bayon qilib berishni buyurmoqda.
Mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar...» Musulmon erkaklar kabi, muslima ayollar ham nomahramlarga shahvat nazari bilan qaramasliklari lozimligi ushbu oyatdan tushuniladi. Agar bexosdan nazarlari tushsa, ko‘zlarini boshqa tomonga burishlari kerak. Chunki ayollarning erkaklarga davomli nazar solishlari ham o‘rtada fitna, harom ishlar, zino kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ayol kishi boshqa ayolning avratiga nazar solishi ham man etiladi. Ayolning ayolga nisbatan avrati kindigidan tizzasigachadir. Ulamolarimiz Qur’oni Karim oyatlarini va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislarini chuqur o‘rganib chiqib, ayollarning erkaklarga nazar solishida engil yo‘l tutilganini ta’kidlashgan. Ayollarning bir joyda o‘tirib olib, nomahram erkakka noo‘rin qarashlari harom. Ammo ko‘cha-ko‘ydagi yoki harom bo‘lmagan o‘yinlar o‘ynayotgan erkaklarga uzoqdan qarasalar, mayli. Imom Buxoriy va imom Muslimlar rivoyat qilgan hadisda zikr qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iyd kuni xabashiylarning masjiddagi o‘yinlariga qarab turganlarida Oisha onamiz ham u zotning orqalaridan turib, tomosha qilganlar. Ul zot Oisha onamizni ulardan to‘sib turganlar. Oisha onamiz o‘zlariga malol kelgandagina qaytib ketganlar. Shu bilan birga, o‘sha paytda ayollarning masjid, bozor va boshqa joylarga borishlariga ruxsat berilgan. Safarlarga chiqqanlar. Tabiiyki, bu holatlarda erkaklarni ko‘radilar.
«...farjlarini saqlasinlar...» Bu ibora erkaklardagi kabi, ayollarda ham ikki ma’noni ifoda etadi: ayollar farjlarini harom ish, zinodan saqlasinlar hamda birovning nazari tushishidan saqlasinlar. Ayol kishining nomahram erkaklarga nisbatan avrati yuzi va ikki kaftidan boshqa butun badanidir. Ma’lumki, muslima ayolga badanini nomahram erkaklardan to‘sib yurish Alloh tomonidan buyurilgandir. Mo‘mina-muslima ayol o‘z sharafini saqlash uchun Allohning amriga itoat etib, avratini nomahram erkaklardan berkitmog‘i kerak. Buning uchun esa yuzi va ikki kaftidan boshqa butun tanasini to‘sib turadigan kiyim kiymog‘i lozim. Shuningdek, kiyim yupqa, badanga yopishgan va tor bo‘lmasligi ham zarur. Umuman, ayollarning libosi nomahram erkaklarning e’tiborini jalb qilmaydigan darajada bo‘lishi kerak. Imom Abu Dovud Oisha onamizdan rivoyat qilgan hadisda opalari Asmo binti Abu Bakr u zotning oldilariga yupqa kiyim bilan kirganlarida, u erda o‘tirgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlarini o‘girib olganlar va: «Ey Asmo, ayol kishi hayz ko‘radigan bo‘lganidan keyin undan mana bu va mana bundan boshqa joyi ko‘rinmasligi kerak», – deb, ikki kaftlari va yuzlariga ishora qilganlari aytilgan. Ibn Jarir Tobariy o‘z tafsirlarida Oisha onamizdan keltirgan rivoyatda u kishi aytadilar: «Oldimga ona bir akam Abdulloh ibn Tufaylning qizi ziynatlangan holda kirgan edi. Rasululloh kelib qoldilar va yuzlarini o‘girib oldilar. Men: – Ey Allohning Rasuli, bu ona bir akamning qizi, yosh qiz, – dedim. Ul zot sollallohu alayhi vasallam: – Ayol kishi balog‘atga etganidan keyin, undan yuzi va mana bu joylaridan boshqa joyi ko‘rinishi halol emas, – deb, o‘z bilaklarini tutumlab ko‘rsatdilar. Ushlagan joylari bilan kaftlari orasida yana bir tutumcha joy qoldi». Hanafiy mazhabi ulamolari ayol kishiga yuz va kaftlarini ochib yurishga izn berar ekanlar, yuz va qo‘lni ziynatlamasdan, tabiiy holda tutishni shart qilib qo‘yadilar. ("Tafsiri hilol" kitobidan). 2) Riyo qalbning ishidir. Vallohu a’lam!

16 Iyun 2022, 18:57 | Savol-javoblar | 254 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar