Bir oyoqda namoz

Assalomu alaykum! Men yaqinda avariyaga uchrab bir oyog‘imni kesib tashlashdi savolim shuki namozlarni o‘tirib o‘qishga uzrlikmanmi yoki bir amallab tik turib o‘qishim kerakmi? Hozir o‘tirib o‘qiyapman?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo bandasiga toqatidan ortig‘ini yuklamaydi. Qanday o‘qishga qodir bo‘lsangiz shunday o‘qiyvering. Bemorning namoziIslom engillik dinidir. Bu dinda musulmonlar noilojlikka solib qo‘yilmaydi. Ular qodir bo‘lmaydigan ibodatlarga buyurilmaydi. Shu bilan birga islomda namozga qattiq e’tibor beriladi va uni ado qilish uchun turli choralar topib beriladi. Aslida kasal kishiga agar toqati ko‘tarsa, namozni biz yuqorida zikr qilib o‘tgan suratda ado qilishi uchun ruxsat beriladi.قال رسول الله ﺼﻞ ﺍﷲ ﻋﻟﻴﻪ ﻭ ﺴﻟﻡ يصلى المريض قائما فان لم يستطع فقاعدا فان لم يستطع فعلى قفاه يؤمي ايماء فان لم يستطع فالله تعالى احق بقبول العزر منهRasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kasal kishi namozni turib o‘qiydi, agar unga qodir bo‘lmasa, o‘tirib o‘qiydi. Unga ham qodir bo‘lmasa Alloh taolo uning uzrini qabul qilishga haqliroqdir” deganlar.
Ammo qiyom turishdan ojiz bo‘lsa yoki kasali kuchayib ketishidan xavf qilsa, yo shifoning kechikishiga shu qiyom turish sabab bo‘lsa, u holda o‘tirib namoz o‘qiydi.قال رسول الله ﺼﻞ ﺍﷲ ﻋﻟﻴﻪ ﻭ ﺴﻟﻡ لعمران بن حسين صلى قائما فان لم تستطع فقاعدا فان لم تستطع فعلى الجنب تؤمي ايماءRasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Imron ibn Husaynga: tik turib o‘qigin, agar qodir bo‘lmasang, o‘tirib o‘qigin, agar bunga ham qodir bo‘lmasang, yonboshlab ishora qilib o‘qigin” dedilar.
Lekin ruku’, sajdalarini to‘liq qiladi. Agar ruku’ va sajdaga qodir bo‘lmasa,huddi tashahhudda o‘tirgan kabi chap oyog‘ini to‘shab, o‘ng oyog‘ini tik qilgan holda o‘tiradi. Bu eng afzalidir. Agar bunga ham qodir bo‘lmasa, xohlagan suratda o‘tiradi va ruku’ hamda sajdalarni boshi bilan ishora qiladi. Bunda ruku’ uchun boshini ozroq egsa, sajda uchun ko‘proq egadi.
Agar sajdaga ojiz bo‘la turib, ruku’ga qodir bo‘lsa ham, baribir ikkisi uchun ishora qiladi. Sajdaga imkoni yo‘q kasalning ishora bilan qilgan sajdasi kifoya qiladi. Ammo uning sajda qilishi uchun biron narsani yuzi barobar ko‘tarib qo‘yishi joiz emas. Imo-ishora bilan namoz o‘qishlik tik turgan holda ham, o‘tirgan holda ham durustdir. Lekin kasal kishining o‘tirib imo-ishora bilan namoz o‘qishi afzal hisoblanadi. Agar o‘tirishga sajda qilishga ojiz bo‘lsa, u o‘ng tamon bilan qiblaga yuzlangan holda yonboshlab yotadi, shu afzaldir. Bo‘lmasa chalqanchasiga yotib, oyoqlarini qibla tamonga uzatadi, tizzasini esa biroz bukib oladi. Boshni biroz ko‘tarish uchun orqaga yostiq quyiladi. Bu unisidan ko‘ra afzaldir. Shu holda imo-ishora qilib namozni o‘qiydi.
Agar sog‘lom kishi namoz asosida kasal bo‘lib qiyomga qodir bo‘lmay qolsa, o‘sha zohoti o‘tirib ishora bilan namozni tugatadi. Agar o‘tirishga ham majoli kelmay qolsa, unda chalqanchasiga yotadi va namozni ishora bilan oxiriga etkazadi. Ishora faqat bosh bilan qilinadi.Agar boshni qimirlata olmay qolsa, ko‘z yoki qosh bilan ishora qilmaydi,hamda qalbi bilan ham namozning arkonlarini ijro etmaydi. Ushbu holda namozni kechiktiradi va tuzalgandan keyin esa qazosini o‘qib beradi. Agar shu holatda 6 vaqt namozni o‘qiy olmagan bo‘lsa unda tuzalgach, ularning qazosini ham o‘qimaydi. Chunki bu holatda u hushidan ketganning hukmida bo‘ladi. Vallohu a’lam!

20 Iyul 2022, 20:24 | Savol-javoblar | 140 | Namoz
|
Boshqa savol-javoblar