Turkiy va habashlar haqida hadis

Assalomu alaykum! Internetda bir hadisga ko‘zim tushib qoldi. Sunan Abu Dovud 4302. Rasuli Akram sollallohu alayxi vasallam habash va turkiy xalqlarni yolg‘iz qoldirishni buyurganlar to bu xalqlar ularni yolg‘iz qoldirar ekan. Hadisning matni quyidagicha. حَدَّثَنَا عِيسَى بْنُ مُحَمَّدٍ الرَّمْلِيُّ، حَدَّثَنَا ضَمْرَةُ، عَنِ السَّيْبَانِيِّ، عَنْ أَبِي سُكَيْنَةَ، - رَجُلٍ مِنَ الْمُحَرَّرِينَ - عَنْ رَجُلٍ، مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم أَنَّهُ قَالَ ‏ "‏ دَعُوا الْحَبَشَةَ مَا وَدَعُوكُمْ وَاتْرُكُوا التُّرْكَ مَا تَرَكُوكُمْ ‏"‏ ‏ Shunday hadis bormi? Bo‘lsa, unga sharx bersangiz, iltimos.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ushbu hadisni Abu Dovud, Nasoiy va Imom Bayhaqiylar rivoyat qilishgan. حَدَّثَنَا عِيسَى بْنُ مُحَمَّدٍ، حَدَّثَنَا ضَمْرَةُ، عَنِ السَّيْبَانِيِّ، عَنْ أَبِي سُكَيْنَةَ: رَجُلٍ مِنَ الْمُحَرَّرِينَ، عَنْ رَجُلٍ مِنْ أَصْحَابِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ سَلَّمَ أَنَّهُ قَالَ: دَعُوا الْحَبَشَةَ مَا وَدَعُوكُمْ، وَاتْرُكُوا التُّرْكَ مَا تَرَكُوكُمْOzod qilinganlardan biri Abu Sukayna Nabiy sollallohu alayhi vasallamning bir sahobalaridan rivoyat qiladi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Modomiki habashlar sizlarga tegmasa, sizlar ham ularga tegmang. Modomiki turklar sizlarni tinch qo‘yar ekan, sizlar ham ularni tinch qo‘ying». 
At-Tiybiy aytadi: ... Habashlar va turklarni xossatan tark qilishga buyurilishining sababi shundaki, habashlar va boshqa qavmlarning mamlakatlari bilan musulmonlar o‘rtasida cho‘l va dashtlar bor bo‘lib, musulmonlar ularning yurtiga kirishlarida katta mashaqqat va qiyinchiliklar bo‘lganligi uchun u erga kirib borishga buyurilmaganlar. Turklarning esa adovati shiddatli va erlari sovuq, islom qo‘shini bo‘lmish arablar esa issiq iqlimdan bo‘lganlari uchun ularga qarshi yurish qilishga buyurilmaganlar. (Habash va turklar) shu ikki sir tufayli ularni tark qilish ko‘rsatmasi bilan xoslanganlar. Ammo, (Alloh saqlasin) ular musulmonlar yurtiga bostirib kiradigan bo‘lishsa, biror kimsa uchun ularga qarshi jangni tark qilish joiz bo‘lmaydi. (Mirqotul mafotih). Vallohu a’lam!

20 Iyul 2022, 20:34 | Savol-javoblar | 138 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar