Nafl ro‘za

Assalomu alaykum! Nafil ro‘za tutgan edim peshin namozini o‘qib chiqib hayolda yo‘q bir kichigroq bo‘lak non eb qo‘dim. Onam san ro‘zaydinku dib qoldi men tezda og‘zimi chayqadim nondi og‘zimda qolganini tuflab tashladim va soat 05:00 ishga bordim va boshliq ish buyurdi. Buyurgan ishni bajarib kun issqligiga chanqab yana esdan chiqarib 2 piyola suv ichib qo‘dim. Yana ro‘zada davom ettim va iftor vaqti duo qilib og‘zimni ochdim. Juda uyaldim Allohda, biroz befarqligim uchun 1-kuni edida. Shunda ro‘zam ochilganmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ro‘za buzilmagan.عَنِ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ نَسِيَ وَهُوَ صَائِمٌ فَأَكَلَ أَوْ شَرِبَ فَلْيُتِمَّ صَوْمَهُ، فَإِنَّمَا أَطْعَمَهُ اللهُ وَسَقَاهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَلَفْظُ التِّرْمِذِيِّ: مَنْ أَكَلَ أَوْ شَرِبَ نَاسِيًا فَلَا يُفْطِرْ، فَإِنَّمَا هُوَ رِزْقٌ رَزَقَهُ اللهُAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ro‘zadorligini unutib qo‘yib, esa yoki ichsa, ro‘zasini batamom qilsin. Uni Alloh ediribdi, ichiribdi, xolos», dedilar.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Termiziyning rivoyatlarida:
«Kim unutib eb-ichsa, og‘zini ochib yubormasin. Bu Alloh uni rizqlantirgan rizq, xolos», deyilgan.
Sharh: Islom shariatining umumiy qoidasi bo‘yicha, esdan chiqarib sodir etilgan har bir xato kechiriladi. Bu qoida ro‘za borasida ham joriy etiladi. Inson gohida, ayniqsa, Ramazoni sharifning birinchi kunlarida o‘zining ro‘zadorligini unutib qo‘yishi tabiiy bir hol. Shuning uchun esdan chiqqan holda biror narsa eb yoki ichib qo‘ysa, ro‘zasi ochilgan hisoblanmaydi. Balki eslagan zahoti o‘zini eyish-ichishdan to‘xtatadi va ro‘zasini davom ettiraveradi. Mazkur qoidaga hech kim xilof qilmagan.
Bu ham Islom dinining engillik dini ekanligiga yorqin bir dalildir. Insondagi bor zaifliklarni yaxshi bilgan Alloh taolo shariat hukmini joriy qilishda mazkur zaifliklarni hisobga olib qo‘ygan. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Iyul 2022, 17:42 | Savol-javoblar | 140 | Ro‘za
|
Boshqa savol-javoblar