To‘y

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar. Biz yaqinda qiz chiqaryapmiz turibdi. Qudalar ikki o‘g‘illarini uylatirishayapti ammo ikkinchi kelin va u kelin tomon islomdan uzoq va dinga umuman amal qilishmaydi (o‘g‘il bolani sunnat qilish, nikox o‘qitish va janozadan tashqari). Muammo biz xoxlaymiz to‘y islomning talablariga binoan o‘tsin (ayol-erkak umuman alohida, kelin fata kiymaydi va xijobda bo‘ladi). Ikkinchi kelin tomon esa umuman teskari shartlarni qo‘yishayotgan emish ya’ni (Kelin kuyov yigit qiz aralash aylanib kelish, kelin ochiq fata kiyishi, ayol erkak aralash davra bo‘lishi va hokazo) achinarlisi qudalarimiz o‘zlari oilaviy ibodatda bo‘lishlariga qaramasdan kelinlar ikki xil bo‘lib odamlar gap qilmasligi uchun bizni xam noshar’iy talablarga ko‘nishimizni iltimos qilishyapti bo‘lajak kuyovlar shariatga muvofiq to‘y qilmoqchi ammo ota onalari va qarindoshlari yuqoridagi xolat. Agar ma’qul ko‘rsangizlar shu xolatda shariatning xukmi qanday bo‘lishini telegram kanaliga qo‘ysangiz yaxshi bo‘lardi, qudalarimiz xam bu kanalni muntazam kuzatib borishadi va yana qancha birodarlarimiz shunga o‘xshash muammolarga duch kelib turgan bo‘lishlari mumkin. Oldindan rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Bu holatning eng achinarli joyi o‘zini musulmonman deb bilgan insonlar taqdiri qo‘lida bo‘lgan Zotni amrini qadrlamasliklaridir. Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy bir valiyulloh zotni Alloh qalbiga ilhom qilgan so‘zlarini hikoya qilib “Ey bandam odamlar gunoh qilishadi, gunoh qilayotib o‘zidan boshqa odamlarni gapini, muomalasini e’tiborga olishadi, hatto eng qadrsiz bir noloyiq insonlarni rioyasini ham qilishadi. Lekin Meni o‘shanchalik ham qadrlashmaydi, amrimga zid ish qilishaveradi. Gunoh qilayotib hammadan berkitishga harakat qiladi, Meni esa o‘sha berkitayotgan odamlari qadricha ham ko‘rmaydi. Ko‘rib bilib turishimni pisand ham qilmaydi” deganlar. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday insonlar haqida  وَمَا قَدَرُوا اللَّهَ حَقَّ قَدْرِهِ وَالْأَرْضُ جَمِيعًا قَبْضَتُهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَالسَّماوَاتُ مَطْوِيَّاتٌ بِيَمِينِهِ سُبْحَانَهُ وَتَعَالَى عَمَّا يُشْرِكُونَ۝ 67. Ular Allohni O‘ziga loyiq qadrlamadilar. Holbuki, qiyomat kuni er borligicha Uning siqimidadir. Osmonlar esa Uning qudrat qo‘liga yig‘ilgandir. U Zot ular shirk keltirayotgan narsalardan pok va oliydir – deb marhamat qilgan. (Zumar surasi).
Alloh bunday gunoh qiluvchilarga muhlat beradi, lekin aslo unutmaydi. Asosan oilalarni buzilishiga ham ishning boshi Allohni norozi qiladigan ishlar bilan bo‘lishidadir. Vallohu a’lam!

27 Iyul 2022, 16:25 | Savol-javoblar | 157 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar