Ota-onamning muomalasi

Assalomu alaykum! Allohga shukur 5 mahal namoz o‘qiyman, lekin oilada juda ham ko‘p holatda janjal bo‘ladi. Otam va onam tortishishadi, aralashmaslikka harakat qilaman, lekin otam chaqirib bizni oldimizda onamni haqorat qiladilar. 99% holatda bu ichkilik oqibatida. Ko‘p marta oldini olishga harakat qildik, bo‘lmadi, tushuntrmoqchi bo‘ldik bo‘lmadi. Bugun kechqurun ham ichkanlaridan keyin rosa janjal bo‘lgan payti chiday olmay “Allohdan qo‘rqing oilada ota yoki ona emas Qur’on va Sunnat humronlik qilishi kerak. Inson avval Allohning aytkanini qilsa itoat etsa keyin ahli oilasi unga itoat etadi” dedim. Aytguncha juda ko‘p vaqt o‘zimni bosishga harakat qildim, oxiri chiday olmadim. Aytinglarchi otamga oq bo‘ldimmi? Otam va onam tortishganida haqiqatni tarafini olsam ota-onamga oq bo‘lmaymanmi? Ichkilik oqibatida juda ko‘p yomon ko‘rib yurib, lekin ichmagan paytlari oq qildim desalar nima bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Bu juda ko‘p oilalarda bo‘ladigan sinov. Abu Bakr roziyallohu anhuning otalari  u kishidan 20 yil o‘tib Islomni qabul qilgan. U vaqtda ularning bir birlariga bo‘lgan munosabatlari o‘ta ayanchli edi. Shunda ham Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu sabr qilardilar va Islomga kirishlarini so‘rab tinmay duo qilardilar. Ayollaridan biri Asmo onamizning onasi ham shuncha muddatgacha iymonga kelmay yurgan. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan oralarida nikoh qolmagan bo‘lsa ham qizlari bilan onasining o‘rtasi juda yomon edi. Qizlari ham sabr qildi, ular haqida alohida oyat ham nozil bo‘ldi.  وَإِن جَاهَدَاكَ عَلى أَن تُشْرِكَ بِي مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ فَلَا تُطِعْهُمَا وَصَاحِبْهُمَا فِي الدُّنْيَا مَعْرُوفًا وَاتَّبِعْ سَبِيلَ مَنْ أَنَابَ إِلَيَّ ثُمَّ إِلَيَّ مَرْجِعُكُمْ فَأُنَبِّئُكُم بِمَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ۝ 15. Agar ikkovlari seni o‘zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishga zo‘rlasalar, bas, ularga itoat etma! Va bu dunyoda ikkovlari suhbatini yaxshi qil hamda Menga yo‘nalganlarning yo‘liga ergash. So‘ngra qaytishingiz faqat Mengadir. Bas, sizga nima amal qilganingizning xabarini berurman. (Luqmon surasi).
Bunday paytlarda siz bilan biz ham shunday yo‘l tutishimiz kerak. Faqat duo buning davosidir. Chunki hamisha unday insonlarning yonida shayton bo‘ladi va doimiy yomonliklarga buyurib turadi. Solih insonlarni ularning ko‘ziga xunuk qilib ko‘rsatib turadi. Ashraf Ali Tahonaviy rohmatulloh alayh “Bunday insonlar hojatxonada uzoq hojat chiqarib o‘tiradigan insonlarga o‘xshaydi. O‘zining ichidan chiqqan badbo‘yni xis qilmay hidlab o‘tiraveradi. Birortasi yonida kekirib og‘zidan xid chiqsa befarosatdan olib, eng jirkanch odamga chiqarib qo‘yadi” deganlar. Vallohu a’lam!

27 Iyul 2022, 16:42 | Savol-javoblar | 138 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar