Xayvonga ozor berishni xukmi

Assalomu alaykum! Meni ko‘p qiynaydigan gunoxim bor. Bu ishga anchagina bo‘lgan, o‘shanda jaxil ustida bir uloqni beliga tayoq bilan urib sindirib qo‘yganidim, keyin so‘yib xalollab olganmiz. Lekin buni xukmi qanaqa? O‘sha vaqtdagi voqeani eslasam o‘zimdan qo‘rqib ketaman erta vafotimdan keyin nima bo‘ladi deb.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Harom ish qilgansiz. Tavba qilishingiz lozim. عَنْ جَابِرٍ  رضي الله عنه قَالَ: انْكَسَفَتِ الشَّمْسُ فِي عَهْدِ رَسُولِ اللهِ صلي الله عليه وسلم وَسَاقَ حَدِيثًا طَوِيلًا إِلَى أَنْ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صلي الله عليه وسلم: مَا مِنْ شَيْءٍ تُوعَدُونَهُ إِلَّا قَدْ رَأَيْتُهُ فِي صَلَاتِي هَذِهِ، لَقَدْ جِيءَ بِالنَّارِ وَذَلِكُمْ حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَأَخَّرْتُ مَخَافَةَ أَنْ يُصِيبَنِي مِنْ لَفْحِهَا، وَحَتَّى رَأَيْتُ فِيهَا صَاحِبَ الْمِحْجَنِ يَجُرُّ قُصْبَهُ فِي النَّارِ كَانَ يَسْرِقُ الْحَاجَّ بِمِحْجَنِهِ، فَإِنْ فُطِنَ لَهُ قَالَ: إِنَّمَا تَعَلَّقَ بِمِحْجَنِي، وَإِنْ غُفِلَ عَنْهُ ذَهَبَ بِهِ، وَحَتَّى رَأَيْتُ فِيهَا صَاحِبَةَ الْهِرَّةِ الَّتِي رَبَطَتْهَا فَلَمْ تُطْعِمْهَا وَلَمْ تَدَعْهَا تَأْكُلُ مِنْ خَشَاشِ الْأَرْضِ حَتَّى مَاتَتْ جُوعًا، ثُمَّ جِيءَ بِالْجَنَّةِ وَذَلِكُمْ حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَقَدَّمْتُ حَتَّى قُمْتُ فِي مَقَامِي، وَلَقَدْ مَدَدْتُ يَدِي وَأَنَا أُرِيدُ أَنْ أَتَنَاوَلَ مِنْ ثَمَرِهَا لِتَنْظُرُوا إِلَيْهِ، ثُمَّ بَدَا لِي أَنْ لَا أَفْعَلَ، فَمَا مِنْ شَيْءٍ تُوعَدُونَهُ إِلَّا قَدْ رَأَيْتُهُ فِي صَلَاتِي هَذِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
U kishi «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida quyosh tutildi», deb turib, uzun hadis keltirganlar va jumladan, shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizga va’da qilingan nimaiki narsa bo‘lsa, hammasini ushbu namozimda ko‘rdim. Batahqiq, do‘zax keltirildi. Ana o‘sha, olovi menga tegmasin, deb orqaga tisarilganimni ko‘rganingizdir. Hattoki unda ilmoqli aso egasini ham ko‘rdim. Do‘zaxda ichaklarini sudrab yuribdi. U ilmoqli asosi bilan hojilarning (narsasini) o‘g‘irlar edi. Agar bilinib qolsa, «Ilmoqli asoyimga ilinib qolibdi», der edi. Agar g‘ofil qolinsa, olib ketar edi. Unda hattoki mushuk sohibasini ham ko‘rdim. U ayol mushukni bog‘lab qo‘yib, to o‘lgunicha unga taom ham bermagan, erdagi hasharatlardan eyishi uchun qo‘yib ham yubormagan edi. So‘ngra jannat keltirildi. Bu narsa mening oldinga yurganimni ko‘rganingizda bo‘ldi. O‘z maqomimda turdim, qo‘limni cho‘zib, uni ko‘rishingiz uchun mevasidan olmoqchi bo‘ldim. So‘ngra menga buni qilmaslik zohir bo‘ldi. Bas, sizga nimaiki va’da qilingan bo‘lsa, hammasini ushbu namozimda ko‘rdim», dedilar».
Muslim va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Sharh: Avvalgi hadisdagiga qo‘shimcha ravishda ushbu hadisdan olinadigan foydalar: 1. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bu dunyodalik vaqtlarida oxiratda bo‘lishi va’da qilingan hamma narsalar ko‘rsatilganligi. 2. Arzimagan narsani ham o‘g‘irlash juda yomon narsa ekanligi. Chunki egri asoning uchi bilan ko‘p narsa o‘g‘irlash mumkin emas. Lekin o‘sha egri aso bilan o‘g‘rilik qilgan odamning do‘zaxda ichaklari sudralib yurishi oson narsa emas. Shuning uchun birovning haqqidan nihoyatda qo‘rqish lozim. 3. Hayvonlarni azoblash harom ekanligi, bu ishning do‘zaxga tushishga sabab bo‘lishi.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه وسلم قَالَ: بَيْنَا رَجُلٌ يَمْشِي بِطَرِيقٍ اشْتَدَّ عَلَيْهِ الْعَطَشُ، فَوَجَدَ بِئْرًا فَنَزَلَ فَشَرِبَ، ثُمَّ خَرَجَ فَإِذَا كَلْبٌ يَلْهَثُ يَأْكُلُ الثَّرَى مِنَ الْعَطَشِ، فَقَالَ الرَّجُلُ: لَقَدْ بَلَغَ هَذَا الْكَلْبَ مِنَ الْعَطَشِ مِثْلُ الَّذِي كَانَ بَلَغَ مِنِّي، فَنَزَلَ الْبِئْرَ فَمَلَأَ خُفَّهُ مَاءً فَسَقَى الْكَلْبَ، فَشَكَرَ اللهُ لَهُ فَغَفَرَ لَهُ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، وَإِنَّ لَنَا فِي الْبَهَائِمِ لَأَجْرًا؟ فَقَالَ: فِي كُلِّ ذَاتِ كَبِدٍ رَطْبَةٍ أَجْرٌ. رَوَاهُ الشَّيْخَانِ Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: 
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Bir odam yo‘lda bora turib, qattiq chanqadi. Bir quduq topib, tushib, suv ichdi. So‘ngra chiqib, qarasa, bir it chanqoqdan tili osilib, tuproq emoqda. Haligi odam «Bu it ham menga o‘xshab chanqabdi», dedi-da, quduqqa tushib, maxsisiga suv to‘ldirib chiqib, itga tutdi. Bas, Alloh uni taqdirladi va mag‘firat qildi», dedilar.«Ey Allohning Rasuli, bizga hayvonlarda ham ajr bormi?» deyishdi.«Har bir ho‘l jigari bor narsada ajr bordir!» dedilar».
Ikki Shayx rivoyat qilganlar:
Sharh: Bu hadisi sharifda mavzuga, hayvonni sog‘ib, ichib turishga berishga tegishli hech narsa yo‘q. Uni bu joyda keltirishdan birdan-bir maqsad, hayvonlarga mehribon bo‘lish, ularni qiynamaslik, xolos. Chunki Islomda har bir jonzotga yaxshilik qilgan inson ajru savob olishi qayta-qayta ta’kidlangan. It uncha marg‘ub hayvonlardan emas. Lekin suvsiz qolgan itga suv tutgan kishini Alloh taolo taqdirlashi, uning gunohlarini kechirishi katta ma’noni anglatadi. Hozirgi ba’zi bir odamlarning avvalo hayvonlarni shafqatsiz ravishda qirib bo‘lib, keyin ularga mehr ko‘rsatish jamiyatlarini tuzayotganlaridan xabarimiz bor. Bundan o‘n to‘rt asr ilgari esa Islomda hayvonlarga mehr ko‘rsatish namunalari voqe’likda qanday bo‘lganligini ushbu hadisdan ko‘rib turibmiz. Har qanday hayvonga mehr ko‘rsatish musulmon odamning burchi bo‘lganidan keyin o‘ziga vaqtincha sog‘ib, sutini ichib turish uchun berilgan hayvonni ardoqlash ham lozimdir. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

23 Avgust 2022, 21:14 | Savol-javoblar | 165 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar