Nasr surasining tafsiri

Assalomu alaykum! Nasr surasining tafsirida Allohning nusrati va fatx kelsa uni poklashga va istig‘for aytishga buyurilganmiz. «Allohning nusrati kelsa» dan murod kundalik xayotimizdagi ishimiz muvaffakiyatli bo‘lishni xam tushunamizmi? Ya’ni bunday vaziyatda xam istig‘for aytishimiz kerakmi? Garchi kichik ishlar bo‘lsa xam?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! "Tafsiri Hilol" kitobida quyidagicha keladi:إِذَا جَاء نَصْرُ اللَّهِ وَالْفَتْحُ۝وَرَأَيْتَ النَّاسَ يَدْخُلُونَ فِي دِينِ اللَّهِ أَفْوَاجًا۝فَسَبِّحْ بِحَمْدِ رَبِّكَ وَاسْتَغْفِرْهُ إِنَّهُ كَانَ تَوَّابًا۝1. Vaqtiki, Allohning nusrati va fath kelsa...
2. Va odamlarning Allohning diniga to‘p-to‘p bo‘lib kirayotganlarini ko‘rsang...
3. Bas, Robbingni hamd ila poklab yod et va Undan mag‘firat so‘ra. Albatta, U tavbani ko‘plab qabul qiluvchidir.
Albatta, Alloh taoloning nusrati va fathning kelishi, odamlarning jamoa-jamoa bo‘lib Allohning diniga kirishlari ulug‘ ne’matdir. Unga munosib ravishda shukr qilish lozim. Bu Alloh taoloni barcha nuqsonlardan poklab yod etish, U Zotga hamdu sanolar aytish bilan bo‘ladi.
Ammo surai karimadagi Allohning nusrati va fath kelganida, odamlar to‘p-to‘p bo‘lib Allohning diniga kirganlarida istig‘for aytish – gunohlarni kechishni so‘rash o‘ziga yarasha hikmatga egadir. Alloh taoloning nusrati va fath kelguncha o‘tgan kurash va jihod davrida, qiynalgan paytlarida kishilar tushkunlikka tushgan, noumid bo‘lgan, xayoliga ba’zi salbiy fikrlar kelgan bo‘lishi mumkin. Ana shuning uchun g‘alaba paytida istig‘for aytishga amr qilinmoqda. Shuningdek, nusrat va g‘alaba kelgandan keyin bandaning qalbida bir oz g‘ururlanish paydo bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun ham oyatda bunday holatda istig‘for aytishga amr qilinmoqda. Bu amrga itoat misolini Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy misollarida aniq ko‘ramiz. Ul zot sollal-lohu alayhi vasallam Makka fathi kuni shaharga tavoze’ qilib, muborak peshonalari egar qoshiga tegay deb, egilgan hollarida kirganlar.
Ushbu surai karimada Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlariga ishora borligi uchun u «Vidolashuv» surasi deb ham vasf qilinadi. Ushbu sura nozil bo‘lganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga: «Shuni mening ajalim hozir bo‘lgani deb bilaman», – deganlar.
Imom Qurtubiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda: «Ushbu sura Vidolashuv hajida Minoda nozil bo‘ldi, so‘ngra «Bugungi kunda Men sizga diningizni mukammal qilib berdim» oyati nozil bo‘ldi. Ikkovlaridan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sakson kun yashadilar», deyilgan.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Umar meni Badr shayxlariga qo‘shar edi. Ba’zilariga bu yoqmas edi. O‘shalar unga:
– Nima uchun bolamiz tengi odamni bizga qo‘shasan?! – dedilar. U esa:
– U o‘zingiz bilgan odam! – dedi. Bir kuni u meni chaqirib, ularga qo‘shdi. Ularga mening kimligimni bildirib qo‘yish uchun qo‘shganini bilib turardim. Keyin Umar:
– Alloh taoloning «Izaa jaa’a nasrullohi val fathu» degan qavliga nima deysizlar? – dedi. Ulardan ba’zilari:
– Qachon bizga nusrat yoki fath bersa, Allohga hamd va istig‘for aytishga amr qilindik, deymiz, – dedilar. Ba’zilari esa sukut saqlab, biror narsa demadilar. Shunda u menga:
– Sen ham shunday deysanmi, ey Ibn Abbos?! – dedi.
– Yo‘q, – dedim.
– Nima deysan? – dedi.
– Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ajallaridir. Alloh buni u zotga bildirdi. «Vaqtiki, Allohning nusrati va fath kelsa...» (oyati) o‘sha ajalning alomatidir. «Bas, Robbingni hamd ila poklab yod et va Undan mag‘firat so‘ra. Albatta, U Tavvobdir», – dedi, – dedim. Shunda Umar:
– Allohga qasamki, men ham bu borada faqat sen aytgan narsanigina bilaman, xolos, – dedi».
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam umrlarining oxirida «Subhanallohi va bi hamdihi, astag‘firullohi va atubu ilayhi»ni ko‘p takrorlaydigan bo‘lib qoldilar va: «Robbim kelajakda ummatimda bir alomat ko‘rishimning xabarini bergan edi va shu alomatni ko‘rganimda tasbeh, hamd va istig‘for aytishga buyurgan edi», – deb «Izaa jaa’a»ni o‘qirdilar!»
Shu mazmundagi boshqa rivoyatlarni ham o‘rgangan ulamolar: «Alloh taolo bilan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam oralaridagi alomat «Nasr» surasining tushishi edi», – deydilar.
Rivoyat qilinganki, «Nasr» surasi nozil bo‘lganda Payg‘ambarimizning amakilari Abbos ibn Abdulmuttolib yig‘lagan ekanlar. Nabiy alayhissalom u kishidan:
– Nimaga yig‘layapsan? – deb so‘raganlarida:
– Sizga vafotingizning xabari kelgani uchun yig‘layapman, – debdilar. Shunda u zot alayhissalom:
– Ish sen aytganingdek, – degan ekanlar. Vallohu a’lam!

23 Avgust 2022, 21:54 | Savol-javoblar | 180 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar