Shu ishda ishlashim to‘g‘rimi

Assalomu alaykum! Men qurilish mollari sotiladigan do‘konda ishlayman oddiy ishchi bo‘lib xo‘jayinlarni aytganini qilib mahsulotlarni mijozlarning mashinalariga yuklab beramiz bo‘sh vaqtimizda mahsulotlarni saralaymiz shunday vaqtlarda bazan mahsulotlarning sifatsizroqlar chiqib qoladi (bu mahsulotlar sifatsizroq lekin qurulishda ishlatish mumkin) xo‘jayinlar bizga o‘sha sifatsiz mahsulotlarni sifatli mahsulotlarning orasiga qo‘shib yuborishimizni buyurishadi biz bunday vaziyatlarda nima qilishimiz kerak?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sifatsiz molni sifatlilarining orasiga qo‘shib, uni xaridorga bildirmay yashirib sotish shar’an halol emas. Boshlig‘ingiz shunga buyursa itoat qilmang. وَمَرَّ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِرَجُلٍ يَبِيعُ طَعَامًا فَسَأَلَهُ كَيْفَ تَبِيعُ؟ فَأَخْبَرَهُ، فَأُوحِيَ إِلَيْهِ أَنْ أَدْخِلْ يَدَكَ فِيهِ فَأَدْخَلَ يَدَهُ فَإِذَا هُوَ مَبْلُولٌ، فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَلَيْسَ مِنَّا مَنْ غَشَّرَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَمُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ وَلَفْظُهُمَافَقَالَمَا هَذَا يَا صَاحِبَ الطَّعَامِ؟ قَالَأَصَابَتْهُ السَّمَاءُ يَا رَسُولَ اللهِ، قَالَأَفَلَا جَعَلْتَهُ فَوْقَ الطَّعَامِ كَيْ يَرَاهُ النَّاسُ، ثُمَّ قَالَمَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنِّي«Nabiy sollallohu alayhi vasallam taom sotayotgan odamning oldidan o‘tayotib: «Qanday sotyapsan?» deb so‘radilar. U xabar berdi. Shunda u zotga «Qo‘lingni u(taom)ning ichiga tiq», deb vahiy qilindi. U zot qo‘llarini tiqsalar, ho‘l ekan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim aldasa, bizdan emasdir», dedilar».
Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Muslim va Termiziyning lafzida:
«U zot:
«Ey taom egasi! Bu nima?!» dedilar.
«Yomg‘ir tekkan edi, ey Allohning Rasuli», dedi.
«Odamlar ko‘rishlari uchun buni taomning ustiga qilsang bo‘lmasmidi! Kim aldasa, mendan emas!» dedilar»
, deyilgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharifdagi taom deb nomlangan va savdoga qo‘yilgan mol bug‘doy bo‘lib, unga yomg‘ir tegsa, shishib, og‘ir bo‘lib qoladi. Shuning uchun sotuvchi o‘lchovda foyda ko‘radi. Ikkinchidan, suv tekkan bug‘doyni saqlash qiyin bo‘ladi. Shuning uchun uning aybini aytmay sotish aldamchilik hisoblanadi.
Ushbu hadisdan savdo-sotiq bo‘yicha bir qancha foydalar olinadi:
1. Islom dinining savdo-sotiq, iqtisodiy ishlarda ham o‘z ta’limotlariga ega ekanligi.
2. Mas’ul kishilar savdo-sotiq ishlari shariatga muvofiq borishini kuzatib turishlari lozimligi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning so‘rashlari va qo‘llarini solib, tekshirib ko‘rishlari shuni ko‘rsatadi.
3. Savdo molida ayb bo‘lsa, uni xaridorga aytish yoki ko‘rsatish lozimligi. Aybini ko‘rib turib, olsa, o‘zining ishi.
4. Savdodagi aldamchilik qilish savdogarni musulmonlik doirasidan chiqarishi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Mendan emas» deganlari «Mening dinimda emas», deganlaridir.
Endi bugungi katta-kichik savdogarlarning qilayotgan ishlariga bir nazar solaylik.
Savdoning qaysi turi bo‘lsa, hammasida xaridorni yaxshilab aldash uslubi ishlab chiqilgan. Nima qilib bo‘lsa ham xaridorni aldab, molni o‘tkazib olishdan boshqa tashvish yo‘q.
Yaxshi, sifatli molni ko‘rgazmaga qo‘yib, yomonini tortib yoki o‘lchab berish – eng oson uslub.
Avvalgilarga o‘xshab, yomg‘ir tegib qolgandi, deyish yo‘q. Ziroat mahsulotini bozorga uzib yoki terib olishdan oldin, albatta, tomiridan to‘yib ichib olganicha suv qo‘yiladi. Mahsulot tarozi bosadigan bo‘lgandan keyin bozorga olib chiqiladi. Albatta, uni egan odamni dard bosadi.
Bozorda sherigining shirin anorini so‘yib, ko‘rgazmaga qo‘yib, o‘zining achchiq anorini pullaydiganlar ham yo‘q emas.
Qo‘yingki, inson bolasining aqliga sig‘maydigan narsalar, hiyla-nayranglar bozorda uchraydi. Ushbu narsalarni kasb qilib olgan aldamchilarning o‘zini musulmonman, deb atashga, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummatidanman, deyishga haqlari bormikan?!
Alloh taolodan qo‘rqish kerak. Aldamchilikni tashlash kerak. Aldamchilik bilan topilgan mol-dunyo harom bo‘ladi. Egasiga yuqmaydi. Boshiga bitgan balo bo‘ladi. Qiyomatda ham sharmanda qiladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

16 Sentabr 2022, 20:20 | Savol-javoblar | 148 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar