Halol so‘yilganiga shubhalanish

Assalomu alaykum! Bir masalada shubhalanish bor edi shunga oydinlik kiritmoqchi edim. Biz uyda tovuq, xo‘roz boqamiz. Yaqinda yaxshi yurgan xo‘rozimiz bir payt qarasak yomonashib yoribdi. Uni tezda so‘yish uchun olib boshqa hayvonalar nazari tushmaydigan joyga olib bordim tirik edi. Keyin pichoq olib chiqunimcha orada 2-3 minut o‘tdimi ko‘zini yumib olibdi. Keyin Bismillohni aytib so‘ydim. Qoni otilib chiqmadi. Keyin shubhaga bordim. Ulgurmadimikin deb uydagilarga aytsam tashlab yuborishga ko‘zlari qiymadi patini yulib tozalab go‘shtini olib qo‘yishdi. Shuni go‘shtini eyish joizmi? Yorib ko‘rganimizda tiqilib qolgan shekili.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Eyish joiz emas. Siz aytgan suratda tasmiya aytib, kekirdagidan so‘yib halollab olish kerak edi. Jonivorni halol bo‘lishi uchun uchta narsa shartdir.
1). So‘yilayotgan vaqtda tirik bo‘lishi.
2). Jonivorning joni so‘yish bilan chiqishi.
3). Harami sharifning ov hayvoni bo‘lmasligi.
1-shart. Abu Hanifa rahmatullohi alayhning nazdalarida, birinchi shartga ko‘ra ozmi-ko‘pmi tirik bo‘lsa bo‘ldi. Chunki shu holatda so‘yilsa ham Alloh taoloningحُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالْدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلاَّ مَا ذَكَّيْتُمْ Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zgaga atab so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan, yirtqich egan hayvonlar ...harom qilindi... – magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol)(“Tafsiri Hilol” kitobidan “Moida” surasi 3-oyat)magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol) – degan qavliga muvofiq bo‘ladi.
Agar so‘yishdan avval havonning tirikligi ma’lum bo‘lsa, so‘yganidan keyin tiriklardek harakatlanishi va otilib qon chiqishi shart emas. Agar hayvon kasal bo‘lgani uchun yoki bo‘g‘ilib qolgani uchun, biror boshqa hayvon suzib yuborgani uchun harakatdan to‘xtab hayvonning tirikligi haqida shakka borilsa, uni so‘yib ko‘riladi. Agar harakatlansa va undan odatdagidek qon chiqsa, bu uning tirik ekanligi alomati bo‘lib, uni eyish halol bo‘ladi.
Harakatidan murod, so‘yishdan oldingi tirik ekanligiga dalolat qiladigan harakat iroda qilingan. Masalan ochilib qolgan og‘zini yumish, ko‘zini yumish, oyog‘ini yig‘ib olish, tuklari tikka turishi kabilar. Agar og‘zini ochsa yoki ko‘zni ochsa, oyog‘ini cho‘zsa, tuklari yotsa, so‘yishdan avval uni tirikligiga dalolat qilmaydi.
Odatdagidek qon chiqishdan murod, tirikligi aniq hayvon so‘yilganda qon chiqqani kabi qon chiqishidir.
Shu qavl hanafiylar nazdida fatvo uchun qabul qilingandir.
2-shart. Jonivorning joni so‘yish bilan chiqishi. Agar hayvon so‘yish orqali joni chiqmay, so‘yish bilan birga boshqa amal bilan ham joni chiqsa, uni eyilmaydi. Masalan bir hayvonni kamon o‘qi kabi narsa bilan otganidan keyin suvga tushib, bo‘kib o‘lsa, uni eyilmaydi.
3-shart. Harami sharifning jonivorlaridan ovlangan bo‘lmasligi kerak. Vallohu a’lam!

23 Sentabr 2022, 22:58 | Savol-javoblar | 123 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar