Yolg‘on qasam

Assalomu alaykum! Men oilam buzilib ketmasligi uchun yolg‘on qasam ichdim. Arzimagan rasm ustida ovsinim bilan tortishib qoldik. Man yuborgan edim, lekin bolalarim bosib yuborgan deb qasam ichdim. Bilmagan edim bu darajaga etib borishini. Endi bu gunoximni qanday yuvsam bo‘ladi? Tovba qildim.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taologa tinmay istig‘for ayting, tavba qiling. Bu gunohga boshqa hech qachon qo‘l urmang. Haqiqiy tavba qilib, unga qaytgan bandasini Alloh taolo qabul qiladi, O‘z rahmatiga oladi. Alloh taolo "Zumar" surasida marhamat qiladi:  قُلْ يَا عِبَادِيَ الَّذِينَ أَسْرَفُوا عَلَى أَنفُسِهِمْ لَا تَقْنَطُوا مِن رَّحْمَةِ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ يَغْفِرُ الذُّنُوبَ جَمِيعًا إِنَّهُ هُوَ الْغَفُورُ الرَّحِيمُ۝53. (Mening nomimdan) ayt: «Ey o‘z jonlariga javr qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar. Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Imom Buxoriy Sa’iyd ibn Jubayr roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko‘plab gunohlar qilgan bir guruh mushriklar Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Albatta, sen da’vat qilayotgan narsa juda ham go‘zal. Qani ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?» deb so‘rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani nozil qilgan ekan.
Tafsirchi ulamolarimizning ta’kidlashlaricha, bu oyati karima Qur’ondagi umidvorlik baxsh etuvchi eng kuchli oyat hisoblanadi. Bu oyatda bandalar uchun eng ulug‘ bashorat bor.
Avvalo, Alloh taolo:
«Ey o‘z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim», deb bandalariga O‘z nisbatini bermoqda.
Aslida «isrof» deb mol-dunyoni ortiqcha sarflashga aytiladi. Biroq, bu so‘z ma’naviy jihatdan haddan oshishga nisbatan ham ishlatiladi. Binobarin, gunoh qilgan odam isrofchi bo‘ladi, chunki u Alloh belgilab qo‘ygan haddan (chegaradan) chiqqan hisoblanadi. Gunoh tufayli haddidan oshgan odam o‘ziga zarar, jabr qiladi. Alloh taolo ushbu oyatda bandalarning gunoh sababli isrofga yo‘l qo‘yib, o‘zlariga jabr etishini aytmoqda.
«Allohning rahmatidan noumid bo‘lmang
Uning rahmati juda kengdir. «Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat etar».
Alloh taolo «Niso» surasida shirkdan boshqa barcha gunohlarni mag‘firat etishini ta’kidlagan. Chunki,
«Albatta, Uning O‘zi o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir».
Tavba qilgan bandalarning gunohlarini kechiradi.
Avval aytib o‘tilganidek, mufassirlarimiz bu oyati karimani Allohning Kitobidagi eng umidli oyat deb ta’kidlaydilar va ayni paytda bu umidning gunohga tashviq etuvchi umid emasligini ham qattiq uqtiradilar. Ya’ni Alloh barcha gunohlarni kechiradi, degan umid bilan bila turib gunohlarda davom etishning farqi bor. Bu oyatda Allohning qonun-qoidalarini bilmay, avval gunoh qilib yurganlar ham mag‘firatdan umid uzmasliklari kerakligi aytilyapti. Bu haqiqatni oyatning nozil bo‘lish sababidan ham bildik. Vallohu a’lam!

14 Oktabr 2022, 14:54 | Savol-javoblar | 257 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar