Ota onaga xurmatsizlik emasmi?

Assalomu alaykum! Xalqimiz orasida ota onalar xaqida gapirganda ota onamni ko‘rgani bordim so‘zi o‘rniga choli kampirni ko‘rgani bordim yoki onam deyish o‘rniga mamashkam deydiganlarga ko‘p guvoh bo‘lganman. Manga o‘ta xunuk eshitiladi. Bu xaqida dinimiz nima deydi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ota-onaning farzand ustidagi haqlari juda ulug‘dir. O‘sha haqlaridan biri farzandlar ularni hurmat qilishlaridir. Shariatimiz ota-onaga ozor beruvchi so‘zlarni aytish u yoqda tursin, hatto xunuk nazar bilan qarashdan ham qaytargan. Savoldagi holat, ya’ni ota-onani “cholu-kampir” yoki “mamashka” kabi ular haqorat deb hisoblaydigan nom bilan atash farzandni oqq bo‘lishiga olib keladi. Bu gunohi kabiradir. Alloh taolo “Isro” surasida quyidagicha marhamat qilgan: وَقَضَى رَبُّكَ أَلاَّ تَعْبُدُواْ إِلاَّ إِيَّاهُ وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا إِمَّا يَبْلُغَنَّ عِندَكَ الْكِبَرَ أَحَدُهُمَا أَوْ كِلاَهُمَا فَلاَ تَقُل لَّهُمَآ أُفٍّ وَلاَ تَنْهَرْهُمَا وَقُل لَّهُمَا قَوْلاً كَرِيمًا۝ 23. Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka etsalar, bas, ularga «Uff», dema, ularga zajr qilma va ularga karamli so‘z ayt! وَاخْفِضْ لَهُمَا جَنَاحَ الذُّلِّ مِنَ الرَّحْمَةِ وَقُل رَّبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا۝ 24. Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va: «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», – deb ayt.
Farzand hamisha ota-ona xizmatiga tayyor turishi lozim. Chunki ular farzandining xizmatini qoyillatib qilishgan. Shuningdek, ular farzand kamoli, unib-o‘sishi – hayotini umid qilib uning qiliqlariyu ozorlarini ko‘tarishgan. Farzand esa, garchi ular ozoriga sabr qilsa ham, bu ularning o‘limigacha davom etadi, xalos. Qay birining haqi-xizmati ulug‘ ekaniga o‘zingiz baho bering. وَوَصَّيْنَا الْإِنسَانَ بِوَالِدَيْهِ حَمَلَتْهُ أُمُّهُ وَهْنًا عَلَى وَهْنٍ وَفِصَالُهُ فِي عَامَيْنِ أَنِ اشْكُرْ لِي وَلِوَالِدَيْكَ إِلَيَّ الْمَصِيرُ۝ «(Biz insonga buyurdikki): «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Yolg‘iz o‘zimga qaytajaksan!» (Luqmon surasi, 14-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytganlar: «Uch oyat uch narsaga bog‘liq bo‘lib tushgan. Ularning biri sherigisiz qabul qilinmaydi.
Birinchisi:
«Ey mo‘minlar, Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz!» (Muhammad surasi, 33-oyat).
Kimki Allohga itoat etsa-yu, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat etmasa, bu qabul qilinmaydi.
Ikkinchisi:
«Namozni ado qilinglar va zakotni beringlar!» (Baqara surasi, 43-oyat).
Kimki namoz o‘qisa-yu, zakot bermasa, qabul qilinmaydi.
Uchinchisi:
«Sen Menga va ota-onangga shukr qil!» (Luqmon surasi, 14-oyat).
Kimki Allohga shukr qilsa-yu, ota-onasiga shukr qilmasa, qabul qilinmaydi».
Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Parvardigor roziligi ota roziligida. Parvardigor noroziligi ota noroziligida (Ota rozi – Xudo rozi, ota norozi – Xudo norozi)», deganlar (Hokim rivoyati).
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib jihodga borishga izn so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ota-onang hayotmi?» deb so‘radilar. U: «Ha», degan edi, «Ular yo‘lida jihod qilgin», dedilar» (Muttafaqun alayh).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlarga gunohi kabiralarning eng kattalari haqida xabar beraymi? (Ular) Allohga shirk keltirish va ota-onaga oq bo‘lish», dedilar (Muttafaqun alayh).
Ota-onaga yomon munosabatda bo‘lish, ularga yaxshilik qilmaslikni shirkdek eng ulkan gunoh bilan yonma-yon zikr qilganlariga ham bir e’tibor bering.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uch toifa odamga Alloh qiyomat kunida qaramaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan kimsaga; mast qiluvchi narsaga mukkasidan ketgan kimsaga va bergan narsasini minnat qiluvchi kimsaga», dedilar» (Nasoiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining o‘z ota-onasini so‘kishi gunohi kabiralardandir», dedilar. «Yo Rasululloh, inson o‘z ota-onasini ham so‘kadimi?» deb so‘rashgan edi, «Ha, – dedilar. – Boshqa kishining otasini so‘kkanda, u buning otasini so‘kadi. Onasini so‘kkanda esa, buning onasini so‘kadi» (Muttafaqun alayh).
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu aytadilar: «Bir kishi: «Yo Rasululloh, mening mol-mulkim va bolalarim bor. Otam esa mol-mulkimni olib qo‘ymoqchi», degan edi, u zot: «O‘zing ham, moling ham otangnikidir», dedilar» (Ibn Moja rivoyati).
Bir kishi Abu Dardo roziyallohu anhuning huzuriga kelib: «Ey Abu Dardo, men bir ayolga uylandim. Biroq onam uni taloq qilishimni buyurdi», degan edi, Abu Dardo: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Ota-ona jannatning eng o‘rta eshigidir», deganlarini eshitganman. Xohlasang shu eshikni buzib tashla, xohlasang saqlab qol», dedilar (Termiziy, Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Uch xil duoning ijobat bo‘lishida shak-shubha yo‘q, (ular): mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandi haqqiga qilgan duosi» (Termiziy rivoyati).
Rivoyat qilinishicha, Alloh gunohlardan xohlaganini qiyomat kuniga olib qo‘yadi. Biroq ota-onasiga oq bo‘lish bundan mustasno. Alloh ota-onasiga oq bo‘lgan odamni o‘lmasidan oldin shu dunyoning o‘zida jazolaydi.
Rivoyat qilinishicha, kimki ota-onasini haqorat qilsa, (dafn qilinganidan) so‘ng uning qabriga, osmondan erga tushadigan har bir tomchi miqdoricha qizib turgan cho‘g‘ tushadi.
Rivoyat qilinadiki, ota-onasiga oq bo‘lgan kimsa dafn qilinsa, qabri uni qattiq siqadi. Hattoki, uning qovurg‘alari bir-biriga kirib ketadi. Qiyomat kunida eng qattiq g‘azabga giriftor bo‘ladigan insonlar uch toifa bo‘lib, ular mushrik, zinokor va ota-onasiga oq bo‘lgan kimsadir.
Ka’bul Ahbor rahmatullohi alayh aytadilar: «Banda ota-onasiga oq bo‘lsa, Alloh tezroq azob berish uchun uni tezda halok etadi. Banda agar ota-onasiga mehribon bo‘lsa, yanada ko‘proq yaxshilik va mehribonlik qilishi uchun Alloh bu bandaning umrini uzun qilib qo‘yadi».
Ka’bul Ahbordan: «Ota-onaga oq bo‘lish nima?» deb so‘rashgan edi, u kishi: «Agar otasi yoki onasi uning nomidan qasam ichsa, qasamini oqlamaydi. Biror ishga buyursa, buyrug‘iga itoat etmaydi. Biror narsa so‘rasa, bermaydi va omonat qo‘ysa, xiyonat qiladi», deb javob berdilar. «Gunohi kabiralar» kitobidan. Vallohu a’lam!

27 Oktabr 2022, 10:10 | Savol-javoblar | 257 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar