Hadislarni mutanosiblashtirish

Assalomu alaykum! Men quyidagi ikki hadisni mutanosiblashtira olmayapman: 1. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: "Agar inson vafot etsa amali undan uziladi. Lekin uch narsada uzilmasdan bardavom bo‘ladi. 1. Joriy qilib qo‘ygan sadaqa. 2.Foyda beradigan ilm. 3. Duo qiluvchi solih farzand." 2 (Roviysini bilmayman) "Kimki biror yaxshi sunnatni joriy etsa, unga amal qiluvchilarning savoblaridan o‘z ulushini olib turadi, kimki yomon sunnatni joriy etsa, unga amal qiluvchilarning gunohlaridan o‘z ulushini olib turadi". Köpgina domlalarning bu qiyomatgacha bo‘ladi deb aytayotganini eshitdim. O‘lgandan keyin ham amal daftarimizga gunoh yozilishi mumkinmi yoki amal daftarimiz yopilib unga (birinchi hadisda aytilgan uch narsadan etadigan savobdan tashqari) hech bir narsa yozilmaydimi yoki hadislarni birortasi to‘qimami?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ushbu ikki hadis orasida biror ziddiyat yo‘q. Chunki kishi paydo qiladigan go‘zal sunnat ham sadaqai joriya ichiga kiradi. وَعَن أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا مَاتَ ابْنُ آدَمَ انْقَطَعَ عَمَلُهُ إِلاَّ مِنْ ثَلاَثٍ صَدَقَةٍ جَارِيَةٍ أَوْ عِلْمٍ يُنْتَفَعُ بِهِ أَوْ وَلَدٍ صَالِحٍ يَدْعُو لَهُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ البُخَارِيَّAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Qachonki odam bolasi o‘lsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqadan, manfaat oladigan ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi», 
dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmaganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharif ham Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda.
Ma’lumki, musulmon kishi sof niyat bilan qilgan har bir yaxshi amali uchun savob olishga musharraf bo‘ladi. Kiromul kotibin farishtalar uning «Nomai a’moli»ga zarra miqdoricha yaxshiligi bo‘lsa ham, o‘shanga yarasha savobni yozib turadilar. Agar bemor bo‘lib, uzr ila odatdagi yaxshilik amalini qila olmay qolsa ham, farishtalar unga xuddi o‘sha amalni qilgandek savob yozadilar. Vaqti-soati kelib, inson vafot etsa, yaxshi amallarini mutlaqo qila olmay qoladi. Bundan keyin qilishdan ham umid uziladi. Endi undan hayotligidagi amallari – qiladigan ibodat va yaxshiliklariga yoziladigan savoblar ham kesiladi. Namoz o‘qiganligi, ro‘za tutganligi, tilovat, zikr qilganligi va boshqa yaxshi amallarni qilganligi uchun yoziladigan savoblar to‘xtaydi. Chunki endi u vafot etdi – ibodat qilishdan, amali solih qilishdan to‘xtadi. Shuning uchun har bir mo‘min banda tirik chog‘ida solih amalni ko‘proq qilib qolishga urinmog‘i lozim.
Shu bilan birga, mo‘min kishiga tiriklik chog‘ida oxiratni o‘ylab, vafotidan keyin ham savobi uzilmay, borib turadigan amallarni qilib olish imkoni berilgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ushbu hadislarida odam bolasi vafot etganidan so‘ng amali kesilishini aytish bilan birga, undan keyin ham savobi etib turadigan amallar uchta ekanligini ta’kidlamoqdalar:
1.«Joriy sadaqa».
«Joriy sadaqa» deyilganda musulmonlarga doimiy ravishda foyda berib turadigan xayrli ishlar ko‘zda tutiladi. Misol uchun, ko‘pchilik foydalanishi uchun qurilgan ko‘prik, quduq yoki ariq qazib, suv keltirish, doimiy manfaat berib turadigan boshqa vaqflar shular jumlasidandir. Toki bu narsalardan mo‘min-musulmonlar foyda olib turar ekanlar, o‘sha ishlarni qilgan odamga uning vafotidan keyin ham savob yozilib turadi.
Musulmonlar bu toifa ishlarni qadimdan ixlos bilan qilib kelganlar. Islom olamining turli joylarida ko‘plab vaqflar tashkil qilganlar. Beva-bechoralarga, tolibi ilmlarga, musofirlarga, hojilarga, qariyalarga, hatto egasiz, adashib qolgan hayvonlarga atalgan vaqflar bo‘lgan. O‘sha vaqflar orqali mazkur toifalar doimiy ravishda manfaat olib turganlar. Mazkur xayrli ishlarni qilgan kishilarning «Nomai a’mol»lariga ularning vafotlaridan keyin ham savob yozilib, oxiratlariga foyda berib kelgan. Agar joriy sadaqalari qiyomatgacha musulmonlarga foyda berib tursa, ularga ham qiyomatgacha savob qo‘shilib turaveradi.
2. «Manfaat olinadigan ilm».
Mo‘min odam o‘z vafotidan so‘ng ortidan manfaat beradigan ilm qoldirsa, savobi uzilmaydigan amal qoldirgan bo‘ladi. Bu esa ilmning asari doimiy bo‘lishidir. Kishi qanday qilib o‘zidan keyin manfaat beradigan ilm qoldira oladi?
Bu ish avvalo boshqalarga ilm o‘rgatish bilan amalga oshadi. Modomiki, shogirdlar, shogirdlarning shogirdlari o‘sha ilmni ishlatmoqdami, kishilarga manfaati etmoqdami, ustozga savob yozilib turaveradi.
Ikkinchisi kitob yozib qoldirish bilan bo‘ladi. Qur’on, hadis va diniy ilmlar bo‘yicha, musulmonlarga foyda keltiradigan boshqa ilmlar bo‘yicha iymon va ixlos bilan kitob yozib qoldirgan kishiga, agar kitobidan musulmonlar foydalanib turishsa, u o‘lganidan keyin ham savob etib turaveradi.
Uchinchisi ilm yo‘lida xizmat qilish bilan bo‘ladi. Misol uchun, imkoniyati bor odam tolibi ilmlarga, ustozlarga ilm yo‘lida yordam berib, madrasa qurdi, kitob chop ettirdi, o‘z mablag‘idan kutubxona qildi. Mana shunga o‘xshash ishlar ilm yo‘lida xizmat qilish hisoblanadi. Bularni qilgan odamlar vafot etib ketsalar ham, savoblari uzilmay, ularga borib turadi.
Mo‘min-musulmonlar bu kabi ishlarga doimo katta e’tibor berib kelganlar. Shuning uchun ham Islomga to‘liq amal qilingan davrlarda musulmon olamida ilm keng miqyosda tarqalgan, dunyo ahamiyatiga molik ulug‘ allomalar etishib chiqqanlar. Musulmonlarchalik ko‘p olim etishtirgan millatni tarix bilmaydi. Shuningdek, ilm o‘rganuvchilar ham ko‘p bo‘lgan. Bu holatni yaxshilab o‘rgangan g‘arblik sharqshunoslardan biri insof bilan: «Musulmonlar yoppasiga madrasaga qatnaydigan millat bo‘lgan», deb yozadi. Musulmon hokimlar va boylar ham ilm yo‘lida xizmat qilish uchun katta himmat ko‘rsatganlar. Nafaqat ular, balki har bir musulmon ilm yo‘lida qo‘lidan kelgan ishni qilgan. Dehqonlar madrasalarning vaqf erlarida navbat bilan Alloh yo‘lida, haq olmay, ishlab berganlar. Hunarmandlar hunari bilan, chorvadorlar chorvasi bilan, xullas, har kim o‘z imkoniga qarab, bu ishga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shganlar. Shu tariqa xalq ilmiy ishlarni yo‘lga qo‘yishda faol qatnashgan. Ularning bu ishlarda fidokorlik ko‘rsatishdan birdan-bir maqsadlari, doimiy ravishda savobi uzilmay, etib turadigan amallarga etishish edi. Alloh taolo, albatta, ularni noumid qilmagan.
Hozirda kitoblari o‘qib turilgan ulamolarga, albatta, ilmlarining savobi etib turibdi. Ularning shogirdlarining shogirdlari Allohga: «Ustozlarimizni mag‘firat qilgin», deb duo qilib turibdilar. Ular qurgan madrasalaru qoldirgan vaqflari, qo‘lyozmalari va boshqa asarlardan hosil bo‘lgan savoblar ham tinmay etib turibdi.
3. «Haqqiga duo qiladigan solih farzand».
Mo‘min kishi vafot etganidan keyin ham, agar farzandi uning haqqiga duo qilsa, savobi etib turadi. Buning uchun esa mo‘min-musulmon kishi o‘z farzandini duo qiladigan taqvodor musulmon qilib tarbiyalashi lozim. Zotan, mo‘min ota-onaning farzand ko‘rish va uni tarbiya qilishdan maqsadi ham shu. Ota-ona «o‘lganimdan keyin meni yo‘qlasin, haqqimga duo qilsin», deb farzand boqadi. diniy tarbiya berishdan maqsad ham shu! Farzandning mo‘min-musulmon, taqvodor bo‘lishi, ota-onasining ortidan duo qilib turish mas’uliyatini unutmasligigina bu maqsadga erishtiradi. (“Hadis va Hayot” kitobidan).عَنْ جَرِيرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ   قَالَ: مَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ كُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا يَنْقُصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ. وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَيِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ كُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا يَنْقُصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّ.Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Kim Islomda go‘zal sunnat paydo qilsa va undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa, unga o‘shanga amal qilganlar ajriga o‘xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi. Kim Islomda bir yolg‘on sunnat paydo qilsa va undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa, unga o‘sha amal qilganlar gunohiga o‘xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilmagan holda yozilib turadi», dedilar».
Muslim, Abu Dovud va Termiziylar rivoyat qilishgan.
Sharh: Ushbu hadisi sharif hazrati Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinmqda.
«Sunnat» so‘zi-yo‘l, tariqat, odat kabi ma’nolarni ifoda etishini muqaddimada ko‘rib o‘tgan edik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflaridan Islomdan sunnat paydo qilish mumkinligini, o‘sha paydo bo‘ladigan sunnat go‘zal-yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkinligini bilib olmoqdamiz.
Bu ma’noga bir oz ehtiyot bo‘lib yondoshmoq lozim. Ko‘pgina kishilar ushbu nozik masalada noto‘g‘ri tushunchalarga borib qolishlari ham mumkin. Doimo Islom dini mukammal din, unda hayotdagi har bir masalaning echimini topishimiz turgan gap, deymiz. Endi esa, Islomda yaxshi yoki yomon yangilik paydo qilish mumkin, demoqdamiz. Yomon yangilik tushunarli, dinga xilof ish xilof ish yomon yangilik bo‘ladi. Buni hamma qoralaydi. Ammo, go‘zal-yaxshi yangilikni qandoq tushunishimiz mumkin? Agar u mumkin bo‘lsa, demak, Islomda kamchilik bormi? Yoki ham yomon, ham yaxshi yangilik bo‘lishi mumkin emasmi?
Ba’zi bir kishilar oxirigi savolga Islomda yomon ham, yaxshi ham yangilik bo‘lishi mumkin emas, deb javob beradilar. Ular o‘zlarining bu fikrlariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Har bir bid’at zalolatdir, har bir zalolat do‘zaxdadir», degan hadislarini dalil qilib keltiradilar.
«Bid’at» degani esa-«yangi paydo bo‘lgan narsa» ma’nosini anglatadi. Mazkur kishilar-hamma narsa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida qandoq bo‘lsa, shundoq bo‘lishi kerak, deydilar.
Ahli Sunna va jamoa mazhabining ulamolari esa ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharif «har bir bid’at-zalolatdir» hadisi tafsir qilib kelayotganini aytadilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam, har bir bid’at zalolatdir, degan hadislarida yomon bid’atni ko‘zda tutganlar. Uni ushbu hadisdan tushunib olamiz, deydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldin «har bir bid’at zalolatdir, har bir zalolat do‘zaxdadir», deb umumiy ravishda aytdilar. Keyin esa, yangi paydo bo‘ladigan narsalar yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkinligini ushbu biz o‘rganayotgan hadisi sharifda bayon qildilar. Demak «har bir bid’at zalolatdir», hadisida yomon bid’at ko‘zda tutilgan.
Endi Islomda yaxshi sunnat paydo qilish mumkin bo‘lsa, Islom mukammal din, degan gapimizga qandoq to‘g‘ri keladi? degan savolga o‘taylik.
Islom ruhini tushunmaydigan ba’zi kishilar uchun bu kamchilik, nuqson bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, aslida bu Islomning barkamolligidandir. Qur’on va Sunnatda shariatning ruhi, asosiy qoidalari to‘la to‘kis-bayon etilgan. Insonga daxli yo‘q narsalar hukmi batafsil kelgan. Shu bilan birga inson hayotida makon va zamon o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadigan mayda masalalar, musulmonlar ijtihodi uchun ochiq qoldirilgan. Bu masalalarni uning paydo bo‘lgan makoni va zamonidagi mujtahid ulamolar Qur’on va Sunnat qoidalari asosida hal qiladilar. Albatta, Qur’on va Sunnatda qiyomatgacha bo‘ladigan ishlarning ro‘yxatini va ularning hukmini keltirish ko‘zda tutilmagan. Balki, asosiy o‘zgarmas, inson ijtihodining daxli yo‘q narsalar bayon qilinib, asl qoidalar, umumiy ruh tushuntirilgan.
Ma’lumki, inson hayoti uning tarixi davomida bir xil davom etmaydi, zamon o‘tishi bilan o‘zgarib turadi. Alloh taolo Islom dini va shariatini qiyomatgacha bardavom qilgan. Shuning uchun ham Alloh Islomni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarigagina moslab qo‘ymagan. Balki qiyomatgacha barcha makonlar va zamonlar uchun salohiyatli qilib qo‘ygan. Islom ummatiga kelajakda paydo bo‘ladigan har bir yangi masalani echishni Qur’on va Sunnat qoidalari asosida bo‘lishini o‘rgatgan. Shuning uchun ham Islom shariatida Qur’on va Sunnatdan keyin «Ijmo’» va «Qiyos» uchinchi va to‘rtinchi masdarlar qilingan.
«Ijmo’»-lug‘atda «jam bo‘lishi» ma’nosini anglatadi. Shariatda esa, yangi paydo bo‘lgan masalani o‘sha masala paydo bo‘lgan davrda yashab turgan mujtahidlar tomonidan bir ovozdan jam bo‘lib echilishiga aytiladi.
«Qiyos»-esa lug‘atda «taqqoslash», «qiyoslab ko‘rish» ma’nolarini aglatib, shariatda yangi paydo bo‘lgan masalani Qur’on va Sunnatda bor hukmlarga taqqoslab echishga aytiladi.
Demak, yangi paydo bo‘ladigan masalalarni echishning bu uslubini Qur’on va Sunnatning o‘zi bayon qilib bergan. Qonun-qoidalarini ko‘rsatib qo‘ygan. Mana shuning o‘zi ham Islom shariatining barkamolligidandir.
Agar Qur’on va Sunnatda bor hukmlar bilangina hayot kechirasizlar, yangi paydo bo‘ladigan masalalar bilan ishingiz bo‘lmaydi, deyilganda dinimizda nuqson bo‘lar edi. Yangi paydo bo‘ladigan masalalarni Qur’on va Sunnat ruhida hal qilish qonun-qoidalari bayon qilmaganida kamchilik bo‘lar edi. Bu masalani o‘z o‘rnida batafsil o‘rganamiz inshaalloh. Ammo bu joyda Islomda yangi sunnat paydo bo‘lishi mumkinligini tushunish maqsadida bir oz so‘z yuritdik, xolos.
Islomda yaxshi sunnat paydo qilishga misollar keltiradigan bo‘lsak, taroveh namozini jamoat bo‘lib o‘qishni aytishimiz mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari yolg‘iz taroveh o‘qiganlar. Keyin ba’zi sahobalar iqtido qilishgan. Bir oz muddatdan so‘ng hamma taroveh o‘qish uchun to‘plangan. Odamlar kutib tursalar ham Rasuli Akarm sollallohu alayhi vasallam chiqmaganlar. Odamlar yo‘talishni boshlaganlar. Oxiri bir vakil yuborib, odamlar taroveh namozini jamoat bilan o‘qish uchun U zot sollallohu alayhi vasallamni kutib turishganini etkazishgan. Shunda Payg‘ambarimiz, agar taroveh namozini jamoat bilan o‘qishni davom ettiraversak vojib yoki farz bo‘lib qolishidan qo‘rqaman, deb chiqmaganlar. Ammo hazrati Umar roziyallohu anhu o‘z xalifaliklarini davrida kishilarning tarovehga befarq qarayotganlarini ko‘rib, jamoat bo‘lib taroveh o‘qishlarini tashkil qilganlar.
Shunigdek, Payg‘ambarimiz vafotlarida Qur’oni Karimni bir butun kitob shaklida jamlanmagan edi. Ridda urushlarida Qur’onni to‘la yod biladigan qorilarning ko‘plab shahid bo‘lganlarini mulohaza qilib, hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida Qur’on jamlandi. Bunga o‘xshash ishlar ko‘p, zamon o‘zgargan sari ular chiqib turadi.
Shunday paytda Islom qoidalarini ishga solgan holda harakat qilish zarur. O‘zicha harakat qilib, yomon sunnat yaratib qo‘yish kerak emas. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislari ayni shu ma’noni ta’kidlash, yaxshilikka targ‘ib qilish, yomonlikdan qaytarish uchun kelmoqda. O‘shandoq ishlarni qilish ilmga bog‘liq bo‘lgani uchun, ilm yo‘q bo‘lsa, masalalarni Qur’on va Sunnat ruhida, ularning umumiy qoidalari asosida echish mumkin emasligi uchun, muallif rahmatullohi alayhi bu hadisni, ilmning asari davomli qolishi haqidagi bobda keltirmoqda.
«Kim Islomda go‘zal sunnat paydo qilsa».
Ya’ni, qaysi bir mo‘min kishi Islomda yangi bir yaxshi amal paydo qilsa,
«undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa»,
ya’ni, o‘sha yangi sunnat paydo qilgan odam vafot etganidan keyin uning paydo qilgan sunnatiga amal musulmonlar tomonidan qilinsa,
«unga o‘sha amal qilganlar ajriga o‘xshash ajr, ularning ajridan biror narsa noqis qilinmagan holda yozilib turadi».
Ya’ni, mazkur go‘zal sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi insonga o‘zi vafot etib ketsa ham, u paydo qilgan yaxshi sifatga amal qilganlarga berilgan ajr miqdoriga ajr yozilib turadi. Shu bilan birga amal qilganlarning ajri kamayib qolmaydi. Ular ham qilgan amallariga yarasha to‘liq savobni olaveradilar.
Ushbu qoida yomon sunnat paydo qilgan va unga amal qilganlarga nisbatan ham ishlatiladi.
«Kim Islomda bir yolg‘on sunnat paydo qilsa»,
ya’ni Qur’on va Sunnat, Islom shariatiga xilof bo‘lgan, yomon ish paydo qilsa,
«undan keyin o‘sha sunnatga amal qilinsa»,
ya’ni, o‘sha Qur’on va Sunnat ruhiga, Islom shariatiga xilof yomon ishni paydo qilgan kimsa vafot etganidan keyin odamlar tomonidan mazkur yomon sunnatga amal qilish davom etaversa,
«unga o‘sha amal qilganlar gunohiga o‘xshash gunoh, ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilmagan holda yozilib turadi»,
ya’ni, mazkur yomon sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi insonga o‘zi vafot etib ketsa ham, u paydo qilgan yomon sunnatga amal qilganlarga yoziladigan gunoh miqdoriga gunoh yozilib turiladi. Shu bilan birga amal qilganlarning gunohlari kamayib qolmaydi. Ularga ham qilgan amallariga yarasha to‘liq gunoh yozilaveradi.Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
 1. Islomda yangi, yaxshi sunnat paydo qilish mumkinligi.
2. O‘sha yangi paydo qilingan sunnatga amal qilganlar ajr olishlari.
3. Insonga vafotidan keyin ham o‘zi paydo qilgan yaxshi sunnat tufayli savob etib turishi.
4. Yangi yaxshi sunnatga qilingan amallarga berilgan miqdorga ajr o‘sha sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi kishiga yozilib turishi.
5. Birovning qilgan amali tufayli boshqa kishiga savob etsa, amal qilganning ajri kamayib qolmasligi.
6. Islomda yangi, yomon sunnat paydo qilish ehtimoli borligi.
7. O‘sha yangi paydo qilingan yomon sunnatga amal qilganlarga gunoh yozilishi.
8. Insonga vafotidan keyin ham o‘zi paydo qilgan yomon sunnat tufayli gunoh yozilib turishi.
9. Yangi, yomon sunnatga qilgan amallarga yozilgan gunohlar miqdoricha gunoh, o‘sha yomon sunnatning paydo bo‘lishiga sababchi kishiga yozilib turishi.
10. Birovning qilgan amali tufayli boshqa kishiga gunoh yozilsa, amal qilganning gunohi kamayib qolmasligi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Oktabr 2022, 12:04 | Savol-javoblar | 261 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar