Mashina yoki poezd urgan xayvon go‘shti

Assalomu alaykum! Bizning ishlash joylarimizda chorvachilik bilan shug‘illanuvchilar ko‘p xar kuni bo‘lmasam tez tez chorva mollaridan ko‘ylardan birortasini mashina yoki poezd urib yuboribdi deyishadi, shunla urgan xayvonni nima qilasizlar desak qon chiqqan xalol bo‘ladi deyishadi aslida shariyatimizda qanday?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Shariatimizda tasmiya(Allohning ismlaridan birini) aytmasdan so‘yilgan hayvon go‘shti haromdir. Go‘shti eyiladigan hayvonlar halol bo‘lishi uchun ular shariat ko‘rsatmalariga muvofiq so‘yilgan bo‘lishi shartdir. "Moida" surasining 3-oyatida so‘yishning shart ekani bayon qilingan.حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللَّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلَّا مَا ذَكَّيْتُمْYa’ni “Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzib o‘ldirilgan, yirtqich egan hayvonlar harom qilindi. Magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz halol”.
Ushbu oyati karimada go‘shti eyiladigan hayvonlarni tirikligida so‘yib olish shart qilinyapti. chunki so‘yish sababli najas qon toza go‘shtdan ajrab chiqadi. Shunga ko‘ra go‘shtining halol va pokligi sobit bo‘ladi. Go‘shti eyilmaydigan hayvonlarning go‘shtini eyish halol bo‘lmasada, faqat pokligi sobit bo‘ladi. (Ya’ni, ulardan eyishdan boshqa narsalarga foydalansa bo‘ladi). So‘yiladigan hayvonda bo‘lishi lozim bo‘lgan shartlar
1. Hayvonning so‘yish vaqtida tirik bo‘lishi.
2. Hayvonning joni so‘yishning o‘zi bilan uzilishi. (ya’ni, yiqilish, suvga tushib o‘lish kabi boshqa sabablar bilan o‘lmagan bo‘lishi kerak).
3. So‘yiladigan hayvon haramning ovi bo‘lmasligi.
So‘yish vaqtida hayvonning tirik bo‘lishi imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh nazdida so‘yishdan oldin oz muddat bo‘lsa ham hayvonda tiriklik alomatining borligi va agarchi hayvon kasal bo‘lib uning tirikligidan faqatgina so‘yish muddati qolgan bo‘lsada, halol bo‘lishiga kifoya qiladi. Shunday holatda so‘ygan kishining hayvoni halol sanaladi.

Bunga ushbu oyat dalil bo‘ladi:
Ya’ni, "Magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol)" (Moida 3-oyat).
So‘yishdan oldin uning tirikligi aniqlangan bo‘lsa, so‘ygandan keyin uning qimirlashi yoki undan qon chiqishi shart emas.
Agar hayvon kasal yoki bo‘g‘ilgan yohud boshqa bir hayvon suzganligi yo shunga o‘xshash sababga ko‘ra uning tirikligi noma’lum bo‘lib so‘yilsa, natijada u harakatlansa, ya’ni, qimirlasa, yoki undan (odatdagidek) qon chiqsa, bu uning so‘yishdan oldin tirik bo‘lganiga dalolat qiladi va u halol bo‘ladi.
Bu o‘rindagi uning harakatlanishidan murod, so‘yilgandan so‘ng uning og‘zini yopishi, ko‘zini yumishi, oyog‘ini yig‘ishtirib olishi, badanidagi tuklarning tikka turishidir.
Ammo so‘yilgandan so‘ng og‘izning ochilishi, ko‘zining ochilishi, oyoqlarining cho‘zilishi, tuklarining yotishi so‘yishdan oldin uning tirik ekaniga dalolat qilmaydi va u halol bo‘lmaydi.
Chunki hayvon o‘lishi bilan uning bo‘g‘im va paylari bo‘shashadi. Shuning uchun og‘zi va ko‘zining ochilishi, oyog‘ining cho‘zilishi, tuklarining yotishi uning avval o‘lganidan alomatdir. Bularninng aksi esa tirik hayvonga xos bo‘lgan harakatlar bo‘lib, uning tirikligiga dalolat qiladi.
Bu o‘rindagi qon chiqishdan murod, odatda tirik hayvonni so‘ygan paytdagi kabi qon chiqishdir.
Xulosa shuki, so‘yilgan hayvonning garchi so‘yishdan oldin uning tirikligi ma’lum bo‘lmasa-da, lekin u so‘yilgandan so‘ng (qon chiqsa ham, chiqmasa ham lekin) tiriklikka dalolat qiladigan darajada qimirlasa, yoki qimirlamasa-yu, ammo odatdagidek qon chiqsa uning iste’moli halol bo‘ladi.
Bu bizning hanafiy mazhabimizda fatvo uchun ixtiyor qilingan qavldir.
Hayvonning joni so‘yishning o‘zi bilan uzilishi masalasi “Badoi’…” sohibi Alouddin Kasoniy rahmatullohi alayhning qavlidir. U kishi quyidagicha aytadi: Ibn Samo’a o‘zining “Navodir” asarida imom Abu Yusuf rahmatullohi alayhdan rivoyat qiladi: Agar bir kishi qo‘yni ikkiga bo‘lsa, qo‘yning boshi harakatlanib turgan paytda boshqasi uni (odatdagidek) qon tomirlaridan so‘ysa, yoki bir kishi qo‘yning qornini yorib ichidagi narsalarni chiqarsa, boshqasi esa tomirlaridan so‘ysa, bularni eyish halol bo‘lmaydi. Chunki avvalgi ish qotilllik ya’ni, hayvonni so‘yish emas, balki o‘ldirishdir.
Imom Quduriy rahmatullohi alayh bu masalaning ikkita ko‘rinishi borligini zikr qilgan:
1. Agar qo‘y dumbaga yaqin joyidan (ya’ni, yurakdan past joydan) ikkiga bo‘linsa, uning iste’moli harom bo‘ladi. (Chunki kesilishi lozim bo‘lgan tomirlar kesilmay qoladi).
2. Agar qo‘y boshiga yaqin joyidan ikkiga bo‘linsa, halol bo‘ladi.
Chunki kesilishi shart qilingan tomirlar yurakdan dimog‘gacha tutash bo‘lgani uchun ular bunday ikkiga bo‘lishda kesilgan bo‘ladi(albatta “basmala” bilan). Vallohu a’lam!

31 Oktabr 2022, 09:12 | Savol-javoblar | 299 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar