Azil nima?

Assalomu alaykum! Man internetda bir video ko‘rdim. U videoda doktor er-xotin xomiladan saqlanish uchun "azil" yani maniyni ayolning ichiga emas tashqariga to‘kishni aytdi. Hadislarda kelganmi va bu joizmi shunaqa qilsa bo‘ladimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom!«Saqlanish» haqidaAyollarimiz so‘raydigan savol va fatvolarning ko‘pchiligi «saqlanish» haqida desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Rasulluloh sollallohu alayhi vasallamning birgina hadislari naslni cheklash va uning qirilishining oldini olib kelmoqda. Ma’qal ibn Yasardan rivoyat qilingan hadisda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylaninglar. Men boshqa ummatlarga sizlarning ko‘pligingizni ko‘z-ko‘z qiluvchiman», – dedilar.
Eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylanish borasidagi muammo ayni vaqtda eng rivojlangan mamlakatlarda keng tus olmoqda. Ular bor imkoniyatlarini ishga solib, harakat qilsalar ham, ko‘rgan chora-tadbirlarni samara bermayotir.
Bizda esa eriga muhabbat qiladigan va ko‘p tug‘adigan ayolga uylanish borasida muammo bo‘lmasligi mumkin, lekin boshqa tarafdan muammolar kelib chiqmoqda. Ba’zi musulmon va muslimalarimiz ko‘payish kerakligini atroflicha tushunmayaptilar. Ular ko‘payish kerak, deganda, orqa-oldiga qaramay, o‘ylamay-netmay, ketma-ket tug‘averishni tushunmoqdalar. Natijada noqulay holatlar vujudga kelyapti: har xil savollar bilan unga yugurib, bunga yugurib, fatvo so‘rash, oilaviy kelishmovchiliklar, ona sog‘lig‘i yoki bola sog‘lig‘idagi kamchiliklar hamda bir qator ko‘ngilsizliklar paydo bo‘lmoqda.
Turmush qurishdan avval har bir ayol va erkak er-xotinlik munosabatlari, farzandli bo‘lish, homiladorlikdan saqlanish va boshqa zarur narsalar haqida tushunchaga ega bo‘lishi lozim. Turmush qurilganidan keyin ham har ikkisi bu borada ham shar’iy tomondan, ham tibbiy tomondan etarli ma’lumotlarni bilishlari kerak. Bo‘lar ish bo‘lganidan keyin fatvo so‘rash uchun yugurish musulmon kishiga to‘g‘ri kelmaydi. Holatni chala tushuntirib, fatvo beruvchini ham javobgar qilib qo‘yish, boshqalarga ham noto‘g‘ri namuna bo‘lish shart emas.
Ona bo‘lib yaratilish, onalik baxtiga musharraf bo‘lish biz uchun ulkan saodatdir. Farzandimiz dunyoga kelgach, uni parvarishlash, emizish bilan bir qatorda oldimizda bir masala paydo bo‘ladi. Nifos tugab, yana poklik holatiga qaytganimizdan so‘ng turmush o‘rtog‘imiz bilan er-xotinlik munosabatlarimiz davom etishi, jinsiy hayotga qaytishimiz kerak bo‘ladi. Tabiiyki, buning natijasida yana homilador bo‘lib qolish mumkin. Ayniqsa, yangi tuqqan ayollarda yana homilador bo‘lib qolish ehtimoli kuchayishi ham ko‘pchilikka ma’lum. Bu hol esa yaqinda bo‘shangan ayolning sog‘lig‘iga, qolaversa, yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘sib-unishiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.Nima qilish kerak?«Bola oldirish – bu qotillik bilan barobar, saqlanish esa naslni cheklashdir. Bu ham Islomda taqiqlangan», – deb «xudoning berganini» tug‘averish kerakmi yoki naslni davom ettirishni rejalashtirishning shariat maqsadlari va hukmlariga xilof bo‘lmagan biror yo‘li bormikin?
Keling, shu mavzuga oid bizga ma’lum shar’iy dalillarni ham, zamonaviy insofli tibbiyot mutaxassislarining xulosalarini ham o‘rtaga qo‘yib, har birimiz uchun foydali bo‘lgan echimga kelishga harakat qilib ko‘raylik.
Islom – osonlik dini. Alloh taolo Qur’oni Karimda «Hech bir jonga imkoniyatidan tashqari narsani yuklamaymiz» degan. Haqiqatda ham U Zot bandasini toqatidan ortiq ishga majbur qilmaydi. Ketma-ket homilador bo‘lish esa ayol kishi uchun aynan shunday ishlardan biridir.
Islom shariatida qaysi ishga buyurilgan yoki qaysi ishdan qaytarilgan bo‘lsa, shu hukm ma’lum maqsadlarga asoslanib joriy qilingan. Ana shu bosh maqsadlardan biri jonni himoya qilishdir. Ya’ni insonning hayotiga, sog‘lig‘iga zarar etkazish mumkin emas. Bir-ikki yilda tug‘ish esa ayol kishining sog‘lig‘iga jiddiy zarar etkazishi aniq. Bolani parvarishlash, boqish mashaqqati-chi? Birin-ketin ikkita emas, hatto bitta bolani dunyoga keltirish, unga g‘amxo‘rlik qilishdagi qiyinchiliklarni olaylik.
Eng avvalo, yangi tuqqan ayolning oldida turgan asosiy vazifa – bolani emizishdir. Alloh taolo «Baqara» surasining 233-oyatida «Onalar farzandlarini to‘liq ikki yil emizurlar» degan. Bolani to‘liq ikki yil emizish degani ikki yil homilador bo‘lmaslik kerak deganidir, chunki homilador bo‘lib qolgan ayol bolasini emiza olmaydi. Tug‘ilganining ilk davri bola uchun eng muhimdir. U eng zaif, parvarishga eng muhtoj bo‘lishi bilan birga, yana shunday tezlik bilan o‘sib kelayotgan bo‘ladiki, bunday shitob bilan rivojlanish keyinchalik, umrining oxirigacha boshqa ro‘y bermaydi. Bola har lahza, har daqiqa onasiga, uning sutiga, diqqat-e’tiboriga, mehriga o‘ta muhtoj bo‘ladi. Bu bola biror hayvonning yoki hasharotning bolasi emaski, tug‘ilganidan biror soat yoki bir necha kun o‘tar-o‘tmas, o‘zini-o‘zi eplab ketaversa! U inson bolasi-ku! Inson bolasi esa barcha jonzotlarning yangi tug‘ilgan bolalari ichida eng zaifi, eng uzoq vaqt parvarishga muhtoj bo‘ladiganidir. Tug‘ilgan go‘dak ayni paytda hali dunyoga kelmagan, hali paydo bo‘lmagan bolamizdan-da ko‘proq yashashga haqlidir. Biz ham bu davrda xuddi shu bolamizga ko‘proq mas’ulmiz. Agar yana homilador bo‘lib qolmasak, bolamizni emizishni bemalol davom ettirishimiz mumkin. Bu bilan biz uni asab, yurak-qontomir, oshqozon-ichak kasalliklari, turli allergik kasalliklar, qandli diabet, oqqon va boshqa kasalliklarga uchrashining ikki-uch barobar oldini olgan bo‘lamiz. Bolaning immun tizimi, ya’ni kasalliklarga qarshi organizmning ichki kurashiga ona sutining ta’siri haqida alohida to‘xtalishga hojat yo‘q. Mabodo kasallangan taqdirda ham, ona suti bilan oziqlanayotgan go‘dakda dard osonroq kechadi, tezroq tuzaladi va asoratlari kamroq bo‘ladi. Bunday bolaning ko‘zi ham, ko‘ngli ham to‘q o‘sadi. Boriga qanoat, rizq beruvchiga minnatdorchilik, shukr hislari qalbiga o‘rnasha boshlaydi. «Sun’iy» yo‘l bilan boqilayotgan bolalarda esa bularning aksi bo‘ladi. Ularda surunkali norozilik, hamma narsadan qoniqmaslik, alamzadalik xususiyatlari paydo bo‘ladi.
Bolani ikki yil to‘liq emizish sirtdan qaraganda, ancha uzoq muddatga o‘xshab ko‘rinadi. Lekin buning evaziga butun umrga tatigulik qanchadan-qancha foydalarga erishiladi. Eng muhim samaralardan biri, emizish orqali ona-bolaning bir-biriga mehri, intilishi ortadi.
Yuqorida bayon qilingan barcha manfaatlardan mahrum bo‘lmaslik, bolani bekamu-ko‘st, barkamol inson bo‘lib voyaga etishini ta’minlash uchun bola tug‘ilganidan to ikki-uch yoshga etgunicha, onaning diqqatini chalg‘itadigan boshqa bir omil bo‘lmasligi kerak. Bu omil kutilmagan homiladorlikdir.
Bundan tashqari, bolani ko‘krak suti bilan boqishning emizuvchi ayolning o‘zi uchun ham foydalari ko‘p. Nufuzli xalqaro nashrlardan birining so‘nggi sonida berilgan ma’lumotga binoan, farzandini uzoq vaqt emizgan ayollarda:
- tug‘ruqdan so‘ng bachadonning tabiiy holda qisqarishi jadallashib, tezroq o‘zining avvalgi holiga qaytadi;
- ba’zi yangi tuqqan ayollarga xos bo‘lgan tug‘ruqdan keyingi depressiya, tuqqan bolasidan nafratlanishi hissi kam bo‘ladi;
- umri davomida hech bo‘lmasa o‘n ikki oy bola emizgan ayollarda yurak-qon tomir xastaliklari, revmatoid, artrit, qandli diabet va hozirgi kunda ko‘p uchraydigan ko‘krak bezi saratoni kasalliklariga chalinish ehtimoli keskin pasayadi.
Endi yangi tuqqan ayolning umumiy ahvoliga ham bir nazar solib ko‘raylik. Ayol sog‘lom bo‘lgan taqdirda ham, odamdan odamning dunyoga kelishi osonmi, axir?! Onalar har gal farzandini dunyoga keltirayotganlarida o‘lim bilan yuzma-yuz keladilar. Tug‘a olmay, dunyodan ko‘z yumayotganlari qancha... Aliymu Xobiyr bo‘lmish Zot – Alloh taolo «Ahqof» surasinig 15-oyatida jumladan shunday deb marhamat qiladi: «Onasi unga (insonga) qiynalib homilador bo‘ldi va uni qiynalib tug‘di». Ayol tanasidagi foydali moddalar homiladorlik davrida yo‘ldosh orqali, emizayotganida sut orqali bolaga o‘tib boradi. Natijada onaning o‘zi zaiflashib qoladi. Oddiy bir misol: Bir yaqinimizning kelini farzandli bo‘ldi. Kelin sog‘lom, homiladorlik davri juda yaxshi kechgan edi. Bolasi ham sopa-sog‘, yaxshi o‘sib kelardi. Birdan emizikli kelinning qo‘llaridagi tirnoqlari mo‘rtlashib, uvalanib-uvalanib, to‘kilib keta boshladi. Barmoqlarida tirnoq qolmadi hisob. Mutaxassislar buni homiladorlik va emizish davrida ona organizmidagi vitamin va boshqa kerakli moddalar etishmasligidan deb qayd qilishdi. Bir necha oy izchil davolanishlardan so‘nggina ayol avvalgi holiga qaytdi.
Agar sog‘lom, yaxshi parvarish qilingan, vaqtida dam olib, vaqtida tekshiruvlardan o‘tib tuqqan ayolning holi shu bo‘lsa, hozirgi kundagi kamqon, yuragi, buyragida surunkali hastaliklar bo‘lgan ayollarning holi nima kechadi? Agar tug‘ruq jarrohlik aralashuvi bilan kechgan bo‘lsa-chi? Albatta, ahvol bundan-da jiddiylashadi. Agar bu hol ketma-ket davom etayotgan bo‘lsa, ba’zi hollarda o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin.
G‘aybu oshkorni biluvchi Alloh taolo shularning hammasini oldindan bilgani uchun ham onaning holatini O‘zining muqaddas Kalomida alohida zikr qilgan.
Shuncha mashaqqatlarni boshidan kechirgan ayol keyingi farzandini o‘zining mana shu zaif holati ustiga emas, bir muddat sog‘ligini tiklab, o‘ziga kelib olgach, dunyoga keltirishi maqsadga muvofiqdir. Bu naslni cheklash emas, rejalashtirish bo‘lib, sog‘lom aql ham buni e’tirof etadi.
Ushbu masalaga shariat qanday qaraydi? Agar «Bola ko‘paysa, boqa olmay, qiynalaman, bolani tarbiyalash og‘ir, u bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘yin-kulgidan qolaman» kabi bahonalar ila farzand ko‘rishdan qochilsa, bu gunoh sanaladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda aytadi: «Faqirlikdan bolalaringizni o‘ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz». Yana boshqa oyatda U Zot: «Faqirlikdan qo‘rqib, bolalaringizn o‘ldirmang. Biz ularni ham, sizlarni ham rizqlantirurmiz. Albatta, ularni o‘ldirish katta xatodir», – degan.
Johiliyat davrida arablar faqirlik va ochlikdan qo‘rqib, farzandlarini tiriklay ko‘mib yuborgan bo‘lsalar, zamonaviy johiliyatda ochlik yoki ko‘p harajatdan qochib, farzand tug‘maslik, bitta yoki ikkitadan oshirmaslik odati keng tarqalmoqda. Ammo biz muhokama qilayotgan masala – harajatdan qochib, yoki o‘yin-kulgidan qolishdan qo‘rqib emas, balki ona yana farzand ko‘radigan bo‘lgunicha sog‘lig‘ini tiklab olishi uchun homiladorlikni bir muddatga kechiktirib turish masalasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam emizikli ayolga yaqinlik qilishni man qilib qo‘ymoqchi bo‘lgan ekanlar. Lekin Fors va rumliklarning bu ishni qilaverishlarini eslab, man qilmaganlar. Shunday bo‘lsa ham, ulamolarimiz tuqqandan keyin emizish davridagi ayolga shafqat qilib, oddiy holatdan ko‘ra kamroq yaqinlik qilish kerakligini aytganlar.
Saqlanish borasida ayollarga erkaklarimiz ham yordam ko‘rsatishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ko‘pincha ayollarning «Bo‘yimda bo‘lib qoldimikan», deb jonsarak bo‘lib, xavfsirab yurishlarining guvohi bo‘lamiz. Surishtirib kelsangiz, ayol kishi o‘zi tarafidan saqlanishiga imkoni bo‘lmay, eridan shu ishning amalga oshishini iltimos qilganida, erning ko‘nmasligi aniq bo‘ladi. Ayollar qo‘llanadigan saqlanish vositalarining ma’lum zararlari bor. Shu sababli ayol kishi o‘sha vositalardan birortasini qo‘llay olmaganida erkak kishi unga yordam berib, mas’uliyatni teng bo‘yniga olib, «azl» qilishi yoki saqlanish vositalaridan foydalanishi kerak.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonlarida bu maqsad uchun «azl»dan foydalanishgan. «Azl» – bu aloqaning so‘ngida erkakning urug‘likni tashqariga to‘kishidir. Hanafiy mazhabida ayolning bemorligi va emizikli bolaning sog‘lig‘iga zarar etishi aniq bo‘lganda, ayolning izni bilan bu ish joiz, deyilgan.
Robitatul olamil Islomiya huzuridagi Islom fiqhi Akademiyasi hijriy 1400 yilning Robius soniy 26-30 kunidagi 3-majlisida quyidagi hukmni chiqargan:
«Naslni cheklash mutlaqo mumkin emas. Agar ochlikdan xavfsirab yoki shariat e’tibor qilmagan sabablarga binoan qilinadigan bo‘lsa, homilani man qilish joiz emas. Chunki Alloh taolo rizq beruvchi Zotdir. Er yuzidagi barcha jonivorlarning rizqi Allohning zimmasidadir.
Ammo alohida zarar aniq bo‘lgan holatlarda, ayol oddiy holda tug‘a olmay, unig qornini yorib, bolasini olishga majbur bo‘linadigan holatlarda homilador bo‘lishni ortga suradigan omillarni ishlatishga monelik yo‘q.
Shuningdek, boshqa shar’iy va tibbiy sabablarga ko‘ra onaning hayoti xavf ostida qoladigan bo‘lsa, ishonchli musulmon tabiblar qarori ila homilani man qiluvchi vositalarning ishlatilishi joizdir».
O‘zimizdan xulosa qilib, shuni aytamizki, yuqoridagi kabi og‘ir holatlarda paydo bo‘lib ulgurgan homilani majbur bo‘lib oldirgandan ko‘ra, uni ma’lum muddatga kechiktirib turuvchi vositalardan foydalangan ma’qul. Bunda shariatning «ikki zarardan engilrog‘ini tanlash» qoidasiga amal qilgan bo‘lamiz.
Faqat kontratseptiv (homilani man qiluvchi) omillarni tanlayotganda homilador bo‘lish qobiliyatini butkul yo‘qotib yuboradigan yoki asta-sekin susaytirib, oxiri bepushtlikka olib boradigan usul yoki vositalardan foydalanish mutlaqo mumkin emas. Buning o‘rniga «azl»ni qo‘llash, spiral yoki bezarar tabletkalar va boshqa vositalardan foydalangan yaxshi.
Alloh taolo barchamizni xaq yo‘lidan adashtirmasin. O‘zi hammamizga tavfiq bersin. Vallohu a’lam!

26 Avgust 2023, 06:43 | Savol-javoblar | 0 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar