Umaviylar tarixidan

Assalomu alaykum! 16.04.17 da “viasat history” telekanalidan Quddusi sharif tarixiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv berildi. Unda bir tarixchi shahar tarixiga oid ma’lumotlarni keltirib, Umaviylar va Abbosiylar hukmronliklari haqida gapirib: «Umaviylar davrida Quddus tarixiy binolarida tasvirlar, insonlarning bosh qismi haykallari, yarim yalang‘och ayollarning haykallari o‘sha davrda ishlangan, chunki umaviylar o‘sha narsalarni yoqtirishgan, shahvatli narsalarga mayllari bo‘lgan», degan ma’nodagi gaplarni aytdi va shunday haykal va shakllar ko‘rsatib ham borildi. Gapiruvchi aftidan yahudiyga o‘xshaydi, chunki musulmonlar haqida faqat soya tashlovchi gaplarni gapirardi. Bu narsalar tuhmat emasmi? O‘sha “viasat history” ko‘p marta uydirmalar gapirganiga biz hayron qolganmiz, o‘shaning uchun ham undan voz kechganmiz. Ammo ba’zida nima derkin, deb qarasak, faqat musulmonlarga zid gaplar aytiladi. Savollarim quyidagicha:
1. O‘sha Umaviylar davrida inson shaklini yasashlar, chizishlar Shom o‘lkasida bo‘lganmi?
2. Bizning o‘zimizda birorta Islomga qora chaplamasdan, tarixni ro‘yi-rost gapiruvchi kitoblar mavjudmi? Agar bo‘lsa, ularning nomini bildirsangiz. Chunki, tarixni buzib ko‘rsatuvchilar ko‘payib ketdi. Sizlarni Alloh O‘zi taqdirlasin va hifzida asrasin! Haqqingizda duodamiz.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Ma’lumki, Umaviylar davri (hijriy 41-132 / milodiy 661-750 yillar) Asri saodat va roshid xalifalar davriga yaqin bo‘lib, Abbosiylar davriga qaraganda shariatga zid ishlar nisbatan kamroq bo‘lgan. Umaviylar davrida me’morchilik san’ati rivojlangan bo‘lib, ular binolarni naqshinkor uslubda bezar, daraxtlar, gullar, tabiat manzaralari kabi suratlarni chizar edilar. Hozirgi arxeologik qazilma topilmalar ichida haykal va suratlar ham borki, ularning hammasini ham o‘sha davrga nisbat berish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
2). InshaaAlloh, fazilatli Shayx hazratlari rahimahullohning 2 juzli “Islom tarixi” kitoblari nashr qilinmoqda. Unda “Payg‘ambarlar tarixi”, “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam siyratlari”, “Roshid xalifalar tarixi”, “Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar” va o‘sha davrlardagi parallel islomiy hukmronliklar tarixi bayon etilgan. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 06:51 | Savol-javoblar | 164 | Siyrat va tarix
|
Boshqa savol-javoblar