Suvga kaltakesak tushsa

Assalomu alaykum! 5 tonnali xovuzimizda 3 tonna ichimlik suv bor edi, ammo kaltakesak tushib 7,8 kun qolib ketdi ammo yorilib ketmagandi. Keyin kichik ilon tushibdi ilonni chiqarolmay xovuz ichida boshidan urib chiqar oldik. Endi bu suv najas bo‘ldimi, uni kir yoki yuvin chayinga ishlatsa bo‘ladimi yoki mumkinmasmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Suv najas bo‘lmagan. “Kifoya” kitobida quyidagicha keladi:
Agar unga najas aralashgan bo‘lsa, u oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib, hovuchlab olganda eri ochilib qolmaydigan bo‘lsa, u najas bo‘lmaydi.
Bu jumladagi «o‘nga o‘n» iborasi suv saqlanadigan hovuzning hajmini bildirish uchun aytilgan. Ya’ni suv saqlanadigan hovuzning kengligi o‘n arshinga o‘n arshin, eni ham, bo‘yi ham o‘n arshindan bo‘lsa va undan hovuchlab suv olganda tagidagi er ochilib qolmaydigan darajada chuqur bo‘lsa, uning bir tarafiga najas tushganda boshqa tarafidan tahorat qilaversa bo‘ladi, chunki bu hajmdagi hovuzlar oqar suvning hukmida bo‘ladi. Bunda hovuzning sathi yuz gaz bo‘lsa bo‘ldi. Hovuz xoh doira shaklida bo‘lsin, xoh uchburchak shaklida bo‘lsin yoki eni tor, bo‘yi uzun shaklda bo‘lsin, farqi yo‘q.
Hanafiy mazhabi ulamolari, najas narsa tegishi bilan yoki tushishi bilan nopok bo‘lib qolmaydigan eng oz suv miqdori – eni o‘n arshin, bo‘yi o‘n arshinli hovuzning suviga teng, deganlar.
«Arshin» deganda o‘rtacha odamning barmoqlari uchidan tirsagigacha bo‘lgan uzunlik tushuniladi, bu 61,2 sm.ga teng. Demak, eni va bo‘yi 6 metru 12 sm.dan bo‘lgan hovuzning suvi hanafiy mazhabi bo‘yicha, najas narsa tushsa, nopok bo‘lmaydigan eng oz suv hisoblanar ekan. عَنْ رَاشِدِ بْنِ سَعْدٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَاءُ لَا يُنَجِّسِهُ شَيْءٌ إِلَّا مَا غَلَبَ عَلَى لَوْنِهِ أَوْ طَعْمِهِ أَوْ رِيحِهِ . رَوَاهُ الطَّحَاوِيُّ Roshid ibn Sa’ddan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Suvni hech narsa najas qilmaydi. Illo, uning rangiga, ta’miga va hidiga g‘olib kelgan narsagina qiladi», dedilar».
Tohaviy rivoyat qilgan.
Lekin unday (oqar suv yoki o‘nga o‘n bo‘lib hovuchlab suv olinganda eri ochilib qolmaydigan) bo‘lmasa, najas tushgan suv ham najasga aylanadi.
Demak, mazkur hajmdan kichik bo‘lgan hovuzga najas tushsa, undagi suv ham najasga aylanadi. Vallohu a’lam!

18 Noyabr 2023, 07:26 | Savol-javoblar | 0 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar