Mashina sotish

Assalomu alaykum! Men avtosalonda ishleman bizning avtosalon ishlash tartibini aytib o‘tsam. Bizga mijozlar avtomobili berib ketadi masalan 10.000$ ga bizga tashlab ketsa biz shu avtomobilni ustiga o‘z foydamizni qo‘yib sotamiz. Shu qilinayotgan ishimiz to‘g‘rimi? Biz mijozlardan avtomashinasini sotib olmaymiz bizga narxini aytadi biz o‘zimizni foydamizni qo‘yib sotamiz keyin sotilgan avtomashinadan bizga foiz beradi shu pullar xalolmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sizlar shartnomani tug‘rilab olinglar, vakil bo‘lasizlarmi yoki dallolmi aniqlab olinglar.Dallollikning hukmiFiqh kitoblarimizda «samsara» (dallollik), «simsor» (dallol) lafzlari iste’mol qilinadi. Dallol deb kimningdir sotishiga, kimningdir sotib olishiga yordam beruvchi, sotuvchi va oluvchining o‘rtasini bog‘lovchi kishiga aytiladi. Dallol gohida sotuvchi tarafidan, gohida oluvchi tarafidan, gohida esa ikkisi tarafidan ham vakil bo‘ladi (Mabsut Saraxsiy 15-jild, 115-bet. Avnul ma’bud 9-jild, 124-bet. Bayrut bosmasi).
Hozirgi kunda dallol deganda broker, makler, agent, vositachi kabilar ham tushuniladi.
Broker (o‘rtada turib vositachilik qiluvchi, dallol, makler) tovar, valyuta, savdo birjalarida oldi-sotdi bitimlari tuzishda vositachilik (dallollik) qiladigan ayrim shaxs yoki korxonadir. Dallol - savdo-sotiqda oluvchi bilan sotuvchi o‘rtasida vositachilik qiluvchi, molga narx qo‘yib, ularni kelishtiruvchi kishi («O‘zbek tilining izohli lug‘ati»dan).Dallolga beriladigan haq borasida ulamolarning ixtilofiBu borada ulamolar biroz ixtilof qilganlar. Avvalo dallollikning joizligiga barcha ulamolar ittifoq qilgan bir shaklini ko‘rib chiqsak.
Masalan, bir kishi dallolga «Mening bir do‘konim bor, siz unga xaridor toping. Bir oy muddat. Shu muddat ichida siz menga ijaraga olingan shaxs bo‘lasiz. Evaziga faloncha haq beraman», deydi. Bu bitim ikki taraflama aqdlashuv hisoblanadi. Shunga binoan dallol 15 kun deganda xaridor topib, savdo aqdi bog‘lansa, u 15 kunlik haqqa ega bo‘ladi. Masalan, «Siz bir oy ichida xaridor toping, evaziga 10000 so‘m beraman», deyilgan bo‘lib, dallol 15 kunda xaridor topsa va savdo bitimi ro‘yobga chiqsa, u 5000 so‘m haqqa ega bo‘ladi. Lekin dallol bir oy harakat qilib, xaridor topa olmasa, bir oy mehnat qilgani uchun 10000 so‘m haqqa ega bo‘ladi. Aslini olib qaralganda, bu ko‘rinish dallollik emas, balki ijaraga olish hisoblanadi. Bunday kelishuvning joizligiga barcha fuqaholar ittifoq qilishgan. Lekin dallollikning bugungi kunimizdagi hammaga ma’lum shakli shundayki, bir kishi boshqa bir kishiga «Siz mening do‘konimga xaridor toping. Xaridor bilan kelisha olsak, sizga 10000 beraman», deydi. Dallollikning bu shaklida muddat belgilanmaydi, balki ish oxiriga etgandagina kelishilgan miqdorni to‘lanadi. Agar dallol ertasi kuniyoq xaridor topib, do‘kon sotilib ketsa, 10000 so‘mni oladi. Lekin bir-ikki oy qidirsa-yu, xaridor topilmasa yoki xaridor bilan ish bitmasa, dallol hech qanday haqqa ega bo‘lmaydi. Fuqaholarimiz mana shu faoliyatni samsara, ya’ni dallollik deb ataydilar. Fuqaholar shu ko‘rinishdagi dallollikning joizligi borasida so‘z yuritib, imom Shofe’iy, imom Molikiy, imom Hanbaliy rohimahumullohlar mutlaq joiz deb aytganlar. Faqat shart shuki, dallolning xizmat haqi aniq tayinlansa bo‘ldi.Hanafiy mazhabiAlloma Ayniy «Umdatul Qoriy» kitoblarida Abu Hanifa rohimahullohning nazdida bunday kelishuv joiz emasligi haqida aytib o‘tganlar. Buning sababi shuki, ijarada kelishilgan narsa yo amal, yo muddat bo‘ladi. Ishni oxiriga etkazish yoki etkazmaslik to‘g‘risida, ya’ni natija haqida esa hech qanday gap yo‘q. Mehnat qilsa bo‘ldi, xizmat haqiga ega bo‘laveradi. Bunda bir oy yugurib-elib ishlagan bo‘lsa ham, xaridor topa olmasa yoki topilsa-da kelisha olmasa, dallol haqsiz qolaveradi. Bunday bitimni ijara deb bo‘lmaydi. Haqiqatni olib qaralganda, bu ijara emas, balki fiqhiy kitoblarda bayon qilingan «ju’ola«ning bir ko‘rinishidir.Ju’olaJu’ola alohida bir bitim bo‘lib, ijaradan farq qiladi. Ju’olaning ma’nosi shuki, unda ma’lum bir muddat yoki xaridor qidirish kabi biror amal haqida kelishib olinmaydi, balki do‘konning sotilishi kabi natija uchun haq tayin qilinadi. Masalan, bir kishining quli qochib ketdi, uning qaerdaligi ma’lum emas. U bir qidiruvchi odamni topib kelib, «Qulimni qaytarib huzurimga olib kelsang, faloncha haq beraman», desa, mana shu ju’ola bo‘ladi. Qul qachon qaytib keladi, uni topib kelguncha qancha mehnat qilinadi, topadimi yoki topa olmaydimi, yoki qidiruvchi uyidan chiqishi bilan qulning o‘zi topilib qoladimi, farqi yo‘q. Bunda muddat ham, amal ham tayin qilinmaydi. Qul keltirilsa bo‘ldi, qidiruvchi xizmat haqiga ega bo‘ladi. Mana shunday kelishuvni fuqaholar ju’ola deb aytadilar. Imom Shofe’iy, imom Molikiy, imom Hanbaliy rohimahumullohlarning nazdida ju’ola kelishuvi joizdir.Abu Hanifa rohimahullohning mazhabidaFiqhiy kitoblarda «Abu Hanifa rohimahulloh ju’olani joiz emas deganlar», degan fikrlar aytilgan, chunki u ijaraning shartlariga tushmaydi. Zamonamizning etuk faqihlaridan Muhammad Taqiy Usmoniy shunday deydilar:
«Men imom Abu Hanifa rohimahullohning «Ju’ola haromdir», deb aytganlarini ko‘rmadim, buning joiz yoki nojoiz ekanligi haqida u zotdan rivoyat ham yo‘q. Rivoyat yo‘qligi uchun ham fuqaholar «U kishining nazdlarida ju’ola joiz bo‘lmasa kerak», degan fikrga borishgan. Dallollik ham ju’olaga qiyos qilinsa, uning bir ko‘rinishi sifatida bo‘ladi, chunki dallollikda ham amal va muddat tayin qilinmaydi, unda ham natijaga qarab haq olinadi. Alloma Ayniy «Abu Hanifa rohimahullohning nazdlarida bu ko‘rinish joiz emas», deb aytganlar. Mening nazdimda Abu Hanifa rohimahullohdan ju’olaning joiz yoki joiz emasligi haqida hech qanday gap yo‘q. Qur’oni Karimda «Yusuf» surasining 72-oyatidagi «وَلِمَن جَاء بِهِ حِمْلُ بَعِيرٍ» («Uni keltirgan kishiga bir tuya yuk«) jumlasiga ko‘ra, ju’olaning joizligi kelib chiqadi. Shunga binoan, hanafiy mazhabining mutaaxxir ulamolari dallollikni joiz deb aytganlar. «Roddul muxtor» sohibi Ibn Obidin «Dallolik joiz», deb aytganlar. Ibni Qudoma rohimahulloh o‘zlarining «Mug‘niy» nomli kitoblarida Abu Hanifa rohimahullohdan ju’olaning joizligini naql qilgan (E’loussunan 13-jild, 40-bet. Badoi’us sanoi 6-jild, 8-bet. Al-Mug‘niy 6-jild 350-bet). Ushbu oyati karimada ju’ola bayon qilingan. Bizdan oldingi ummatlarning shariati bizning shariatimizda rad qilinmagan bo‘lsa, bizga ham hujjat bo‘laveradi («shar’u man qoblana shar’un lana«). Ushbu oyatda muddat ham, ishning miqdori ham bayon qilinmagan, balki natija uchun haq berilishi zikr qilingan.
Bu ju’olani joiz deganlarning gaplaridir.Dallolning xizmat haqqini foizlarda belgilashDallollikka tegishli yana bir muhim masala uning xizmat haqini foizlarda belgilashdir. Masalan, «Necha pullik savdo qilsang, shuning faloncha foizi senga xizmat haqi bo‘ladi», deyish. Bugungi kunda shu tartibda faoliyat ko‘rsatadigan kishilar «Commission agent», ya’ni «ulush oladigan tijoriy vakil», deb ataladi. Dallollikni joiz deguvchi fuqaholarning ba’zilari xizmat haqini bu shaklda belgilashni joiz emas, deb aytadilar. Buning sababi shuki, dallollik bitta ish evaziga haq olishdir. Sotiladigan narsaning arzon yoki qimmatligiga qarab, dallolning ishi o‘zgarib qolmaydi. Masalan, 100000 so‘mlik narsani sotishga dallollik qilsa ham, 10000 so‘mlik narsaga dallollik qilsa ham, bir xil mehnat qiladi. Shuning uchun mazkur fuqaholar «Xizmat haqini foizda belgilash joiz emas», deydilar.Fatvo berilgan qovl«Roddul muxtor» kitobining sohibi alloma Shomiy Ibn Obidiyn hanafiy ulamolarining mutaaxxirlaridan xizmat turi bir xil bo‘lsa-da, unga beriladigan haq turlicha bo‘lishi joizligini naql qilib, bunga qayishga teshik soluvchi bilan qimmatbaho toshlarni teshuvchini misol tariqasida keltirganlar. Bu ikkovining ishida farq unchalik katta bo‘lmasada, hech kim «Bu ikkisi bir xil xizmat haqi olishi kerak», demaydi. Shunga binoan, qimmatbaho narsalarga dallollik qiluvchi bilan arzon narsaga dallollik qiluvchining xizmat haqi farq qiladi. Bugungi kunda ba’zi bir kishilar mashina, uy-joy savdolarida dallollik qiladilar. Dunyodagi eng qimmat mashinaga dallollik qiluvchi bilan eng arzon mashinaga dallollik qiluvchining xizmat haqida albatta farq bo‘ladi-da! Shuning uchun sotilgan narsaning narxidan ma’lum foiz miqdorida xizmat haqi belgilashning joizligiga fatvo berilgan.Uchinchi masala.Hozirgi kunda bozorlarimizda yana bir savdo turi keng tarqalgan bo‘lib, bunda bozorchilarning tili bilan aytganda «Menga faloncha kassa qilib berasan, qolgani seniki», deyiladi. Aslini olganda, u ham sotuvchini ijaraga olishning bir ko‘rinishidir, chunki odatda sotib berishga olingan mollar sotilmay qolsa, bu mollar egasiga qaytarib beriladi. Mol egasi sotuvchiga, masalan, «Mana shu ko‘ylaklarimning bir donasini 100 so‘mdan sotasan, 100 so‘mdan ortgani seniki», deydi. Shu ko‘rinishdagi kelishuv joizmi? Mazkur bitimni mol egasi bilan sotuvchi o‘rtasidagi savdo deb bo‘lmaydi, chunki bu kelishuv haqiqiy savdo bo‘lishi uchun mol egasi sotuvchiga «Mana shu mol senga, uni qaytib olmayman, har bir uchun falon so‘m kassa qilib berasan, vassalom», deyishi kerak.
Ibn Abbos roziyallohu anhu «Bu kiyimni shunchaga sot, shunchadan ortgani seniki, deb aytsa zarari yo‘q», deganlar. U kishidan boshqa imomlar esa «Ijaraning bunday shakli joiz emas, chunki kiyim mol egasi aytgan narxdan ortig‘iga sotilmasligi ham mumkin. Unda sotuvchiga hech narsa tegmay qoladi. Dallol bilan ham mana shu shaklda bitim tuzish joiz emas, chunki dallol ham mehnatni qilib, quruq qolishi mumkin», deyishgan. Ibn Abbos roziyallohu anhu kabi bu shaklni joiz deguvchilar «Quruq qolish faqat dallollikda emas, sizlar joiz deb biladigan muzorabada ham bo‘ladi-ku. Muzorib mehnatni qilib, kuruq qolaverishi bor-ku?», deyishadi.Jumhur ulamolarning qovliUlamolarning jumhuri «Muzoraba bilan dallollikning o‘rtasida farq bor, chunki dallol mehnat qilib, ishini oxiriga etkazdi, binobarin xizmat haqini ham olishga haqli», deyishgan.Hanafiy mazhabida«Savdoning va dallollikning bu shakli joiz emas. Uning joiz bo‘lishi uchun sotuvchi va dallolga oz bo‘lsa-da, xizmat haqini tayin qilish shart. So‘ngra «Shundan ortgani ham senga», deb aytish joiz. Masalan, «Bir kiyimni 110 so‘mga sotgin. 100 meniki, 10 sening xizmat haqing. 110 dan ortig‘iga sotsang, u ham senga», deyish joizdir.Muhammad Taqiy Usmoniyning “Zamonaviy fiqhiy masalalar” kitobiga asosan tayyorlandiSavol: Zayd dallol Umarga: «Men sening mashinangni Bakrga sotib, o‘n ming beraman, necha pul qolsa, qolgani meniki», deyishi, Umar shunga rozi bo‘lsa, Zayd mashinani o‘n ikki mingga sotib, o‘n mingni Umarga berib, qolgan ikki mingni o‘ziga olib qolishi joizmi?
Javob: Bu muomala joiz emas. Dallollik haqqini aniq kelishib olish kerak. Hatto foizlar bilan bo‘lsa ham. Masalan: «Necha pulga sotsam, uning bir foizi yoki ikki foizi meniki» kabi.
Dallollarning xaridor topib kelib, xaridor tomon bo‘lib, sotuvchi bilan xufyona kelishib olib yoki sotuvchi topib, sotuvchi tomon bo‘lib, xaridor bilan xufyona kelishib olib olgan haqqi halol bo‘lmaydi.  Vallohu a’lam!Mufti Muhammad Shafe’ Usmoniy.

27 Noyabr 2023, 08:10 | Savol-javoblar | 0 | Moliya va tijorat
|
Boshqa savol-javoblar