Faxsh

Assalomu alaykum! Ro‘zador odamnig nigohi bilmasdan faxshga tushib qolsa ro‘zasi qabul bo‘ladimi?!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Ro‘zasi ochilmaydi, lekin : Ahli haqning nazdida ro‘zaning darajasi uchtadir: Birinchi daraja ommaning ro‘zasi bo‘lib, u qorin va farjning istak-xohishlaridan tiyilishdir. Ikkinchi daraja xoslarning ro‘zasi bo‘lib, u birinchi darajaga ziyoda o‘laroq ko‘z, quloq, tilni, oyoq, qo‘l va boshqa a’zolarni ham gunohlardan tiyishdir. Uchinchi daraja xoslardan ham xoslarning ro‘zasi bo‘lib, u avvalgi ikki darajaga ziyoda o‘laroq qalbni behuda qiziqishlardan, dunyoviy fikrlardan va Alloh taolodan boshqa narsalardan tiyishdan iboratdir. Shu o‘rinda xoslarning ro‘zasi haqida bir oz so‘z yuritamiz. Ommaning ro‘zasidan farqli ravishda xoslarning ro‘zasi a’zolarni gunohlardan tiyishni ham o‘z ichiga oladi. Xoslarning ro‘zasi «solihlar ro‘zasi» deb ham nomlanadi. Bu darajadagi ro‘zaning mukammal bo‘lishi quyidagi omillar bilan ro‘yobga chiqadi:
1. Barcha yoqimsiz va yomon narsalardan ko‘zni tiyish hamda qalbni Alloh taoloning zikridan to‘sadigan narsalarga mashg‘ul qilmaslik.
2. Tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, fahsh-uyat gaplar, jafo, xusumat, maqtanchoqlikka o‘xshash narsalardan tiyib, sukutni lozim tutish. Uni Alloh taoloning zikri va Qur’on tilovati bilan mashg‘ul qilish. Bu, tilning ro‘zasidir. Bishr ibn Horis rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinishicha, Sufyon Savriy: «G‘iybat ro‘zani buzadi», degan. Mujohid shunday deydi: «Ikki xislat – g‘iybat va yolg‘on ro‘zani buzadi». Bu gaplar ommaning emas, solihlar ro‘zasining buzilishi haqidadir, chunki g‘iybatchining ro‘zasi ommaning ro‘zasidek bo‘ladi, ammo g‘iybati tufayli solihlar ro‘zasi darajasidan tushadi.
3. Quloqni eshitish makruh bo‘lgan barcha narsalardan, boshqacha qilib aytganda, yuqorida sanab o‘tilgan narsalarning hammasidan saqlash. Chunki gapirish mumkin bo‘lmagan barcha narsani eshitish ham mumkin emas. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni Karimda harom egan bilan yolg‘on eshitgan kishini teng sanagan:سَمَّاعُونَ لِلْكَذِبِ أَكَّالُونَ لِلسُّحْتِ «Yolg‘onga ko‘p quloq soluvchilar, haromni ko‘p eyuvchilardir» (Moida surasi, 42-oyat).
4. Qo‘l, oyoq va boshqa a’zolarni gunohlardan saqlash hamda iftordan keyin qorinni shubhali taomlardan saqlash. Zotan, qorinni halol narsadan saqlab ro‘za tutib, keyin halol bo‘lmagan narsa bilan iftor qilishning ma’nosi ham yo‘q. Harom narsalar dinni halok qiluvchi zahardir. Halol esa dori kabi ozi foydali, ko‘pi zararlidir.
5. Iftorda haddan tashqari ko‘p eb, qorinni to‘ydirib yuborishdan saqlanish. Bunday qilish bilan ro‘zadan ko‘zlangan maqsad amalga oshmaydi. Chunki ro‘zadan ko‘zlangan maqsadlardan biri ochlikning mashaqqatini his qilishdir. Mazkur maqsadga erishish esa, ro‘zadan boshqa vaqtlarda nonushtada tanovul qiladigan taomni saharlikda va kechki ovqatda tanovul qiladiganini iftorda iste’mol qilish bilan bo‘ladi. Iftordan so‘ng qalb xavf va rajo orasida bo‘lishi lozim, chunki ro‘zasi qabul bo‘lib, muqarrab bandalar qatoriga qo‘shildimi yoki qabul bo‘lmay, g‘azabga uchraganlardan bo‘ldimi, aniq emas. Har bir ibodatdan forig‘ bo‘lgandan so‘ng shu holatda bo‘lish lozim. Hasan Basriy rahmatullohi alayh kulib o‘tirgan qavm oldidan o‘tayotib, «Alloh azza va jalla Ramazon oyini O‘z bandalarini chiniqtirish uchun, U Zotning toatida musobaqa qilishlari uchun joriy qilgan. Bir qavmlar o‘zib ketib, najot topishdi. Boshqalari esa ortda qolib, noumid bo‘ldilar. O‘zganlar najot topib, ahli botillar noumid bo‘lgan kunda o‘ynab-kulganlarga hayronman», dedi. Ro‘zadorlar dunyoda Alloh taoloning mahbub bandalari, oxiratda jannat uyining ulug‘ mehmonlari bo‘lishadi. Ramazon inson nafsini jilovlash, poklash, chiniqtirishning eng qulay fursatidir. «Marhabo, ey bizlarni poklovchi! Ramazonning hamma vaqti yaxshi: kunduzi ro‘za, kechasi qiyom, bu oydagi nafaqa Alloh yo‘lidagi nafaqa kabidir», deganlar Umar ibn Xattob roziyallohu anhu. «Har narsaning zakoti bor, badanning zakoti ro‘za tutishdir», deganlar Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu. Ramazon taqvo oyidir. Bu oyda xulqimiz yanada yuksalib, harom va shubhalardan har qachongidan ham ko‘proq tiyilishimiz zarur. Shunday tabarruk oyda qiz-kelinlarimizni milliyligimizga yot bo‘lgan holatda kiyinib yurishdan, erkaklarimizni nomahramlarga ko‘z tikishdan qaytarishimiz lozim. Vaholanki, hadisda «Ko‘ngilning taqvosi haromga qaramaslikdir», deyilgan. Ramazon ibodatlarni ko‘paytirish, gunohlarga mag‘firat so‘rash, Qur’on bilan oshno bo‘lish, Allohga bandalikni yuksak darajaga ko‘tarish oyidir. Shunday bo‘lgach, Ramazonni taqvo, halollik, husni xulq va yaxshiliklar oyiga aylantirish har bir musulmonning burchidir.(“Mo‘minning qalqoni” kitobidan). Vallohu a’lam!

7 Dekabr 2023, 10:51 | Savol-javoblar | 0 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar