Ilohiy kitoblar

Assalomu alaykum! Bilamizku Qur’onda ilohiy kitoblar haqida aytilgan, shunda biz haqiyqiy kitoblar deb tushunimiz kerami, yoki Payg‘ambar aytgan gaplarnini insonlar yozib olishgan narsani o‘sha ilohiy kitob deb tushunimiz kerakmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Alloh taolo o‘z kitoblarini insoniyatga ulardan bo‘lgan payg‘ambarlar vositasida etkazgan. Payg‘ambarlar esa Allohning kitoblarini hech qanday o‘zgartirishlarsiz, basharning kalomiga aralashtirmay, omonatdorlik ila tilovat qilib berganlar.
Ilohiy kitoblarga iymon keltirish Islom aqiydasi arkonlaridan biridir. Ushbu aqiydasiz ham iymonli bo‘lish mumkin emas. Ilohiy kitoblarga iymon keltirishning ma’nosi o‘sha kitoblarning Allohning kalomidan iborat ekaniga ishonmoqdir.
Biz Alloh taolo O‘z payg‘ambarlariga kitoblar tushirganiga umumiy iymon keltiramiz. U kitoblarning haqiqiy soni va ismlarini Allohning O‘zi biladi. Shu bilan birga, Alloh taolo Qur’oni karimda ba’zi ilohiy kitoblarning nomini aytgan.I. Ibrohim alayhissalomning sahifalari.
Ibrohim alayhissalomga tushirilgan vahiylar to‘plami «Sahifalar» deyilgan, ulamolarimizning aytishlaricha, ular ma’lum varaqlar bo‘lib, kitob darajasiga etmagan.II. Zabur.
Alloh taolo Dovud alayhissalomga Zaburni nozil qilgan. «Zabur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi «maktub», ya’ni «yozilmish» deganidir.
Mo‘min-musulmon odam Alloh taolo Dovud alayhissalomga Zabur nomli kitobni nozil qilganiga jazm ila iymon keltirishi lozim.III. Tavrot.
Alloh taolo Muso alayhissalomga Tavrotni nozil qilgan. «Tavrot» so‘zi ibroniy tilida «ta’lim» yoki «shariat» degan ma’nolarni anglatadi.
Mo‘min-musulmon odam Alloh taolo Muso alayhissalomga Tavrot nomli kitobni nozil qilganiga jazm ila iymon keltirishi lozim.IV. Injil.
Alloh taolo Iyso alayhissalomga Injilni nozil qilgan. «Injil» yunoncha lafz bo‘lib, «bashorat» ma’nosini bildiradi.
Mo‘min-musulmon odam Alloh taolo Iyso alayhissalomga Injil nomli kitobni nozil qilganiga jazm ila iymon keltirishi lozim.V. Qur’on.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’on nozil qilingan. «Qur’on» lafzining lug‘aviy ma’nosi «o‘qish» deganidir.
Hozirgi kunda buzilmay, o‘zgarish kiritilmay qolgan haqiqiy, birdan-bir ilohiy kitob Qur’oni karimdir. Qur’onni ulamolarimiz quyidagicha ta’riflaydilar:
«Qur’on Allohning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan, tilovati ibodat hisoblanadigan, ojiz qoldiruvchi kalomidir».  Vallohu a’lam!“Mukammal saodat yo‘li” kitobidan

7 Dekabr 2023, 13:11 | Savol-javoblar | 0 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar