juma namoz xakida

Assalomu aleykum. Men jorijda ishlayman, va odamlarni xar xil namoz ukishini kuraman. Lekin meni kuprok tajubga soladigani kupchilik odamlar juma namozida ikki rakat farzni oldida turt rakat sunatni ukimaydilar va bunga turt rakat sunatni ukish tugrisida ishonarli xadis yuk deyishadi. Vaxolanki imom turt rakat sunatni ukiydi va ularga bu xakida isbot keltira olmaydi. Iltimos manga shuni tushuntirib bering.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
- Buni ko‘p marta tushuntirganmiz. Savol berishdan oldin saytdagi ma’lumotlardan izlab ko‘rish kerak. O‘zingizni ham bizni ham ovora qilmaysiz.JUMA NAMOZINING AVVALGI TO‘RT RAK’AT SUNNATI HAQIDA339-SAVOL: Odatda bizda juma namozidan oldin to‘rt rak’at sunnat o‘qiladi. Lekin, «Mushkot» kitobida farzdan oldingi to‘rt rak’at sunnat aytilmagan. Arab o‘lkalarida bu sunnat o‘qilmas ekan, bizda o‘qilishiga biror hujjat bormi?339-JAVOB: Bismillahir rohmanir rohiym.Bu savolda hozirgi kunda diyorimizdagi mo‘min-musulmonlar ba’zilari odatlanib qolgan dard o‘z aksini topgan. Unda «Mushkot» kitobida farzdan oldingi to‘rt rak’at sunnat aytilmagan» degan gap bor. Bitta kitobga Islom dinining barcha ta’limotlari joylanishi mumkin emas. Hattoki bir mavzuga atalgan, misol uchun «Juma namoziga atalgan bir kitobda shu namozga tegishli barcha kattayu kichik narsalar to‘plangan, undan boshqa hech narsa qolmadi» degan da’voni hech kim qila olmaydi. «Mushkot» hadis borasidagi kitoblardan bo‘lib, ko‘pgina narsalarni muallif o‘zi to‘plagan hadislarda aks ettirishga harakat qilgan. Lekin muallifning o‘zi ham, bu kitobni sharh qilgan katta ulamolar ham va shu kungacha o‘tgan kitobga aloqasi bor kishilar ham hech qachon «Mushkot» kitobi Islom dinidagi yoki namoz bobidagi yoki juma haqidagi barcha ma’lumotlarni o‘ziga to‘plagan, bundan boshqa hech narsa yo‘q, ana shu kitobda kelgani hisob, boshqasi hisobmas» degan e’tiqodni qilmagan. Bizdagi xato, bitta kitobni o‘qiymiz, ana shu kitob haqida «Bor haqiqat shu, bundan boshqa hech gap yo‘q» degan tushunchani o‘zimizga kasb qilib olamiz. Bu mutlaqo noto‘g‘ri gap, mutlaqo nuqsonli bir tushuncha hisoblanadi. Tajribada ham bo‘ldi: bir guruh yoshlarimiz shunga o‘xshash ba’zi bir diniy ahkomlarda ko‘pchilikka ixtilof qilib, masjid imomlariga ta’na etkazgan, har xil gap-so‘zlar bo‘lib o‘tgan ekan va aynan mana shu jumadan oldin o‘qiladigan to‘rt rak’at sunnat namozini inkor qilish holati bor ekan. Suhbat davomida: «Nima uchun mana shu to‘rt rak’atli sunnat namozi yo‘q, degan fikrga keldilaringiz» deb so‘rasam, ularning rahbari javobga «Arkoni islomda yo‘q ekan» dedi. «Arkoni islom nima?» desam «kitob» dedi. Men aytdim: «To‘xtang endi, men bu kitobni ko‘rganim yo‘q, bilganim yo‘q. Lekin gapingizdan ma’lum bo‘ldiki, bu kitob chet eldan kelgan, hajmi kichkinagina, o‘zbek tiliga tarjima qilingan kitob bo‘lsa kerak» desam, «Ha to‘g‘ri, Saudiyadan kelgan», dedi. Men aytdim: «O‘sha kichkina kitobda bir narsa aytilmay ketgan ekan, lekin mana bu imom domlaning kitob javonidagi bir qancha kitoblarni ko‘ring. O‘sha bitta kichkina kitobda yo‘q narsa bu kitoblarda bo‘lsa e’tirof qilasizlarmi yo inkor qilasizlarmi? Bitta narsani, kichkinagina narsani o‘qib olib, o‘shanda yo‘q narsani yo‘q deb yuborishdan uyalmadilaringizmi? «Mana bu erda yo‘q ekan, xalqimiz asrlar osha shuning amalini qilib kelyapti ekan, orasidagi farq nima», deb domlalaringizdan so‘rasalaringiz bo‘lmasmidi?» degan gaplarni aytdim. Demak, biror kitobda, jumladan «Mushkot» kitobida aytilmagan narsa yo‘q» degan tushunchaga bormasligimiz kerak. Ikkinchisi: «Arab o‘lkalarida bu sunnat o‘qilmas ekan!» Bu ham, «Arablarda bor narsa bor, yo‘q narsa yo‘q degan» tushuncha, ham–bir dard. «Arablar arab, hamma narsa o‘shalardan, shularning bilgani-bilgan, degani-degan» tushuncha ham noto‘g‘ri. Arablar haqiqatan mo‘min-musulmonlarga etakchi xalq bo‘lib kelgan. Lekin bu «Nima narsani arab qilsa to‘g‘ri, arab qilmasa noto‘g‘ri» degan gap emas. Arablarning ichida yaxshisi bor, yomoni bor, musulmoni bor, nasorosi bor, dinsizi bor va hokazo. Shuning uchun arab o‘lkalarida yoki arab shaxslarga qarab islomiy hukmlarni chiqarish, baho berish va boshqa holatlarni e’tiborga olmaslik kerak. «Bizda o‘qilishiga biror hujjat bormi?» degan savolga kelsak, bizda o‘qilishi hanafiy mazhabi asosidadir. Hanafiy mazhabi butun Islom olami tan olgan to‘rt fiqhiy mazhablardan biridir va bu mazhab o‘zi keltirgan har bir hukmga Qur’ondan yoki Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridan hujjat keltirgan. Hanafiy mazhabida yurgan mo‘min-musulmonlar ichida turli millatlar va qavmlarga mansub musulmonlar bor. Jumladan juda ko‘plab arablar ham bor, forslar ham bor, turklar ham bor, hindistonlik va yana ko‘pgina yurt, millat, qavmning vakillari bor. Endi, hanafiy mazhabi bo‘yicha «Juma namozidan oldin to‘rt rak’at sunnat o‘qiladi» degan hukmning albatta hujjati bor. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan va Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan muhaddis ulamolarimiz bir qancha rivoyatlarni keltirishgan. Bularning barchasida Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam juma namozidan oldin to‘rt rak’at sunnat namozlari o‘qiganlari to‘g‘risida bayonotlar kelgan. Shuningdek, Ummu Salama onamiz roziyallohu anhodan ham va yana boshqa bir qancha kishilardan bu boradagi rivoyatlar kelgan. Ana o‘sha rivoyatlarni olib, «Hanafiy mazhabida xuddi peshindan oldin to‘rt rak’at sunnat namozi o‘qilganidek, juma namozidan oldin ham to‘rt rak’at sunnat namozi o‘qiladi» degan hukm joriy bo‘lgan va bunga hanafiy mazhabidagi kishilar avval boshdan amal qilib kelyaptilar. Buni hozirgi kungi mo‘min-musulmonlar ham yaxshi bilishlari, boshqa ahkomlar qatorida bu narsa ham dalilli, hujjatli bir hukm ekani yaxshi anglab olishlari lozim bo‘ladi. Vallohu ahlam.Savol: Assalamu alaykum ustoz!!! Juma namozida 2 rak’at farzdan oldingi 4 rak’at sunnatning hujjati haqida so‘ramoqchi edim. Izlanib ko‘rib imom Tabaroniydan hazrat Ali rivoyat qilgan hadisni topdim. Lekin Imom Buxoriy bu hadisni qattiq jarohatlagan ekanlar. 2 ta jiddiy jarohat mavjud. “Mustalahul Hadis” ilmidagi qoidaga binoan “zaif” hadisni bu o‘rinda olinmasligini eshitgan edim. Lekin bu hadis “zaif” emas “juda zaif”. Shuning uchun bid’at ehtimoli bo‘lishi mumkin deb o‘ylab, Juma kuni 2 rak’at farzni, so‘ng 4 rak’at sunnatni o‘qimoqdaman xolos.Mirzo Kenjabekning “Sunnani Termiziy”ga qilgan tarjimasida bu borada Abdulloh ibn Mas’uddan hadis borligi zikr qilingan, lekin afsus hadis keltirilmagan. Ustoz umuman har qanday shar’iy masalalarni shu uslubda - ya’ni, aniq va qat’iy dalillarni so‘rab surishtirib, so‘ng amal qilishim to‘g‘rimi? Chunki Allox Taolo Isro surasining 36-oyat ma’nosi tarjimasida : “O‘zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko‘z va dil — ana o‘shalar, mas’uldirlar” degan.Masalaga oydilik kiritsangiz, farz namozidan oldingi 4 rak’at sunnat haqida sahih hujjat bormi? Javob: Bu gap oldin masala sifatida ko‘tarilmas edi. Hamma hanafiy mazhabi kitoblarida kelgan ta’limotlardan o‘rganib mazkur, juma namozining ikki rak’at farzidan oldingi to‘rt rak’at sunnatni o‘qir edi. Ammo bundan yigirma yillar avval o‘lkamizga turli sabablarga ko‘ra bemazhablik degan balo kirib keldi. Kirganda ham odamlarning nozik joyidan turgan holda kirib keldi. Biz Qur’on va Sunnatga amal qilishimiz kerak degan chaqiriq bilan kirib keldi. Bemazhablar ba’zi kishilarni Qur’on va Sunnatga amal qilish da’vosi bilan o‘zlariga rom qilib olganlaridan keyin Qur’on va Sunnatga amal qilmaslik misli yo‘q katta gunoh ekanini singdirdilar. Ammo ularga Qur’on va Sunnatga amal qilishni o‘rgatish o‘rniga Qur’on va Sunnatga qarshi ish sifatida fiqhiy mazhablarni yomonlay boshladilar. Biz, deyishar edi, ular Qur’on va Sunnatga amal qilishimiz kerak, Abu Haniyfaning gapiga emas! Bemazhablarning vakillari Hanafiy mazhabining qoralash uchun u mazhab olmagan, ammo boshqa mazhabdagi bor gapni, Sunnatda bunday bo‘lsa ham, hanafiylar bu hukmni olmay, o‘zlarining gapini odamlarga shariatning hukmi deb suqishtirishgan deyishar edi. Misol uchun, namozda, “Fotiha” surasi qiroatidan keyin “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish. Uni boshqa mazhablar olgan. Ammo fiqhiy mazhablarning barchasi noto‘g‘ri deyishlariga qaramay bemazhablar bu masalada faqat hanafiy mazhabini tanqid qilishardi. Boshqa masalalarda ham shu gapni takrorlash mumkin. Ya’ni, fiqhiy mazhablar bir masalada bir necha dalil kelib, ulardan ba’zisini bir mazhab, boshqasini ikkinchi mazhab olgan bo‘lsa, bemazhablar o‘zlari bilmagan narsani Sunnatga xilof deb e’lon qilishar edi. Bu noto‘g‘ri, Sunnatda bunday deyilgan, deyishar edi. Ammo, o‘sha ular Sunnatda bor degan gapni boshqa fiqhiy mazhab ming yildan ko‘proq vaqt oldin amal qilishni boshlagani haqida lom – lim demasdilar.Kezi kelganda aytib o‘tish kerakki, bemazhablar o‘zlari namoz o‘qishni mazhab ulamolaridan yoki ularning kitobidan o‘rganishgan bo‘ladi. Agar ularga mazhabdagidan boshqacha alohida Qur’on va Sunnatga asosalangan namozni bizga ko‘rsat deyilsa, biror narsa deya olmaydilar. Boshqa masalalar ham xuddi namozga o‘xshaydi. Bemazhablarning gapi quruq safsatadan boshqa narsa emasligi ochiq-oydin ko‘rinib turadi.Shunday qilib bemazhablar va ularning gumashtalari bir qancha gaplarni masala qilib ko‘tarib, o‘z fitnalarini yuzaga chiqardilar. Odamlar o‘rtasida, hanafiy mazhabida Qur’on va Sunnatga amal qilish o‘rniga Abu Hanifa va uning to‘dasining a’zolari odamlarni o‘zlarining gapiga yurishini yo‘lga qo‘yishgan dedilar. Ikkinchi hijriy asrda o‘tgan va Islom ummatining yarmidan ko‘pi ilmidan bahramand bo‘lib kelayotgan, Qur’on va Sunnatga amal qilishda ko‘pchilikka imom bo‘lgan buyuk olimni va u kishining safdoshlari hamda shogirdlarini Qur’on va Sunnatga xilof qilishda, zalolatda va odamlarni zalolatga ketgazishda aybladilar. Hatto bemazhablarning chet eldagi safdoshlaridan biri Abu Hanifa rahmatullohu alayhini “Abu Jiyfa” – o‘limtikning otasi deb nomlashgacha bordi.Bizdagi bemazhablar asosan o‘zlarining chetdagi “ustoz”larining ko‘rsatmasi va gaplari asosida ish yuritadilar. Avval ular berilgan ko‘rsatma asosida hanafiylar hujjat dalilsiz o‘zining gapini shariat deyishadi, degan gapni tinmay takrorladilar. Ulamolarimiz hujjat dalillarni keltirganlaridan keyin, endi, hadis zaif deyishga o‘tdilar. Avval aytib yurgan gaplari uchun, biz bilmagan ekanmiz hanafiylarning har bir shar’iy hukmga Qur’on va Sunnat, Ijmo’ va qiyosdan dalillari bor ekan, deyishga yarashmadi. Xuddi bilmagandek, falonchi hadis zaif ekan deyishga o‘tishdi va sizning savolingizga o‘xshash savollarni berishga o‘tishdi. Mayli, bu ham bir uslub.Siz aytgan hadis quyidagicha:Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jumadan oldin to‘rt rak’at, keyin to‘rt rak’at o‘qir edilar. Salomni ularning oxiridagi rak’atda qilar edilar”. Tobaroniy rivoyat qilgan.Ushbu hadisning roviylaridan faqat Muhammad ibn Abdurrohman Sahmiyni imom Buxoriy zaif degan. Boshqa barcha roviylari ishonchli. Ammo Ibn Adiy Muhammad ibn Abdurrohman Sahmiyni mening nazdimda bo‘laveradi, degan. Ibn Hibbon esa, uni ishonchli roviylar ichida zikr qilgan. Bunday odamlarning rivoyati zaif emas, hasan bo‘ladi.Ali Qori rahmatullohi alayhi aytadilar: “Bu yaxshi isnod bilan ham kelgan, Hofiz Iroqiy, U zot alayhissalom u(juma)dan oldin to‘rt rak’at namoz o‘qirdilar”, degan”. Endi siz aytgandan boshqa rivoyatlarga o‘taylik.Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u kishi jumadan oldin to‘rt rak’at, jumadan keyin to‘rt rak’at namoz o‘qir edilar. Termiziy rivoyat qilgan.Bu ma’nodagi sahobai kiromlardan kelgan bir necha rivoyatlarni Ibn Moja, Abdurrazzoq, Ibn Abu Shayba va boshqalar rivoyat qilishgan. Yaziyd ibn Horundan, Hammod ibn Salamadan, Hofiyadan rivoyat qilinadi:“Sofiya binti Huyay roziyallohu anhoni ko‘rdim. Imom jamaga chiqishidan oldin to‘rt rak’at o‘qidilar. Keyin imom bilan ikki rak’at juma o‘qidilar”. Ibn Sa’d, Zayla’iy va Ibn Hajarlar rivoyat qilishgan.Ulamolar bu va bularga o‘xshash boshqa rivoyatlarni jamlab siz shubha qilayotgan jumadan oldingi to‘rt rak’at sunnatni o‘qishga yo‘l berganlar.Siz savolingizda “Mustalahul hadis” ilmi haqida ham so‘z yurtibsiz. O‘sha ilmga asosan zaif hadisni qabul bo‘lmasligini aytibsiz. Sizning bu ilmdagi saviyangizni bilmadimu, ammo ushbu savoldagi gapingiz, birov o‘rgatib qo‘ygan gapga o‘xshab turibdi. Chunki, “Mustalahul hadis” ilmi haqida ozgina ma’lumoti bor har bir odamga ma’lum haqiqatni aytmayapsiz. O‘sha haqiqat “Mustalahul hadis” ilmi ulamolarining ittifoqi ila quyidagidan iborat: “Zaif hadis ikki ish ila hasan lig‘oyrihi darajasiga ko‘tariladi:a). Zaif hadisni quvvatlaydigan boshqa rivoyatlar kelishi kerak. Shu bilan birga, mazkur hadisning yo‘lidan boshqa yo‘llar uning kuchida yoki undan kuchliroq bo‘lishi shart. b). Hadisning zaif bo‘lishi sababi, roviyning yodlashi yaxshi emasligida, sanadida kesilish borligida yoki odamlarida jaholat borligida bo‘lishi kerak. Ya’ni, odamlarini aniqlab bo‘lmaydigan holat bo‘ladi. Mana shu sababdan hadis zaif bo‘lsa va zaif hadisni o‘ziga o‘xshash yoki undan kuchliroq sanadli boshqa bir hadis qo‘llab kelsa, zaif hadis hasan lig‘oyrihi darajasiga ko‘tariladi. Hasan lig‘oyrihi, deb nomlanishining sababi:Hadisga hasanlik sifati birinchi sanadining o‘zidan kelmagani, balki boshqa hadisning qo‘shilishi oqibatida chiqqani uchun, boshqaning sababidan hasan bo‘lgani uchun, hasan lig‘oyrihi, deyiladi. Zaif hadisni hasan lig‘oyrihi darajasiga ko‘tarilishini quyidagi matematik tenglama orqalik ifoda qilish mumkin.Zaif + zaif = hasan lig‘oyrihi.Hasan lig‘oyrihini hukmi.Hasan lig‘oyrihi hadis hujjatga ishlatsa bo‘ladigan darajadagi maqbul xabar hisoblanadi”.Shundan jumaning farzidan oldin to‘rt rak’at sunnat o‘qish siz aytgandek, juda zaif rivoyat asosida yo‘lga qo‘yilmagani chiqadi. Balki, eng kamida hasan lig‘oyrihi hadis kuchidagi dalil bilan sobit bo‘lgan va ulamolar ijmo’ qilgan amal ekani chiqadi. Ammo mazkur to‘rt rak’at sunnatni o‘qimaslik haqida esa bemazhablarning fitnasidan boshqa hach gap yo‘q ekani chiqadi.Shuningdek, siz keltirgan, “O‘zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko‘z va dil — ana o‘shalar, mashuldirlar” degan oyat tahtiga doxil bo‘lishga ham olib bormaydi.Alohida ta’kidlash lozimki, to‘rt mo‘’taraf fiqhiy mazhablarning ulamolari hech qachon bilmagan narsaga ergashmaganlar. Ular Alloh taoloning roziligi, Islom ummatining xizmati uchun ilmiy ijtihod qilganlar. Ijtihodlari to‘g‘ri bo‘lsa ikki, noto‘g‘ri bo‘lsa, bir savob olganlar. Siz bilan biz esa, ularni yaxshilik ila eslab, haqlariga qo‘ldan kelganicha duolar qilish majburiyatidamiz.Kezi kelganda yana bir narsani aytib o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘lar deb o‘ylayman. Bemazhablarning mo‘min-musulmonlar orasida ixtilof chiqarishdan boshqa ishlari ham bormi? Hamma vaqt va hamma erda ularning ixtilof chiqarishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Eng qizig‘i, ularning asosiy e’tiborlari musulmonlar qilib turgan va savob umidida bo‘lgan narsalardan qaytarish uchun ixtilof chiqaradilar. U narsa yo‘q. Bu narsa bid’at. Uni qilgan bid’atchi. Buni qilgan zalolatda. Va hokazolar.Ushbu siz ko‘targan masala fikrimizning yorqin dalili. Juma muborak kun ekani hammaga ma’lum. U kuni ko‘proq ibodat qilishga targ‘ibot, xususan, juma namozidan oldin nafl namoz o‘qish haqida hadislar bor. Bizda hamma aynan o‘sha siz shubha qilayotgan to‘rt rak’at sunnatni o‘qishlari ham ma’lum. Odamlarni shu ibodatdan qoldirib ular nima savob kasb qiladilar?! Ular ko‘tarayotgan ixtiloflarning har biri haqida yuqoridagi gapga o‘xshash gaplarni istagancha gapirishimiz mumkin.Mana, bemazhablar qariyb yigirma yil davomida dinini o‘rganishda mashaqqat chekib turgan mo‘min-musulmonlar orasida tinmay ixtilof chiqarib, o‘zlari, dinlari, dindoshlari uchun nima foyda topdilar?O‘z-o‘zidan bemazhablar vatanimizda ixtilofdan boshqa nima qildilar, degan savol paydo bo‘ladi.Ular birorta masjid qurdilarmi? Balki, ba’zi imomlarimizning guvohlik berishlaricha, masjid qurishda ishtirok etayotgan kishilarni bu ishdan qaytarishar ekan.Biror madrasani ishga soldilarmi?Biror dona maqbul kitob yozib, ma’rifat taratishga hissa qo‘shdilarmi? Biror murattab qori tayyorlab xatmga o‘tkazdilarmi yoki musobaqaga yubordilarmi?Ushbu qabildagi savollarni ko‘plab berishimiz mumkin. Ixtilof chiqarishdan boshqa ish yo‘qmi? Yoki odamlarga dinimiz ta’limotlarini etkazish oxiriga etib, ixtilof chiqarishdan boshqa ish qolmadimi?Bu ixtiloflardan kimga foyda va kimga zarar etmoqda?!O‘zlari biror narsa qilmasalar ham, hech bo‘lmasa qo‘lidan kelganini qilayotganlarga to‘siq bo‘lmay tursalar nima bo‘ladi?!Hammamiz ixtilofsiz Allohning dinini o‘rganib, unga qo‘ldan kelganicha amal qilib, ahl-inoq bo‘lib yursak nima bo‘ladi?!Allohim! Mo‘min-musulmon bandalaringni ixtiloflardan saqlagin! Ularga ahl-inoqlikni ato etgin! O‘zingning hidoyatingdan ayirmagin! Omiyn!

29 Aprel 2022, 12:52 | Savol-javoblar | 219 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar