Ribo, Savdo va Forex

Assalomu alaykum! Yaqinda, bir savol qiynadi, aniqroqi suxbatdoshim bilan rosa muhokama qildik. Savdoni Ribodan farqlaydigan shartlardan bittasi  Qo‘lma qo‘l bo‘lishi shart . Bu degani pulni qo‘lda ushlash shart deganimi? Agar shart bo‘lsa, unda qarzga sotishni qanday izohlasa bo‘ladi? Yoki Indoneziya, Malayziyada savdo qilib pulni qo‘liga ushlamasdan qaytishni qanday izohlasa bo‘ladi? Tushunishimcha Qo‘lda-Qo‘lga deganda Tasarruf  Qo‘l ostida ma’nosi anglatilgan.
Shunga bog‘liq ikkinchi savol. AQSh dollarini Evroga ayrboshlash savdomi yoki ribomi? Oltinni dinorga ayrboshlash, yoki boshqa davlat pul birliklariga ayrboshlash oldin ham borligini hisobga olganda, meni nazarimda bu oddiy savdo. Forex da savdo qilish savdomi yoki ribomi? Yoki Forexdagi Islamik broker bo‘lmaganlar bilan ishlash ribomi? Oldindan katta rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! 1). Qo‘lma-qo‘l deganini shariatimizda qabz deyiladi. Qabz ya’ni qo‘lga olish har zamonda o‘ziga yarasha bo‘ladi. Avvallari pularni hisobdan o‘tkazish degan narsa yo‘q edi. Shuning uchun qabzni sotuvchi bilan oluvchi evazlarni qo‘lga olishi deb aytilgan. Hozirgi kunga kelib ikki tomon bir vaqtda bir-birining hisobiga o‘tkazish ham qabz deyiladi. 2). Ayrboshlash shariatimizda sarroflik savdosi deyilib, bu joiz. ulamolar bunda qo‘lma-qo‘l yoki bir vaqtning o‘zida bir-birining hisobiga o‘tkazishni shart qilganlar. 3). Foreksda yuqorida keltirilgan savdodan tashqari juda ko‘p shariat man qilgan ishlar bor. Ulardan biri umuman tag-tugi yo‘q, ya’ni ishlab chiqarilmagan narsalarning savdosi bo‘ladi. U erda maqsad sotib olish ham emas birovga sotish ham emas. Aksincha o‘rtadagi farqlardan foyda ko‘rishgina xolos. Agar biror narsani borligi aniq, sotib olish maqsad bo‘lsa iternet orqali pul o‘tkazib olishning hech qanday zarari yo‘q. Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 18:33 | Savol-javoblar | 161 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar