Islomning madori bo‘lgan 4 hadis

Assalomu alaykum! Muhaddis ulamolar to‘rt hadisni Islomning madori deb tan olishgan ekan. Hattoki, Imom Shofe’iy «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam  ushbu to‘rt hadisdan boshqa hadis aytmasalar ham dunyoga etar edi», degan ekanlar. Shayx Hazratlarining (rohimahulloh) ma’ruzasida hadislarning birini eshitdim: «Insonni Islomining go‘zalligi o‘ziga befoyda bo‘lgan narsani tark etishidadur». Iltimos, qolgan uchtasini topishda yordam bering.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:«Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishining niyat qilgan narsasi bo‘ladi. Bas, kimning hijrati Alloh va Uning Rasuli uchun bo‘lsa, uning hijrati Allohga va Uning Rasuliga bo‘ladi. Kimning hijrati dunyo uchun bo‘lsa, unga erishadi. Yoki ayol uchun bo‘lsa, uni nikohlab oladi. Bas, uning hijrati nima uchun qilingan bo‘lsa, o‘shanga bo‘ladi», dedilar».Beshovlari rivoyat qilishgan.Sharh: Bu hadisi sharif hazrati Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinmoqda. U kishi bilan «Muqaddima»da tanishib o‘tganmiz. Payg‘ambarimiz alayhissalom bu hadislarida nihoyatda qisqa iboralar bilan bir olam ma’noni bayon etganlar. Shuning uchun ham ulamolarimiz bu hadisi sharifni alohida e’tibor bilan, o‘rganib chiqqanlar. Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu: «Ilmning uchdan biri shu hadisda», degan ekanlar. Chunki, bandaning savob kasb qilishi uch narsa – dil, til va badan orqali bo‘ladi. Bu hadisda dil orqali bo‘ladigan narsa to‘la bayon qilingan. Qolaversa, din ichki va tashqi amallardan iborat. Niyat ichki amal hisoblanib, qalb bilan bo‘ladi. Imom Shofe’iy rahmatullohu alayhi esa: «Ilmning yarmi shu hadisda», degan ekanlar. Imom Abu Dovud rahmatullohi alayhi esa: «Bu hadis Islomning madori bo‘lgan hadislardandir. Insonning dini uchun to‘rtta hadis kifoya: 1. «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir». 2. «Birortangiz toki o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham yaxshi ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi». 3. «Kishi Islomining go‘zal bo‘lishi o‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishidadir». 4. «Albatta, halol ochiq-oydindir, harom ochiq-oydindir», hadislaridir», degan ekanlar. عَنْ عَلِيِّ بْنِ حُسَيْنٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ  صَلَي الله عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ: إِنَّ مِنْ حُسْنِ إِسْلَامِ الْمَرْءِ تَرْكَهُ مَا لَا يَعْنِيهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُAli ibn Husayn roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Albatta, kishining o‘zi uchun befoyda narsalarni tark qilishi Islomining husnidandir», dedilar».Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar.Sharh: Bu hadisi sharif Islomning madori bo‘lgan to‘rt hadisning biridir. Imom Abu Dovud rahmatullohi alayhi: «Bu hadis Islomning madori bo‘lgan hadislardandir. Insonning dini uchun to‘rtta hadis kifoya qilur: 1. «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir» degan hadis. 2. «Birortangiz toki o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani o‘z birodariga ham yaxshi ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi» degan hadis. 3. «Kishi Islomining go‘zal bo‘lishi o‘zi uchun behuda bo‘lgan narsani tark qilishidir» degan hadis. 4. «Albatta, halol ochiq-oydindir, harom ochiq-oydindir» degan hadis», degan ekanlar. Hayotimizga diqqat bilan nazar soladigan bo‘lsak, kishilarning ko‘p vaqti, zehn-zakovati, aql-idroki va imkoniyatlari behuda narsalarga sarf qilinayotganini ko‘ramiz. Behuda narsalardan chetda bo‘lgan kishi faqat foydali ish bilan mashg‘ul bo‘lishini yaxshi anglab etishimiz lozim. Binobarin, har doim befoyda ishlardan o‘zimizni chetda tutishimiz kerak bo‘ladi. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 20:15 | Savol-javoblar | 185 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar