Bavl yo‘lidan bir necha tomchi oqib chiqishi

Bavl qilib bo‘lganimdan so‘ng old farjimdan bir necha tomchi siydik chiqadi. Bu 5-10 daqiqa davomida sodir bo‘ladi, qog‘oz bilan artib, quritmoqchi bo‘lsam ham… Ushbu holim bir necha yildan beri davom etadi, yo prostatit yo tsistist sababli. Hullas, ikki yo‘l tutaman: agar namozgacha vaqt oz qolgan bo‘lsa, tahoratni faqat ushbu namoz vaqti uchun olaman; yoki ko‘pincha bavldan keyin tahoratgacha 20-30 daqiqa kutaman, bavl yo‘llaridan siydik to‘liq chiqsin, deb. Birinchi savolim, ushbu tutgan yo‘lim tug‘rimi? Tahoratni ma’lum sabab saqlay olmaslik vujudga kelsa, har bir namoz uchun alohida tahorat qilib, o‘sha vaqt uchun barcha namozlarni o‘qish mumkinligini o‘rgangan edim. Lekin oddiy taharat olish bilan faqat ma’lum muddatga tahorat olishni aralashtirsa bo‘ladimi? Ikkinchi savolim, bir necha tomchi bavl ichki kiyimimni xo‘l qiladi. Odatda tahorat vaqtida sag‘al suv tekkazib tozalagandek bo‘laman. Lekin juda ham xo‘l qilib tashlay olmayman, chanki bunga imkon bo‘lmaydi, xo‘l ichki kiyim bilan yurish noqulayligi sababli, shu masala bo‘yicha ham fikringizni bilmoqchi edim.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Siydik chiqadigan joyga salfetka yoki paxta kabi narsani qo‘yib olib, tahorat qiladi. Agar ruk’u va sajdalarni qilsa tahorat ketib qoladigan bo‘lsa, ishora bilan namoz o‘qiydi. Fiqhiy kitoblarimizda : "Ruk’u va sajda qilganida jarohatidan qon yoki yiring chiqadigan kishi ishora bilan o‘qiganda chiqmaydigan bo‘lsa, ishora bilan namoz o‘qiydi" deyilgan. - Kimga farzning vaqti o‘tmasdan istehoza, burun qonash yoki shularga o‘xshash betoharatlik etib turish odat bo‘lib qolgan bo‘lsa, o‘shaning sababidan har farzning vaqtiga toharat qiladi va u bilan o‘sha vaqtda xohlaganicha farz yoki naflni o‘qiyveradi. Mazkur holatlarga doimiy ravishda el chiqib turishi, siydik oqib turishi, yarasi qonab turishi kabi holatlar ham qiyos qilinadi. Mazkur holatga mubtalo bo‘lgan kishilar har namozning vaqtiga bir toharat qilib olib, o‘sha namozning vaqti chiqquncha toharatli odamga joiz bo‘lgan ishlarni qilaveradi. Misol uchun, uzrli shaxs Bomdod uchun toharat qildi. Uning toharati quyosh chiqishi bilan sinadi. Quyosh chiqqandan keyin qilgan toharati bilan Peshinni o‘qisa bo‘ladi. Zavolga o‘xshash vaqtning kirishi emas. Zavoldan oldin toharat qilgan uzrli shaxsning toharati zavol bo‘lib Peshinning vaqti kirishi bilan sinmaydi. Balki o‘sha toharat Peshinning vaqti chiqishi bilan sinadi. Kiyimga tekkan najasni jismi, rangi va hidi ketgunicha yuvish kerak. Siz bavl oqib turadigan a’zongizga uni to‘sib, kiyimga tekkizmaydigan maxsus moslama kiyib yuring.

29 Aprel 2022, 20:16 | Savol-javoblar | 184 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar