Ayol erining oldida kalta kiyimda yurishi

Assalomu alaykum! Ayol kishi erini oldida kaltaroq ishton misol shortik kiyib yursa bo‘ladimi? Bunda elkamizdagi farishtalar ozor topishmaydimi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
- Va alaykum assalom! Albatta hamma o‘rinda odobni saqlash kerak. عَنْ ابْنِ عُمَرَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَال: إِيَّاكُمْ وَالتَّعَرِّيَ ، فَإِنَّ مَعَكُمْ مَنْ لَا يُفَارِقُكُمْ إِلَّا عِنْدَ الْغَائِطِ ، وَحِينَ يُفْضِي الرَّجُلُ إِلَى أَهْلِهِ ، فَاسْتَحْيُوهُمْ وَأَكْرِمُوهُمْ رواه الترمذي Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:  
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yalang‘och bo‘lib olishdan saqlaninglar, chunki sizlar bilan faqat tahoratxonada va kishi ayoliga yaqinlik qilayotganidagina ajralib turadigan farishtalar bor. Ulardan hayo qilinglar va ularni ikrom qilinglar” deganlar.
Termiziy rivoyati.
Shuning uchun o‘zim yolg‘izmanku deb kiyinishda beparvo bo‘lmaslik kerak. Shuningdek so‘zlashda ham e’tiborli bo‘lish kerak. Alloh taolo "Qof" surasida marhamat qiladi:  إِذْ يَتَلَقَّى الْمُتَلَقِّيَانِ عَنِ الْيَمِينِ وَعَنِ الشِّمَالِ قَعِيدٌ۝  مَا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ۝ 17. Ikki kutib oluvchi o‘ngda va chapda o‘tirgan hollarida kutib olganda...
18. biror so‘z talaffuz qilmas, illo huzurida hoziru nozir borlar.
Demak, insonning ikki tarafida ikki farishta joylashgan va ular insonning har bir amali va so‘zlarini kutib oladi. Oyatda ularni «ikki kutib oluvchi» deb aytilmoqda.
«Ikki kutib oluvchi o‘ngda va chapda o‘tirgan hollarida kutib olganda...»
Mazkur farishtalar sodir bo‘lgan barcha hodisalarni yozib borishga vakil qilinganlar.
«…biror so‘z talaffuz qilmas, illo huzurida hoziru nozir borlar».
Insonning og‘zidan chiqqan bitta lafz ham ularning nazarlaridan chetda qolmaydi. Ular hamisha hoziru nozirdirlar, darrov yozib qo‘yadilar.
Ta’kidlash lozimki, Alloh taolo bandasining amallarini hisob-kitob qilishda bu ikki farishtaning ishiga muhtoj emas. O‘zi hamma narsani komil ilmi ila bilib turadi, hattoki avvalgi oyatlarda aytilganidek, odamning xayolidan o‘tgan narsalarni ham biladi. Mazkur farishtalarning yozib borishining boshqa hikmati bor: qiyomat kuni insonga hujjat sifatida ko‘rsatiladigan nomai a’mol ushbu farishtalar yozgan yozuvlar bo‘ladi. Bunga iymon keltirish esa har bir bandaning ko‘proq yaxshilik qilishiga, yomonlikdan yanada ko‘proq chetlanishiga sabab bo‘ladi.
Ushbu mavzuda ko‘plab rivoyatlar kelgan, shulardan ba’zilari bilan tanishib chiqsak, tushunchalarimiz mukammalroq bo‘ladi.
Ali ibn Abu Tolha Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladiki, u zot «Biror so‘z aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar» oyati haqida: «Har bir yaxshi-yomon gapi yozib boriladi. Hattoki «edim», «ichdim», «bordim», «keldim», «ko‘rdim» kabilar ham. Payshanba kuni uning ishi va gapi arz qilinadi, yaxshiligi, yomonligi bori qoldirilib, qolgani tashlab yuboriladi», – degan ekanlar.
Imom Hasan Basriy «...o‘ngda va chapda o‘tirgan hollarida» oyatini o‘qib turib: «Ey odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi, bittasi – o‘ng tarafingdagisi yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi – chap tarafingdagisi yomonliklaringni yozadi. Nimani xohlasang, qilaver – ozmi, ko‘pmi... Vafot etganingda, sahifang berkitiladi, qabringda bo‘yningga osib qo‘yiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan...» – degan ekanlar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

29 Aprel 2022, 22:14 | Savol-javoblar | 156 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar