Birovni “do‘zaxiy” deyish

Assalamu alaykum! Kimnidir “do‘zaxiy” deyish mumkinmi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ulardan birortasini jannatga yoki do‘zaxga tushirmaymiz. Sharh: Ya’ni ahli qiblalardan muayyan bir kishini, bu ahli jannatdir yoki bu ahli do‘zaxdir, deb aytmaymiz. Faqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «ahli jannat» deb aytgan bo‘lsalar, aytamiz. Misoli, jannat bashorati berilgan o‘n kishi. Agar umumiy qilib, gunohi kabiyra qilganlarni Alloh do‘zaxga kiritadi, so‘ngra shafoatchilar shafoati ila chiqaradi, desak ham, muayyan shaxs haqida bu gapni aytmaymiz. Muayyan shaxsni jannatiy yoki do‘zaxiy deb guvohlik bermaymiz. Chunki haqiyqat maxfiydir. Yaxshilarga umid qilamiz. Yomonlarga xavf qilamiz. «Va ularga, modomiki, zohir bo‘lmasa, kufr, shirk va nifoq haqida guvohlik bermaymiz. Sirlarini Allohning O‘ziga havola qilamiz.» Sharh: Ya’ni biror odamning kofirligi, mushrikligi va munofiqligi haqida hukm yoki fatvo chiqarmaymiz. Modomiki, ulardan bu narsalar ochiq-oydin sirtga chiqmadimi, ichlaridagini Allohning O‘ziga havola qilamiz. Chunki biz zohirga qarab hukm chiqarishga amr qilinganmiz. O‘zimiz bilmagan narsaga ergashishdan qaytarilganmiz. Dalil: 1.«Ey, iymon keltirganlar! Bir qavm boshqa qavmni masxara qilmasin, ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir» («Hujurot» surasi, 11-oyat). يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لَا يَسْخَرْ قَومٌ مِّن قَوْمٍ عَسَى أَن يَكُونُوا خَيْرًا مِّنْهُمْ 2. «Ey, iymon keltirganlar! Ko‘p gumonlardan chetda bo‘linglar, chunki ba’zi gumonlar gunohdir» («Hujurot» surasi, 12-oyat). يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اجْتَنِبُوا كَثِيرًا مِّنَ الظَّنِّ إِنَّ بَعْضَ الظَّنِّ إِثْمٌ 3. «O‘zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko‘z va dil — ana o‘shalarning hammasi mas’uldirlar» («Isro» surasi, 36-oyat). وَلاَ تَقْفُ مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنَّ السَّمْعَ وَالْبَصَرَ وَالْفُؤَادَ كُلُّ أُولئِكَ كَانَ عَنْهُ مَسْؤُولاً MUSULMONNI KOFIR DEYISh HUKMI Bu masala juda ham nozik va xatarlidir. Ayniqsa hozir – aqoid ilmi bilimdonlari kam, uni izlaganlar undan ham kam bo‘lib, bo‘lgan-bo‘lmagan narsa uchun ko‘pchilikni kofir yoki mushrikka chiqarib yuboradiganlar ko‘paygan bir paytda. Albatta, har bir ijtimoiy muammoning o‘z sabablari va omillari bo‘lgani kabi, odamlarni osonlikcha kofirga yoki mushrikka chiqarib yuboradiganlarning ko‘payishining ham o‘ziga yarasha sabab va omillari bor. Ularni batafsil o‘rganishni mutaxassislarga havola qilib, biz o‘zimizga tegishli joyini bayon qilishga o‘tamiz. Islom borasidagi ko‘pgina xatolar qatori bu masaladagi xato ham, asosan, kishilarning diniy bilim saviyasining yo‘qligi yoki xatoligidan kelib chiqadi. Eng yomoni, o‘sha kamchilikni to‘g‘rilashga harakat qilmaslikdir. Bu masalada Ahli sunna va jamoa etgan xulosa shulki, mo‘min odam gunohi kabiyra qilishi bilan kofir bo‘lib qolmaydi. Faqat, o‘sha ishni halol sanasa, kofir bo‘ladi. Misol uchun, aroq ichgan odam uni halol deb e’tiqod qilsa, kofir bo‘ladi. Aroqni halol deb e’tiqod qilmasa-yu, uni ichsa, osiy bo‘ladi. Ahli sunna va jamoa hammalari gunohi kabiyra qilgan mo‘min butunlay millatdan chiqib ketadigan kofir bo‘lmasligiga ittifoq qilganlar. Chunki kufr ikkiga bo‘linadi. E’tiqodiy kufr va amaliy kufrga. Boshqacha qilib aytganda, islomdan chiqaradigan kufr va majoziy kufrga. Ba’zi bir gunohlarning oyat va hadislarda «kufr» deb atalishi aynan majoziy kufrdir. Agar gunohi kabiyra bilan dindan butunlay chiqadigan bo‘lsa, gunohkor murtad bo‘lib, uni o‘ldirish vojib bo‘lar edi. Uning haqida afv qabul qilinmas edi. Qasos ham olinmas edi. Zino, o‘g‘rilik, aroqxo‘rlik va birovni zinoda ayblashda hadd (shar’iy jazo)lar joriy qilinmas edi. Shariat hukmida esa mazkur gunohlarni qilgan odamlar «murtad» deb emas, «jazoga loyiq jinoyatchi» deb topilgan. Bizning misolimizdagi aroqxo‘rga darra urish tayin qilingan. Agar aroq ichgan odam dindan chiqib, kofir bo‘ladigan bo‘lsa, uni murtad sifatida qatl qilish lozim bo‘lar edi. Ba’zi gunohlarni qilganlar dindan chiqadigan darajada kofir bo‘lmasliklariga oyati karimalardan dalil bor: Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ كُتِبَ عَلَيْكُمُ الْقِصَاصُ فِي الْقَتْلَى الْحُرُّ بِالْحُرِّ وَالْعَبْدُ بِالْعَبْدِ وَالأُنثَى بِالأُنثَى فَمَنْ عُفِيَ لَهُ مِنْ أَخِيهِ شَيْءٌ فَاتِّبَاعٌ بِالْمَعْرُوفِ وَأَدَاء إِلَيْهِ بِإِحْسَانٍ ذَلِكَ تَخْفِيفٌ مِّن رَّبِّكُمْ وَرَحْمَةٌ فَمَنِ اعْتَدَى بَعْدَ ذَلِكَ فَلَهُ عَذَابٌ أَلِيمٌ «Ey, iymon keltirganlar! Sizga o‘ldirilganlar uchun qasos farz qilindi: hurga hur, qulga qul, ayolga ayol. Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa, bas, yaxshilik ila so‘ralsin va ado etish ham yaxshilikcha bo‘lsin» («Baqara» surasi,178-oyat). Lekin oyati karimaga binoan, odam o‘ldirgan shaxsni qasos uchun albatta o‘ldirish shart emas, balki o‘likning egalari kechib yuborsa, o‘ldirmay qo‘yib yuborsa, o‘rniga xun puli olsa ham, bo‘ladi. Bunda o‘lik egasi haqqini yaxshilik bilan so‘rashi lozim, aybdor taraf ham ularning haqqini yaxshilik bilan ado etishi zarur: «Kimga o‘z birodaridan bir narsa afv qilinsa, bas, yaxshilik ila so‘ralsin va ado etish ham yaxshilikcha bo‘lsin». Modomiki, o‘likning egalari mardlik qilib, jinoyatchi qotilni afv etib, uni o‘ldirishni talab qilmadilarmi, oxirigacha mard bo‘lib, xun pulini ham urish-janjalsiz, yaxshilikcha, rozilik va muloyimlik bilan so‘rasinlar. Jinoyatchi yoki uning odamlari ham narigi tarafga etgan musiybat, judolik va qalb jarohatini unutmay, ularning ko‘ngillariga taskin berib, g‘irromlik qilmay, kechga surmay, xunni yaxshilik bilan ado etsinlar. Alloh taolo ushbu oyatda birovni qasdan o‘ldirgan odamni iymonlilar jumlasidan chiqarmadi. Balki, uni qasos egasiga «birodar» deb atadi. Agar «Mo‘min-musulmonni o‘ldirgan odam kofir bo‘ladi» degan hadisdagi kufr majoziy bo‘lmay, islomdan chiqaradigan kufr bo‘lganida, odam o‘ldirgan kishini murtad sifatida albatta o‘ldirish kerak bo‘lar edi. Alloh taolo «Hujurot» surasida: وَإِن طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا «Agar mo‘minlardan ikki toifa urushib ketsalar, bas, o‘rtalarini isloh qiling» (9-oyat) va yana: إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ «Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling» (10-oyat), degan. Mashhur sahih hadisning ma’nosiga qaraganda, bir-biriga qarshi qurol ko‘targan musulmonning ikkisi ham kofir bo‘lishi lozim edi. Ammo o‘sha hadisdagi «kufr» so‘zi majoziy bo‘lganidan, bu oyatda o‘sha urishib turganlarni mo‘min deyilmoqda va birodarlaringiz orasini isloh qiling, deb buyurilmoqda, ularni dindan chiqqan kofir sifatida qatl qiling, deyilgani yo‘q. Shuningdek, Qur’on va Sunnat hamda ijmo’da kelgan matnlarda zinokor, o‘g‘ri va boshqa katta gunohlarni qilganlarni o‘ldirilmaslikka, balki ularga hadd (shar’iy jazo) joriy qilishga dalolatlar kelgan. Bu esa ularning murtad emasliklarini taqozo qiladi. Ammo bundan «gunohlarni qilaversa, bo‘lar ekan» degan fikrga borish kerak emas. Bu ma’noda juda ehtiyot bo‘lmoq lozim. Gunohni qilaversa, bo‘lar ekan, deyishning o‘zi kufrga olib boradi. Gap bir odamni kofirga chiqarib yuborish oson emasligi haqida ketmoqda. Shuning uchun ham, juda ehtiyot bo‘lish zarur. Afsuski, avvalda ham, hozirda ham kishilarni kofirga chiqarishga ishqibozlar etarli bo‘lgan va bo‘lmoqda. Holbuki, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari yuqoridagiga o‘xshash ishlarga qarshi bo‘lganlar. عَنْ أَنَسٍ، عَنِ النَّبِيِّ  قَالَ: ثَلَاثٌ مِنْ أَصْلِ الْإِيمَانِ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَلَا نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلَا نُخْرِجُهُ مِنَ الْإِسْلَامِ بِعَمَلٍ... وَالْإِيمَانُ بِالْأَقْدَارِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ.  45. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Uch narsa iymonning aslidandir: «Laa ilaaha illalloh» degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz... Va qadarlarga iymon keltirish», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan. Bu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch muhim masalani bayon qilmoqdalar. 1. «Laa ilaaha Illallohu» degan kimsaga tegmaslik.» Ya’ni kalimai shahodatni aytib, o‘zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo‘lib ko‘rinib, Islomning zohiriy amallarini qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Alloh taoloning O‘ziga havola! 2. «Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz.» Ya’ni «Laa ilaaha Illallohu»ni aytib, zohirida musulmon bo‘lib ko‘ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U, kofir emas, osiy mo‘min bo‘ladi. 3. «Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz.» Ya’ni kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko‘rsatib turgan odamni amali tufayli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar’iy jazo beriladi. E’tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida – shu! Shundoq bo‘lganidan keyin, birovni kofirga chiqarishga zinhor shoshilmaslik kerak. Modomiki, Alloh taologa shirk keltirmagan ekan, birovni «kofir» deyish to‘g‘ri emas. Zero, Alloh taolo shirkdan boshqa gunohlarni kechirishi mumkinligini O‘zi aytgan. Mujtahid imomlarimiz farzligi va haromligi haqida ixtilof qilgan va Qur’oni Karim hamda sunnatda qat’iy dalili yo‘q narsalarni inkor qilishlik kufrga olib bormaydi. Birovni kofir deyishlik oson ish emas. Chunki bu ishning orqasidan kelib chiqadigan hukmlar ham o‘ta xatarlidir. Avvalo, imom Buxoriy Ibn Umar va Abu Hurayra roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon kishi o‘z birodariga «ey, kofir» desa, ikkovlaridan biri o‘shandoq bo‘ladi», deganlar. Ya’ni haligi odam kofir bo‘lmasa, uni «kofir» degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi. Chunki musulmonni kofir deyishning hukmi – shu. Bas, birovni kofir deyishdan oldin bu gap o‘ziga qaytishi mumkinligini o‘ylab qo‘yish kerak bo‘ladi. Ikkinchidan, birovni «kofir» deb hukm chiqarilsa va o‘shandoq bo‘lsa, ortidan o‘ta xatarli ishlar sodir bo‘ladi: U bilan xotini orasidagi nikoh buziladi. Bolalari uning qaramog‘idan chiqadi. Jamiyat a’zoligidan mahrum bo‘ladi. Uni mahkamaga berib, «murtad» degan hukm chiqariladi. U o‘lsa, yuvilmaydi, kafanlanmaydi, janozasi o‘qilmaydi, musulmonlar qabristoniga ko‘milmaydi va merosdan mahrum bo‘ladi. O‘sha holida o‘lsa, jahannamiy bo‘ladi. Shuning uchun ham, taqvodor va ixlosli ulamolar birovni «kofir» deyishni o‘zlariga ep ko‘rmaydilar. Ba’zilari esa avval bu ishni qilgan bo‘lsalar, keyin bu ma’nodagi fatvolarini bekor qiladilar. Hijriy 970-sanada vafot etgan, «Al-Bahrur Roiq» nomli kitobning muallifi, hanafiylarning mashhur ulamolaridan bo‘lmish Ibn Nujaym rahmatullohi alayhi xuddi shundoq qilganlar va «Agar bu masalada «kofir» deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, «kofir» demaslik uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqizni qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak», deganlar. Ba’zi vaqtlarda kufr haqidagi umumiy fatvoni yakka shaxslarga tatbiq qilib yuborish orqali xatoga yo‘l qo‘yiladi. Misol uchun, «falon toifaga mansub kishilar kofir bo‘ladi», degan fatvo chiqqan. Bu, o‘sha toifaga mansub har bir kishi kofir, degani emas. Yakka shaxslarga nisbatan kufr fatvosini berishdan oldin so‘rab-surishtirish, aniqlash va uning o‘zi bilan bahs olib borib, bo‘yniga qo‘yish lozim bo‘ladi. Bu haqda aqoid ilmi ulamolari quyidagilarni aytadilar: «Ba’zi bir gap kufr bo‘lishi mumkin. O‘sha gapni aytgan kimsa kofir bo‘ladi, degan hukm chiqishi mumkin. Ammo mazkur gapni aytgan muayyan shaxsni, hujjat va dalil bilan tasdiqlanmaguncha, «kofir» deb hukm chiqarilmaydi». Alloh taolo «Niso» surasida quyidagilarni aytgan: إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا «Albatta, etimlarning molini zulm ila eganlar, qorinlarida olovni egan bo‘lurlar. Va, shubhasiz, do‘zaxga kirurlar» (10-oyat). Ushbu oyati karimadagi va shunga o‘xshash boshqa qo‘rqitishlar haqqdir. Ammo aniq bir shaxsga kelganda, «Bu odam, mana shu oyatga binoan, albatta do‘zaxga tushadi», degan qat’iy gapni aytib bo‘lmaydi. Ahli qibladan bo‘lgan muayyan shaxsning do‘zaxga kirishiga guvohlik berib bo‘lmaydi. Chunki u mazkur oyat ma’nosini va hukmini bilmasligi, tavba qilishligi, o‘sha gunohni yuvadigan yaxshilik qilishi, shafoatchining shafoatidan manfaat olishi yoki boshqa sabablardan foydalanib qolishi ehtimoli bor. Bir odam kufr gapni aytdi va uni qozining oldiga keltirildi. Shunda qozi undan guvohlar da’vo qilayotgan masala – kufr gapni aytgani haqida so‘raydi. U o‘sha gapni aytganidan tonsa, qo‘yib yuboriladi. Chunki gapidan tonishining o‘zi tavba hisoblanadi. Agar aybdor, men bu gapning kufr ekanini bilmasdim, desa, unga tushuntirilib, ikkinchi bor hushyor bo‘lish ta’kidlanib, uni qo‘yib yuboriladi. Agar o‘sha odam, men bu gapni bilib aytdim, dinimdan qaytdim, desa, uni tavba qilishga chorlanadi. Tavba qilgunicha qamab qo‘yiladi. Kufr gapni aytib turgan odamgaki shu muomala bo‘lganidan keyin, mo‘minligini aytib, unga amal qilib turgan odamni turli gaplar tufayli «kofir»ga chiqarib yuboraverish mutlaqo noto‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun, bu ishda o‘ta hushyor bo‘lish lozim. (“Aqiydatut-Tahoviya sharhining talxiysi” kitobidan). Vallohu a’lam.

29 Aprel 2022, 23:04 | Savol-javoblar | 193 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar