Qur’oni Karimdagi oyat

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, Qur’oni karimda “Orangizda do‘zaxga tushmaydiganingiz yo‘q” degan oyat bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! وَإِن مِّنكُمْ إِلَّا وَارِدُهَا كَانَ عَلَى رَبِّكَ حَتْمًا مَّقْضِيًّا۝ 71. Sizdan unga yaqinlashuvchi bo‘lmagan hech kim yo‘q. Bu Robbing huzuridagi keskin hukmdir. Ushbu oyati karimaning ma’nosi xususida ulamolarimiz ikki xil fikr bildirganlar. Bu xilma-xillikka oyatdagi biz «yaqinlashuvchi» deb tarjima qilgan «vorid» so‘zi sabab bo‘lgan. Bu so‘zning ma’nosi jumladagi o‘rni va boshqa so‘zlarning joylashishiga qarab, o‘zgarishi mumkin. Aslida, «varada» fe’li suv bor joyga yaqinlashib, suv olishga aytiladi. Boshqa joyga nisbatan ishlatilsa, «kirdi» degan ma’noni anglatishi ham mumkin. «Kirdi» ma’nosiga iqror bo‘lgan ulamolarimiz ushbu oyatga «Sizdan unga kiruvchi bo‘lmagan hech kim yo‘q», degan ma’noni beradilar. Ya’ni «Sizdan u jahannamga kirmagan hech kim qolmaydi. Hammangiz kirasiz». Shunga binoan, bu guruhdagi ulamolarimiz: «Mo‘mindir, kofirdir, har bir insonning jahannamga bir kirishi bor», – deydilar. Mo‘min kirib, zarar tortmay, o‘tib ketadi. Kofir kirib, azob tortib, qolib ketadi. Ikkinchi guruh ulamolarimiz esa: «Varada»ga o‘zining asl «yaqinlashdi» ma’nosini berishimiz kerak, oyat tarkibida «vorida» bo‘lib kelgani bilan, unga «kiruvchi» ma’nosini berishga hech bir dalil yo‘q, – deydilar. Shuningdek: – Alloh taolo «Anbiyo» surasida mo‘minlar haqida: «...ana o‘shalar undan (jahannamdan) uzoqlashtirilgandirlar. Ular uning chisirlashini (ovozini ham) eshitmaslar...» degan, shuning uchun ham bu oyatga «Sizdan unga yaqinlashuvchi bo‘lmagan hech kim yo‘q», deb ma’no bersak, asliga muvofiq bo‘ladi», – deydilar. Binobarin, mo‘minlar jahannamga, xususan, sirotdan o‘tayotganlarida yaqinlashadilar, biroq tushmay, o‘tib ketadilar. Kofirlar esa yaqinlashib, jahannam atrofida tiz cho‘kib o‘tiradilar va avvalda aytilganidek, gunohlariga mos ravishda ketma-ket do‘zaxga tashlanadilar. Biz ham shu fikrni manzur tutdik. ("Tafsiri Hilol" kitobidan. Maryam surasi.). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 02:02 | Savol-javoblar | 141 | Qur’oni karim
|
Boshqa savol-javoblar