Hadis mazmuni

Assalomu alaykum! Ustozlar Hazrat rahimahullohning “Ochiq xat” kitoblarida shunday mazmundagi hadisni ko‘rdim. «Ali roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday odamlar keladiki ular Qur’on o‘qiydi tomog‘idan o‘tmaydi» deyilgan.(uzur to‘liq keltiraolmadim). Shu hadisni sharhi qanday bo‘ladi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَخْرُجُ فِيكُمْ قَوْمٌ تَحْقِرُونَ صَلَاتَكُمْ مَعَ صَلَاتِهِمْ، وَصِيَامَكُمْ مَعَ صِيَامِهِمْ، وَعَمَلَكُمْ مَعَ عَمَلِهِمْ، وَيَقْرَأُونَ الْقُرْآنَ لَا يُجَاوِزُ حَنَاجِرَهُمْ، يَمْرُقُونَ مِنَ الدِّينِ كَمَا يَمْرُقُ السَّهْمُ مِنَ الرَّمِيَّةِ، يَنْظُرُ فِي النَّصْلِ فَلَا يَرَى شَيْئًا، وَيَنْظُرُ فِي الْقِدْحِ فَلَا يَرَى شَيْئًا، وَيَنْظُرُ فِي الرِّيشِ فَلَا يَرَى شَيْئًا، وَيَتَمَارَى فِي الْفُوقِAbu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Ichingizdan bir qavm chiqadi. Ularning namozi oldida o‘z namozingizni, ro‘zasi oldida o‘z ro‘zangizni, amali oldida o‘z amalingizni haqir sanaysiz. Ular Qur’onni qiroat qiladilar. Ammo bo‘g‘izlaridan nariga o‘tmaydi. Ular dindan kamon o‘qi ovdan chiqqaniga o‘xshab, tez chiqadilar. U o‘qning uchiga qarasa, hech narsa ko‘rmaydi. U o‘qning cho‘piga qarasa, hech narsa ko‘rmaydi. U o‘qning patiga qarasa, hech narsa ko‘rmaydi. Va u o‘qning ipga o‘rnashadigan joyidan gumon qiladi», dedilar».Sharh: Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining ushbu hadisi shariflarida kelajakda bo‘ladigan ishlardan biri haqida xabar berganlar. «Ichingizdan bir qavm chiqadi». Ya’ni «Kelajakda siz, musulmonlarning ichingizdan bir toifa odamlar chiqadi». «Ularning namozi oldida o‘z namozingizni, ro‘zasi oldida o‘z ro‘zangizni, amali oldida o‘z amalingizni haqir sanaysiz». Ya’ni «Ular namozni shunday joyiga qo‘yib o‘qishadiki, sizning namozingiz ularning namozi oldida hech narsa bo‘lmay qoladi. Ular ro‘zani shunday tutadilarki, sizning ro‘zangiz ularning ro‘zasi oldida hech narsa bo‘lmay qoladi. Ular boshqa amallarni shunday qiladilarki, sizning amalingiz ularning amali oldida hech narsa bo‘lmay qoladi». «Ular Qur’onni qiroat qiladilar». Ya’ni o‘sha kelajakda chiqadigan toifa odamlari Qur’oni Karimni ham qoyillatib qiroat qiladilar. «Ammo bo‘g‘izlaridan nari chiqmaydi». Ularning qiroatlari bo‘g‘izlaridan chiqmasligi Qur’oni Karimning ma’nolari ularning qalb¬lariga etib bormaganidan bo‘ladi. Ular hamma narsalarni, jumladan, Qur’oni Karim qiroatini ham riyokorlik va xo‘jako‘rsinga qilayotgan bo‘ladilar. «Ular dindan kamon o‘qi ovdan chiqqaniga o‘xshab, tez chiqadilar». Ya’ni o‘sha vasfga ega bo‘lgan odamlar dindan tez chiqadilar. Bu ish xuddi bir ovchi o‘z kamonidan ovga o‘q uzganda ov qochib ketganiga o‘xshaydi. «U o‘qning uchiga qarasa, hech narsa ko‘rmaydi». Ovchi borib, o‘qni olib, uning uchiga qarasa, ovning asari ham yo‘q. «U o‘qning cho‘piga qarasa, hech narsa ko‘rmaydi». Ovchi «O‘qning uchi tegmagan bo‘lsa, cho‘pi tekkandir», deb o‘qning cho‘piga qarasa, unda ham hech qanday asar yo‘q. «U o‘qning patiga qarasa, hech narsa ko‘rmaydi». Ovchi yana hayron bo‘lib, o‘qning ketiga o‘rnatilgan patiga qarasa, unda ham ovning asarini ko‘rmaydi. «Va u o‘qning ipga o‘rnashadigan joyidan gumon qiladi». Shunda u hech bo‘lmasa, o‘qning ipga o‘rnashadigan joyiga qon-pon tekkandir, deb gumon qiladi. Xuddi shuningdek, haligi toifa ham birpasda Islomdan chiqadi va ulardan bu dinning asarini ham topib bo‘lmay qoladi. Chunki ular hamma narsani chin ixlos bilan emas, riyokorlik bilan qilayotgan edilar. Ulamolarimiz bu hadisi sharifda vasfi kelgan toifa xavorijlar ekaniga ittifoq qilganlar. Chunki shu ma’nodagi boshqa hadisi shariflarda ularning boshqa sifatlari ham bayon qilingan bo‘lgan. Hammasi solishtirilganda xavorijlarga to‘g‘ri kelgan. Demak, Qur’oni Karimni yuzakilik bilan, riyokorlik uchun emas, chin ixlos bilan, qalbdan chiqarib tilovat qilish, o‘rganish va unga amal qilish kerak ekan.عَنْ عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: يَأْتِي فِي آخِرِ الزَّمَانِ قَوْمٌ حُدَثَاءُ الْأَسْنَانِ سُفَهَاءُ الْأَحْلَامِ، يَقْرَأُونَ الْقُرْآنَ لَا يُجَاوِزُ تَرَاقِيَهُمْ، يَقُولُونَ مِنْ خَيْرِ قَوْلِ الْبَرِيَّةِ، يَمْرُقُونَ مِنَ الْإِسْلَامِ كَمَا يَمْرُقُ السَّهْمُ مِنَ الرَّمِيَّةِ، لَا يُجَاوِزُ إِيمَانُهُمْ حَنَاجِرَهُمْ، فَأَيْنَمَا لَقِيتُمُوهُمْ فَاقْتُلُوهُمْ، فَإِنَّ قَتْلَهُمْ أَجْرٌ لِمَنْ قَتَلَهُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُمَا الْأَرْبَعَةُAli roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:«Oxiri zamonda yoshlari kichik, aqllari past qavm keladi. Ular Qur’onni qiroat qiladilar. Ammo kekirdaklaridan o‘tmaydi. Ular odamlarning eng yaxshi gaplarini aytadilar. Ular dindan o‘q ovdan chiqqanidek chiqadilar. Ularning iymonlari bo‘g‘izlaridan nariga o‘tmaydi. Bas, ularni qaerda ko‘rsangiz, qatl qiling. Albatta, ularni qatl qilganlarga qiyomat kuni ajr bordir», deganlarini eshitdim».Ikkisini to‘rtovlari rivoyat qilganlar.Sharh: Bu hadisi sharifda ham oldingi hadisi sharifdagi ma’no boshqa iboralar va ba’zi izofalar ila ta’kidlanmoqda. Ushbu hadisi sharifning roviysi «Hazrati Ali roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida mana shu toifa chiqdi», deb aytdilar. Ularga avval ham aytib o‘tilganidek, xavorij nomi berildi. Hazrati Ali roziyallohu anhu avval ularga xatolarini anglatib, ko‘zlarini ochishga ko‘p urindilar. Ammo bo‘lmadi. Ular hazrati Ali roziyallohu anhuni ham, boshqalarni ham kofir deb fatvo chiqardilar va urush boshladilar. Shunda hazrati Ali roziyallohu anhu ham ularga qarshi qattiq janglar qildilar. Shu bilan birga, Ali roziyallohu anhu ular haqida insof bilan haqiqatni aytdilar. Odamlar u kishidan: «Ular kofirlarmi?» deb so‘radilar. «Ular kufrdan qochdilar», dedilar. «Ular munofiqlarmi?» deb so‘radilar. «Munofiqlar Allohni juda oz zikr qiladilar. Anavilar bo‘lsa Allohni ertayu kech zikr qiladilar», dedilar. «Ular kim?» deb so‘radilar. «Ular fitnaga uchrab, ko‘zlari ko‘r, quloqlari kar bo‘lgan qavm», dedilar. Alloh taoloning O‘zi asrasin. Demak, Qur’oni Karimni o‘qiganidan g‘ururga ketmay, riyokorlik qilmay, qaytaga avvalgidan ham siniq bo‘lib, e’tiqodni mustahkam qilishga harakat qilmoq lozim ekan. (“Hadis va Hayot” kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 02:12 | Savol-javoblar | 159 | Hadislar
|
Boshqa savol-javoblar