Go‘sht eyish haqida

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, hozirda Yaponiyada talabaman va bilim olish jarayonida shuni angladimki hozirgi kunda go‘sht maxsulotlarini iste’mol qilish sog‘lom turmush tarzi emas, balki juda ko‘p kasalliklarga sabab bo‘layapti. Masala go‘sht va shakar emaslik,  ya’ni vegeterianlik haqida. Me’yorida eyilsa zarari yo‘q deyishadi, lekin hozirgi kundagi chorva mollari, tovuq va baliqlar tabiiy emas, turli xil dorilar qo‘shilgan holda boqiladi. Rivojlangan davlatlar va xatto O‘zbekistonda ham chorva mollarni tezroq va ko‘proq go‘sht berishi uchun hayvonlarning ozuqasiga turli vitamin, qo‘shimcha kukun yoki dorilar qo‘shishadi. Sog‘lom hayot tarzida asosan donli maxsulotlar, o‘tlar, sabzavot va mevalar eyiladi. Bilishimcha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham go‘sht juda kam istemol qilganlar va hozirgi kundagi ishlatiladigan shakar deyarli emaganlar. Asosan tabiiy shakar ya’ni mevalar va asosan xurmodagi shakar istemol qilganlar. Shunga binoan biz ham go‘shtni iste’mol qilishni kamaytirsak, asosan semi-vegeterian hayot tarzini tanlasak, ya’ni haftada 1 marta eyilsa, Allohni bergan ne’matlariga noshukrlik bo‘lmaydimi? Tabiiy bo‘lmagan shakar haqida dinimizda qanday mulohaza qilish mumkin? Vegeterianlik deyilganda hayvonlarni muqaddas bilish emas, balki ular sog‘liqqa zarar bo‘lgani uchun iste’mol qilmaslikni nazarda tutayapman. Chunki juda ko‘p olimlar go‘shtning inson organizmi, qon tizimi, yurak va qon tomirlarida yog‘ bosishiga asosiy sabab deb bilishadi. Bu savolni berishimga sabab oldin vegeterianlik haqidagi savolga yo‘q deb javob berilgan ekan, lekin savol ham javob ham uncha aniq berilmagan. Hurmatli ustozlar, Alloh ishlaringizga rivoj bersin va ilmingizni bundanda ziyoda qilsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Insonni dunyoviy va uxroviy najoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishdadir. U zot nimani iste’mol qilgan bo‘lsalar uni iste’mol qilish, nimani iste’mol qilmagan bo‘lsalar undan to‘xtashlik kerak. Alloh taolo “A’rof” surasida marhamat qiladi: قُلْ مَنْ حَرَّمَ زِينَةَ اللّهِ الَّتِيَ أَخْرَجَ لِعِبَادِهِ وَالْطَّيِّبَاتِ مِنَ الرِّزْقِ قُلْ هِي لِلَّذِينَ آمَنُواْ فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا خَالِصَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَذَلِكَ نُفَصِّلُ الآيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ۝ 32. Sen: «Alloh O‘z bandalari uchun chiqargan ziynatlarni va pokiza rizqlarni kim harom qildi?!» – deb ayt. Sen: «Ular dunyo hayotida iymon keltirganlarga, qiyomat kunida esa faqat o‘zlariga xosdir», – deb ayt. Biladigan qavmlar uchun oyatlarni mana shunday mufassal bayon qilurmiz. Ushbu oyatlar egnilariga kiyim kiymay tavof qilishni, haj mavsumida yaxshi taom iste’mol etmaslikni o‘zlariga rusum qilib olib, «Bu Allohning amri», deb yurgan arab mushriklarining qilmishlari noto‘g‘ri ekanini bildirish uchun nozil bo‘lgani va bu orqali hamma zamon kofirlariga xitob qilinayotgani boshida aytib o‘tilgan edi. Yalang‘och holda tavof qilish joiz emasligini tushunib etgan musulmonlar kiyim-bosh bilan tavof qilishsa, mushriklar ularning ustilaridan kulishgan. Shunda Alloh taolo mazkur oyati karimani nozil qilgan. Bu g‘aroyibotni ko‘ringki, o‘zi yalang‘och tavof qila turib, kiyim-bosh bilan tavof qilayotganning ustidan kulyapti. Inson tabiatiga futur etsa, shunday bo‘ladi. Hozirgi zamon mushriklari burungi salaflaridan ham o‘tib ketdilar. Ular Islom ahlining har bir amalidan kuladilar. Ammo o‘zlarini zig‘ircha bilmaydilar. Musulmon kishi ularga e’tibor bermay, Alloh taoloning amriga amal qilaverishi lozim. Modomiki, Alloh taolo o‘sha kiyimlarni bandalarga halol qilib qo‘yibdimi, demak, hech kim uni harom qila olmaydi. Shuningdek, Alloh pokiza taomlarni bandalariga rizq qilib berib qo‘yibdimi, ularni ham hech kim harom qila olmaydi. Ziynat kiyimlari va pokiza taomlar iymonlilar uchun bo‘lmay, kim uchun bo‘lsin! Bu rizqu ro‘zga moddiy dunyoda boshqalar ham sherik bo‘lishlari mumkin, ammo oxiratda, ushbu oyati karimada ta’kidlanganidek, ziynat liboslari va pokiza rizqlar faqat mo‘minlarga xos bo‘ladi. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Ularning olimlari Alloh halol qilgan narsani zararli deyishlari yuz foiz noto‘g‘ridir. Vigeteryanlik Islom aqiydasiga zid. Kimningdir mijoziga qora choy kimningdir mijoziga ko‘k choyning to‘g‘ri kelishi boshqa narsa. Siz aytgan masala ham nisbiy baho hisoblanadi. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 03:41 | Savol-javoblar | 174 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar