Ro‘zg‘orga baraka

Assalomu alaykum! Qaysi oyda yoki kunda oilam ro‘zg‘origa bozor(produkta)ni qilib berish boshqa kunlardan ko‘ra yanada ulug‘rok bo‘ladi? Aytishlaricha yilda bir marta shunaqa oy yoki kun bor ekanki, shu kunda ro‘zg‘orga muhimroq e’tibor qaratsa, to‘la qilsa Allohning izni bilan yil davomida to‘kinlik bo‘lar emish. Buni ulamolarimiz 40 yil sinashgan ekan. Alloh sizlardan rozi bo‘lsin.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ashuro kuni ahliga kenglik qilish hadisi haqida عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ وَأَهْلِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ (رواه البيهقى في شعب الإيمان) Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi : Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim ashuro kunida ahli-ayoliga kenglik qilsa, Alloh taolo unga yilning qolganini keng qiladi”. Bayhaqiy Shuabul iymonda rivoyat qilgan.
Imom Hofiz Suyutiy rahmatullohi alayhi al-Durarul muntasir kitobida bu hadisni sahih sobit bo‘lgan deganlar. Bayhaqiy Shuabul iymonda Abu Said Xudriy, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Mas’ud va Jobir roziyallohu anhumlardan zaif sanadlar bilan rivoyat qilgan. Bular bir biriga qo‘shiladigan bo‘lsa, quvvatlanadi. (Kashful xofaa)
Jobir: Men qirq yil tajriba qildim, bo‘lmay qolmadi. (Muhit)
“Kengchilik qilish” hadisini ishonchli roviylar rivoyat qilishgan. Ha, kengchilik qilish hadisi xuddi Hofiz Suyutiy aytganlaridek sahih sobit bo‘lgan. (Hoshiyatu ibn al-Obidiyn 3-jild, 457 bet). عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ فِي النَّفَقَةِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ. (رَوَاهُ رَزِين) Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli-ayoliga nafaqada kengchilik qilsa, Alloh unga yilning qolganini keng qiladi”, dedilar. Roziyn rivoyati.
Sufyon aytdi: Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va ana shunday bo‘lishini topdik. Sufyondan murod Sufyon Savriydir. Chunki muhaddislar istilohida Sufyon mutloq aytilsa, Sufyon Savriy nazarda tutilgan bo‘ladi. Imom Bayhaqiy ham Shuabul iymonda Abdulloh ibn Mas’ud, Abu Hurayra, Abu Said va Jobir roziyallohu anhumlardan rivoyat qilgan. Bayhaqiy o‘zi rivoyat qilgan hadisni zaif sanagan. Targ‘ib kitobida Mirk (ya’ni, Mirkalon) rahmatullohi alayh Munziriydan naql qiladi: Albatta bu hadisi sharifni Bayhaqiy bir nechta turuqlar bilan sahobalar jamoasidan rivoyat qilgan. Agarchi bu sanadlar zaif bo‘lsada, ba’zisi boshqasiga qo‘shilishi bilan quvvatlanadi. (iqtibos tugadi.)
Iroqiy aytadi: Bu hadisning bir qancha turuqlari bor. Uning ba’zilariga sahih deb qaror berilgan. Ba’zilariga esa Muslimning shartiga ko‘ra sahih deyilgan. Ammo Ashuro kunida surma qo‘yish hadisi esa asli yo‘q hadisdir. Shuningdek ro‘za tutish va kengchilik yaratishdan boshqa amallarning ham asli yo‘qdir. (Mirqotul Mafotih. 4-jild, 1349 bet. Aliy Qoriy)
Sufyon ibn Uyayna: Biz buni ellik yoki oltmish yil tajriba qilib ko‘rdik va faqatgina yaxshilik ko‘rdik.
Ammo kengchilik yaratishdan boshqa ishlarni, ya’ni Ashuro kuni yoki kechasi bayram qilish, surma qo‘yish, bo‘yanish kabi ishlarni jumhur fuqaholar – hanafiy, molikiy, shofeiy va hanbaliylar bid’at deganlar. Bu ishlarning birortasi mustahab emasdir. Bu haqida keltirilgan rivoyatlar bid’atchilarning to‘qib chiqargan bid’atlari bo‘lib, ular bu bilan o‘zlarining bid’atlarini qo‘llab-quvvatlash uchun to‘qiganlar. (Mavsuatul fiqhiyya 29 jild, 221-bet)
Imom Bayhaqiy “Kim ashuro kuni ismid surmasini qo‘ysa, hech qachon ko‘zi og‘rimaydi” hadisini zaif deb rivoyat qilgan. Lekin bu hadisni Hokim munkar degan. Ibnul Javziy bu hadisni mavzuot ya’ni, to‘qima hadislar ichida keltirgan. (Hoshiyatu ibn al-Obidiyn)
Shuning uchun Ashuro kuni bunday ishlarni qilish bid’at hisoblanadi. Ammo yuqoridagi keltirilgan hadisga binoan Ashuro kuni oilasiga kengchilik qilsa, bozorlik qilib ro‘zg‘orini but qilib olsa, yilning qolgan oylari ham barokatda bo‘lishi umid qilinadi. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 03:41 | Savol-javoblar | 166 | Oila va turmush
|
Boshqa savol-javoblar