Arok quyib berish

Assalomu alaykum! Men restoranda ofitsant bo‘lib ishlayman. O‘zim dinga qattiq e’tiqod qilganim uchun, spirtli ichimliklar istemol qilmayman. Lekin ish yuzasidan aroq suraganlarga quyib berishga to‘g‘ri keladi. Shu ish xususida islomda hukm qanday? Aroq ichmasada quyib bersa gunohmi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Gunohga yordam berish Alloh taolo Qur’oni karimda «Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang». (Moida, 2). Ushbu mo‘’jazgina jumla dunyodagi barcha hamkorliklar uchun asosiy qoida hisoblanadi. Islomdan avvalgi davrda hamkorlik qoidasi urug‘chilik, qabilachilik va boshqa shunga o‘xshash o‘lchovlar asosida bo‘lar edi. O‘ziga yaqin bo‘lgan shaxs, toifa, qabila, davlat yoki xalq nima qilsa, unga hamkor bo‘lish zarur edi. Jumladan, zulm va dushmanlik ishlarida ham. Islomda esa hamkorlikning bosh sharti yaxshilik va taqvodir. Agar shu shart vujudga kelsa, hamma bilan hamkorlik qilinaveradi. Ammo qaerda gunoh va yomonlik bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, hamkorlik qilinmaydi. Yana boshqa bir o‘rinda «...hargiz, jinoyatchilarga yordamchi bo‘lmasman», deb marhamat qilgan(Qosos, 17). Bu oyatda Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muso alayhissalomning tili bilan, gunohda yordamchi bo‘lishni qoralab, ulkan gunoh, jinoyat deya tariflamoqda. Ushbu oyatlar dalil o‘laroq, gunohga yordam berish harom sanaladi. Shu o‘rinda biz gunohga hamkorlik qilish darajalarini yaxshilab o‘rganib olmog‘imiz lozim bo‘ladi. Fiqhiy kitoblarda kelgan «ionat» lafzi, hamkorlik qilish, ko‘makchi bo‘lish, yordam berish ma’nolarini anglatadi. Goho, «ionat»ni majoziy ma’noda sababchi bo‘lish deb ham aytadilar. Shuning uchun sabab lafziga kengroq to‘htalib o‘tamiz. 1). Agar sabab bo‘linyotgan narsa gunohlarga chorlovchi, qiziqtiruvchi va undovchi bo‘lsa. Alloh taolo «Ularning Allohdan o‘zga ibodat qiladiganlarini so‘k¬mangizki, bilmasdan, tajovuz ila Allohni so‘kib yurmasinlar» (An’om, 108) Mushriklar Allohni qo‘yib, sanam va butlarga ibodat qiladilar. Ushbu oyati karimada mushriklarning o‘sha butlarini haqorat qilmaslik buyurilmoqda. Ularning butlarini so‘kishdan qaytarishning asosiy sababi oyatning o‘zidan anglashilyapti, ya’ni musulmon kishi mushrikning sanamini so‘ksa, bundan g‘azablangan mushrik ham unga javoban Alloh subhanahu va taoloni tahqirlashi mumkin. Ya’ni ularni olihalarini haqoratlash bilan Allohni haqoratlanishiga sababchi bo‘lib qolinishi mumkinligini uqtirilmoqda. «...mayin so‘z qilmang, yana qalbida kasali bor bo‘lgan tama qilib yurmasin» (Ahzob, 32) Ovozingizni mayin, nazokatli qilib, erkak kishiga ta’sir etadigan holatda gapirmang. G‘ayirli kimsalar sizning mayin ovozingizni eshitib, fisqu fujurni boshlab qolmasinlar. «Ilgarigi johiliyatning ochiq-sochiqligi kabi ochiq-sochiq yurmang» (Ahzob, 33). Johiliyat – Islomdan oldingi tuzum. U vaqtda ayollar ochilib-sochilib, yasan-tusan qilib, erkaklarning e’tiborini o‘ziga tortishga intilar edilar. O‘zlarini bozorga solib, tanalari va zebu ziynatlarini ko‘z-ko‘z qilar edilar. Bunday ochilib-sochilib yurish «tabarruj» deyiladi. Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamning pokiza ayollarini johiliyat tuzumining xotinlari kabi ochiq-sochiq yurmaslikka amr etmoqda. Bu amr har bir muslima ayolga tegishli.   Bular bilan ham gunohga sababchi bo‘lib qolinishi mumkinligi bayon qilinmoqda. 2). Agar gunohga chorlovchi bo‘lmasa-yu, unga sabab bo‘ladigan bo‘lsa. Bu ikki suratda bo‘ladi. A) Kishi birovga bergan yoki sotgan narsasidan gunoh yo‘lida hech qanday o‘zgartirishsiz foydalanish. Masalan, uyini fohishaga yoki do‘konini harom narsalarni sotadiganlarga bilib turib ijaraga berish. (Agar bilmay bergan bo‘lsa, uzrli sanaladi va tezda bu ijarasini buzishi talab qilinadi.) Yoki aroq, cho‘chqa kabi harom narsalarni mashinasida tashish. Zinokorlar bilan fohishalar o‘rtachisa vosita-qo‘shmachi bo‘lish. Bir so‘z bilan aytganda, gunohga sharoit yaratib berish. Bu surat gunohda hamkor bo‘lishning yaqin sababchisi deyiladi. Bunga sababchi bo‘lgan kimsa, o‘sha gunohni qilgan bilan barobar bo‘ladi. Bu ishni men qilmayapman, deyishi bahona bo‘la olmaydi. B) Kishi birovga bergan yoki sotgan narsasidan gunoh yo‘lida o‘zgartirish bilan foydalanish. Masalan, dushman temirchisiga temir sotish. U undan qilich yasab musulmonlarga qarshi ishlatadi. Aroqho‘r yoki zinokorga ularni harom ish qilishlarini  bila turib manziliga elitib qo‘yish. Bir so‘z bilan aytganda, aniq gunohni qilishini bila turib gunohkorlarni hox moddiy hox ma’naviy qo‘llash. Bu surat gunohda hamkor bo‘lishning uzoq sababchisi deyiladi. Islom poklik, musaffolik dinidir. Poklik va musaffolikka targ‘ib qiladi. Jirkanchlik va razolatlarning barcha ko‘rinishidan qaytaradi. Bulardan qaytarish bilan bir o‘rinda bularga sabab bo‘ladigan omillarni ham harom qilgan. Toki bashariyat poklik va musaffolikda hayot kechirsin. Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 04:59 | Savol-javoblar | 190 | Halol va harom
|
Boshqa savol-javoblar