Xamr ichgan kishiga muomala

Assalomu alaykum! Hamr ichgan va ichishga odatlangan kishiga qanday muomalada bo‘lishimiz kerak? Agar u sizga dunyoviy bilm bergan bo‘lsa yohud yaqin qarindoshingiz bo‘lsa?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom!Har tomonlama go‘zal muomalada bo‘lib, qiladigan gunoh ishigagina norozilikni izhor qilish kerak. Uni ham Alloh taolodan tavfiq berishini so‘rab, go‘zal tarzda tushuntirishga harakat qilish kerak. Alloh taolo “Shuuro” surasida marhamat qiladi :فَإِنْ أَعْرَضُوا فَمَا أَرْسَلْنَاكَ عَلَيْهِمْ حَفِيظًا إِنْ عَلَيْكَ إِلَّا الْبَلَاغُ وَإِنَّا إِذَا أَذَقْنَا الْإِنسَانَ مِنَّا رَحْمَةً فَرِحَ بِهَا وَإِن تُصِبْهُمْ سَيِّئَةٌ بِمَا قَدَّمَتْ أَيْدِيهِمْ فَإِنَّ الْإِنسَانَ كَفُورٌ۝48. Agar ular yuz o‘girsalar, bas, seni ularga qo‘riqchi qilib yuborganimiz yo‘q. Sening zimmangda faqat etkazish bor, xolos. Albatta, Biz insonga O‘zimizdan rahmat tottirgan chog‘imizda u undan quvonur va agar ularga o‘z qo‘llari taqdim etgan narsa tufayli yomonlik etsa, bas, albatta, inson noshukrlik qilur.Payg‘ambarning vazifasi – Allohning amrini, ta’limotlarini ummatlarga etkazish. Ularning ustida qo‘riqchi bo‘lib turib olib, aytganini qilishga majburlash emas. Shuning uchun Payg‘ambar o‘z vazifasini ado etganidan keyin, xotirjam, ko‘ngli to‘q bo‘laverishi kerak. Odamlarning munosabatlaridan noxushlanmasligi, ozor chekmasligi va kuyunib, o‘zini qiynamasligi kerak.Aslida, inson tabiatida beqarorlik, sarkashlik va o‘zini bilmaslik xususiyatlari bo‘ladi.«Albatta, Biz insonga O‘zimizdan rahmat tottirgan chog‘imizda u undan quvonur…»O‘zidan ketib, hovliqadi. Haddidan oshadi.«...va agar ularga o‘z qo‘llari taqdim etgan narsa tufayli yomonlik etsa, bas, albatta, inson noshukrlik qilur».Yaxshilik etganda haddidan oshganidek, yomonlik etganda ham o‘zini to‘g‘ri tuta olmaydi, sabrsizlik qilib, noshukrlik qiladi. Holbuki, unga yomonlik zulm yuzasidan emas, o‘zi qilgan gunohlar tufayli etgan edi. ("Tafsiri hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 04:59 | Savol-javoblar | 142 | Ruhiy tarbiya
|
Boshqa savol-javoblar