Nafl namozi

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, hadisda aytilishicha qiyomat kuni banda so‘raladigan eng birinchi narsa uning farz namozi ekan. Agar farz namozi etmay qolsa, Allohning karami ila uning nafl namozi qo‘shilar ekan. Savol: kundalik farzlarga qo‘shib o‘qiladigan sunnat namozlar ham ana shunday nafl namoziga kiradimi? Javob uchun rahmat.
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Ravotib va nafl namozlar farzlar etmay qolsa qo‘shilmaydi, ular farz namozlaridagi kamchilik nuqsonlar o‘rnini to‘ldiradi, ya’ni nuqsonlarni to‘ldiruvchi. Farzlarning qazosi albatta o‘qilishi kerak. عَنْ أُمِّ حَبِيبَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: مَا مِنْ عَبْدٍ مُسْلِمٍ يُصَلِّي ِللهِ كُلَّ يَوْمٍ ثِنْتَيْ عَشْرَةَ رَكْعَةً تَطَوُّعًا غَيْرَ فَرِيضَةٍ إِلَّا بَنَى اللهُ لَهُ بَيْتًا فِي الْجَنَّةِ. قَالَتْ أَمُّ حَبِيبَةَ: فَمَا بَرِحْتُ أُصَلِّيهِنَّ بَعْدُ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا الْبُخَارِيَّ. وَزَادَ التِّرْمِذِيُّ: أَرْبَعًا قَبْلَ الظُّهْرِ وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَهَا، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْمَغْرِبِ، وَرَكْعَتَيْنِ بَعْدَ الْعِشَاءِ، وَرَكْعَتَيْنِ قَبْلَ صَلَاةِ الْفَجْر Ummu Habiyba roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Qaysi bir musulmon banda har kuni farzdan tashqari o‘n ikki rak’at ixtiyoriy namoz o‘qisa, albatta, Alloh unga jannatda uy qurib beradi», dedilar. Ummu Habiba: «Shundan keyin ularni doimo o‘qib kelmoqdaman», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Termiziy: «Peshindan oldin to‘rt va keyin ikki rak’at, Shomdan keyin ikki rak’at, Xuftondan keyin ikki rak’at, Bomdoddan oldin ikki rak’at»ni ziyoda qilgan. Sharh: Hanafiy mazhabi mana shu rivoyatni mahkam ushlab, hayotga yaxshilab tatbiq qilgan mazhabdir. Ushbu hadisda farz namozlariga tobe bo‘lgan sunnatlarni qo‘ymay, o‘qib borishga qattiq targ‘ib va ulkan va’da bordir. Bu va’da bo‘yicha, ushbu namozlar uchun mukofot tariqasida Alloh taolo tomonidan jannatda alohida uy qurib berilishi ta’kidlanmoqda. Farz namozlarga tobe bo‘lgan sunnat namozlarini qo‘ymay, o‘qib borishga bundan ortiq targ‘ib bo‘lmasa kerak. Shuning uchun ham Ummu Habiyba onamiz ushbu hadisni eshitganlaridan boshlab, u namozlarni aslo qoldirmaganlar. Biz ham xuddi shunday qilishimiz lozim. Farz namozlaridan oldin o‘qiladigan sunnat namozi o‘ziga xos ravishda farz namozga tayyorlanish vazifasini ham o‘taydi. U namozni o‘qib, ancha tayyorlanib olgan namozxon uchun farz namozining xushu’ va xuzu’sini joyiga qo‘yish oson bo‘ladi. Farz namozlaridan keyin o‘qiladigan sunnat namozlari esa farz namozda ba’zi qusur va kamchiliklar sodir bo‘lsa, o‘rnini to‘ldirish vazifasini o‘taydi. Shuning  uchun  ham  shariatda  bu  namozlar «mukammilot» — «to‘ldiruvchi namozlar» deb ataladi. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 06:15 | Savol-javoblar | 196 | Ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar