Shirk bo‘lib qolmaydimi?

Assalamu alaykum! Bizning vohamizda shunday ziyorat joylar bo‘lib, odamlar unga shifo izlab borishadi. Shulardan biri “Xazorbog‘” jamoa xo‘jaligiga qarashli “Xalifa bobo” ziyoratgohi. U zot “yaralarni yaxshi qilaman” deb aytgan emishlar. Hozirda odamlar ziyoratdan tuproq olib yaralariga surtishadi. Tushunmaganim, o‘lgan inson kimga yordam bera oladi?

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Kesak bilan istinjo qilish shariatimizda mustahab hisoblanadi. Hozirgi tibbiyot ham kesak ba’zi infektsiyalarni o‘ldirishini tasdiqladi. “Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bemor kishiga : “Allohning ismi bilan erimizning tuprog‘i ba’zimizning tupugi bilan bemorlarimizga shifo bo‘ladi. Robbimizning izni bilan” der edilar. (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa rivoyatlarda ushbu duolarni qilib, tupugini barmoqlariga olib, o‘sha barmoqlarini tuproqqa tekkizib, ba’zi bir yara va jarohatlarga surtar edilar” deyilgan. Shu hadisga binoan tuproqni ba’zi bir jarohatlarga shifo bo‘lishi mumkin. Lekin buni qabrdagi kishiga hech qanday aloqasi yo‘q. Siz aytgan kabi ziyoratlarga borib, qabr ahlidan shifo, madad, farzand yoki ishlarini rivojini so‘rash kabi ishlar shikr hisoblanadi. Ustozimiz bu borada “Tasavvuf haqida tasavvur” kitoblarida quyidagilarni aytganlar. MADAD SO‘RASh Ba’zi sufiylar doirasida tirik yoki o‘lik ahli solihlardan madad so‘rash odati bo‘lgan. Ular boshlariga balo kelsa, avliyo va solihlardan balogardon bo‘lishni so‘raganlar. Boshlariga tushgan mushkullarni kushoyish qilishni so‘raganlar. Shuningdek, biror foydali ish bo‘lishini ham so‘raganlar. Bu hol ayniqsa, odamlar boshiga ommaviy kulfat tushgan paytlarda yorqin namoyon bo‘ladi. O‘sha paytlarda zikrlar uyushtirilib, «Yo madad! Yo madad!» ko‘payib qoladi. Har qavm o‘zi e’tiqod qiladigan valiy yoki solih kishining nomini aytib madad so‘raydi.
Aksar hollarda Xizr alayhissalomdan madad so‘rash odat tusiga kirgan. Onalar bolalarini biror joyga yuborayotib, Xizr buvam qo‘llasin, deydilar. Boshqalarda ham bunga o‘xshash madad so‘rashlar tez-tez takrorlanadi.
Odatda bemorligiga shifo izlaganlar ham biror avliyoning qabrini ziyorat qilib, nazr atab turib dardiga shifo so‘raydi. Ba’zilar farzand so‘raydi. Yana boshqa birovlar o‘zining boshqa hojatining ravo bo‘lishini tilaydi. Ular qabr toshlarini o‘pib, ko‘zlariga surtadilar. Yana boshqa bid’at ishlarni qiladilar.
Ulamolarimiz bu ishlarning barchalarini inkor qiladilar va ularga qarshi kurashadilar. Ular tirik yoki o‘lik shaxslardan, kim bo‘lishlaridan qat’iy nazar madad so‘rash shirk ekanini tinmay ta’kidlaydilar.
Ammo ba’zi bir tasavvuf safiga suqilib kirib qolganlar mazkur ishlarni o‘zlaricha ta’vil qiladilar. Ular ahli solih kishilar tirikliklarida ham, o‘tganlaridan keyin ham o‘z ruhlari bilan madad bera olishlarini da’vo qiladilar. Bu da’volarini tasdiqlash uchun turli qissalar ham aytadilar. Ulardan ba’zilarini misol tariqasida keltiramiz.
Bir murid og‘ir yukni ko‘tarishi kerak bo‘lib qolibdi. U harchand urinsa ham, haligi yukni ko‘tara olmabdi. Keyin shayxi esiga tushibdi-da, yo pirim, deb turib ko‘targan ekan. Darhol yukni ko‘tarib yo‘liga ravona bo‘libdi. Manzilga etgandan keyin pirining oldiga kirib bo‘lgan hodisani aytibdi. Shunda pir, yukni sen ko‘tarding-u, azobini biz tortdik, deb elkasini ochib ko‘rsatibdi. Qarasa, elka yuk botganidan shilinib ketgan emish.
Bu dunyodan o‘tib ketgan avliyolarning ixlos qilgan kishilarga bergan «yordamlari» haqida son-sanoqsiz qissalar bor va ular tinmay yangilari bilan to‘lib boradi.
Bu masalani atroflicha o‘rganib chiqqan olimlar madad so‘rash masalasida paydo bo‘lgan noto‘g‘ri tushunchalarning sabablarini ham aniqlaganlar.
O‘sha sabablardan biri shiy’a mazhabidan ta’sirlanish, deydilar mazkur olimlar. Turli omillarga ko‘ra ahli sunna val jamoa mazhabidagi kishilardan ba’zilari ahli tashayyu’ning fikrlaridan ta’sirlangan holatlar ham bo‘lgan. Shia mazhabidagi kishilarda imom haqida o‘ziga xos e’tiqod bor. O‘sha e’tiqodga binoan imom g‘aybni biladi, xaloyiqning nidolarini eshitadi va hokazo. Ba’zi tariqatda yurgan kishilar ham o‘z shayxlari haqida mana shu e’tiqodni qiladilar.
Zamonamizning ko‘zga ko‘ringan allomasi Abulhasan Nadaviy rohmatullohi alayh o‘zlarining «Arab sharqidagi sayohatchining esdaliklari» nomli kitoblarida tariqat shayxlaridan birining eshigi oldida halqa bo‘lib olib zikr qilayotgan kishilar «Madad! Ey, say-yidim Hasan! Sen - sultoni zamon!» deb turganlarini ko‘rganliklarini yozganlar va shayxlar tavhidga zid bu holni ko‘rib turib jim turganlaridan ajablanganlar.
Mazkur sabablarning ikkinchisi va asosiysi ba’zi bir oyat va hadisi shariflarni noto‘g‘ri ta’vil qilish yoki o‘ta zaif hadisi shariflarni hujjat qilib olishdir.
Ba’zi bir ilmli tasavvuf shayxlari bu holni engillashtirish uchun madad faqat Alloh taoloning O‘zidangina bo‘lishini ta’kidlash bilan birga, aziz-avliyolardan madad so‘rash ishini boshqacharoq tushuncha asosida anglashga yoki anglatishga harakat qiladilar.
Zamondosh tariqat shayxlaridan Misrdagi «Ashiyrai Muhammadiya» tariqatining boshlig‘i fazilatli shayx Muhammad Zakiy Ibrohim hazratlari bu haqda quyidagilarni aytadilar:
«Ammo «madad» degan gaplariga kelsak, albatta, yo‘qdan bor qilish va madad berish ne’mati faqatgina Alloh taoloning yolg‘iz O‘ziga xosdir va Alloh taoloning O‘zidanginadir. Bu dunyo hayoti ham, oxirat hayoti ham, mulkning barchasi ham, malakutning hammasi ham Alloh taoloning yaratishi va madadi bilan bo‘ladi. U zotning O‘zi «Hammasini, anavilariga ham, manavilariga ham Robbing atosidan madad berurmiz!» degan. Bu oyat komil va shomildir. Boshqa bir oyatda «Hammasi Allohning huzuridan, deb ayt!» deyilgan.

Banda, yo‘l va sababdir

Har bir narsaga yo‘l va sabab bor.
Bas, agar madad so‘rovchi tirik shayxdan madad so‘-rayotgan bo‘lsa, uning madad so‘rashdan maqsadi ilm, irshod yoki duo so‘rashdir. Qalb orqali yoki nafs orqali. Yoxud shayxning iymon sirlari, ibodat quvvati va Alloh bilan bo‘lgan aloqasi bilan yo‘g‘rilgan quvvatidan ruhiy oqim yoki ta’sirini so‘rashidir.
Har bir maxluqning ta’sir qiluvchi kahrabo va magnit oqimi va yo‘nalishlari bor. Buni eski va yangi ilm isbot qildi. Hamda bunga insondagi shijoat, muruvvat, himmat va shunga o‘xshash narsalarni dalil qildi. Bularning hammasi maxfiy quvvatlardir. Biz ularni turli nomlar bilan atab, axloq deb vasf qilganmiz.
So‘ngra buni yangi ilmi nafs ham tasdiqladi. U hasadni insondagi yomon quvvatga misol qilib oldi. Bundan insonda muqobil o‘laroq yaxshi quvvatlar borligiga dalildir. O‘sha quvvatlar boshqalarga xuddi hasad qilingan shaxsga ta’sir ko‘rsatganidek ta’sir ko‘rsatadi. Har bir narsaning muqobili bordir. Bu uning ziddidir.
So‘ngra dunyoning barcha dorulfununlari va mahkamalari tomonidan e’tirof etilgan magnit uxlatilishi ham bor. Bu narsa inkor qilib bo‘lmaydigan dalildir.
Shayx Ibn Qayyum o‘zining «Ruh» nomli kitobida tiriklar va o‘liklarda ko‘pgina insoniy quvvat va energiyalar borligini ta’kidlagan.
Agar vafot etgan shayxdan madad so‘ralsa, uning Haqqa yaqin holda, barzaxda hayot turgan ruhidan so‘raydi. Undan o‘zining ishlarida Allohga shafoatchi bo‘lib yo‘llanishini so‘raydi. Ruhlar o‘z olamida zamon va makon chegarasi ila bog‘lanmagan holda hayot kechiradi. Chegara va cheklashlar bashariy hayot natijasidir. Ruhlar esa ozodlik olamidadir. Shubhasiz, bu narsa eng xatarli toyish joylaridan biridir. Buning to‘g‘ri anglab etishga va zabt qilishga faqat aql egalarigina qodir bo‘ladilar.
Bu ba’zi tasavvufga nisbat beriladigan jamo-alarning alahlashga o‘xshash holatlarini joiz narsa deganim emas. Men bu mavzu’ning ahli ilm nazdida qanday tushunilishini aytib o‘tdim, xolos. Har bir haqqa o‘xshagan botil ham bor. Ko‘zi ochiq bilan ko‘r, zulmat bilan nur teng bo‘la olmas».
Boshqa bir zamondosh tasavvuf haqida bir qancha kitoblar yozgan mutaxassis Sa’id Havvo rohmatullohi alayh o‘zining «Tarbiyatunar ruhiya» nomli kitobining 312-313-betlarida bu borada tamoman boshqacha fikr taqdim etadi:
«Avliyolar Alloh taoloning «Ular iymon keltirgan va taqvo qilganlardir» degan qavlida zikr qilingandirlar. Ularning karomatlari shariatdagi shartlari ila sobitdir. Shu bilan birga e’tiqod shulki, ular roziyallohu anhum, o‘zlariga hayotlik chog‘laridan ham, mamotlaridan keyin ham naf va zarar bera olmaydilar. Bas, shunday ekan o‘zgalarga hech narsa bera olmasliklari turgan gap.
Rivoyatlarda kelgandek, kayfiyatda qabrlarni ziyorat qilish shariatda sunnat hisoblanadi. Ammo kim bo‘lishlaridan qat’iy nazar qabrdagilardan madad so‘rash, ularga bu haqda nido qilish, ulardan hojatlarni ravo qilishni so‘rash, ularga nazr atash, qabrlarni bezash, munavvar qilish, silash, Allohdan boshqa bilan qasam ichish va ulardan kelib chiqadigan bid’atlar gunohi kabiralar bo‘lib, ularga qarshi urush ochish vojibdir. Darcha ochmaslik uchun bu ishlarni ta’vil qilishga o‘tmaymiz.
Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rgansa, tavhidni himoya qilish eng muhim masala ekanini yaqqol ko‘radi. Hech shubha yo‘qki, mazkur nidolarga o‘xshash narsalarni ta’vil qilish imkoni bo‘lsa ham, ular eng oz deganda ba’zi odamlar uchun shirk eshiklaridan bir eshikdir.
Men ba’zi kishilarning avliyo va shayxlarga nido qilib madad so‘rash shiy’alardan kirib qolgan narsa ekanini bahona qiladilar va bunga shiy’alar ishlatadigan madad so‘zini dalil qilib keltiradilar.
Ba’zilari esa ruhlarning bu dunyo bilan aloqasi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydilar.
Ammo unisi ham, bunisi ham tavhidning asliga ta’sir o‘tkazadigan mazkur ishlarni oqlash uchun kifoya qilmaydi. Alloh taolo bizlarga o‘tganlarga duo qilishimizni amr qilgan, ulardan biror narsani so‘rashga amr qilmagan. Alloh taolo mo‘minlarning vasfida
وَالَّذِينَ جَاؤُوا مِن بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِّلَّذِينَ آمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَؤُوفٌ رَّحِيمٌ

«Ulardan keyin kelganlar: «Ey, Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, qalbimizda iymon keltirganlarga nafrat solmagin, ey Robbimiz, albatta, sen shafqatli va mehribonsan», derlar», degan (Hashr, 10-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozimizda «Bizga va Allohning solih bandalariga salom bo‘lsin» deyishimizni ta’lim berdilar.
Ish chappasiga aylanib, ularning haqiga duo qilish o‘rniga ulardan madad so‘rab tursak, shubhasiz xato qilgan bo‘lamiz». Vallohu a’lam.

30 Aprel 2022, 10:44 | Savol-javoblar | 162 | Boshqa ibodatlar
|
Boshqa savol-javoblar