Cho‘chqa go‘shti haqida

Assalomu alaykum, hurmatli Shayx Hazratlari! Men dorixonada faoliyat yuritaman va ayrim dorilar xususida turli savollar vujudga keladi. Ya’ni ovqat hazmi uchun ishlatiladigan dorilarning ko‘pchiligining tarkibida cho‘chqa go‘shti yoki uning me’da osti bezi va yana shunga o‘xshash narsalar bo‘ladi. Ayrim xaridorlar ushbu dorilarni harid qilishda biroz ikkilanib qolishadi. Shu sababdan shu haqida sizdan malumot olmoqchi edim. Ushbu dori vositalarini iste’mol qilish mumkinmi. Ayrimlar cho‘chqa go‘shti yoki boshqa a’zosidan dori tayyorlanganda u o‘zining asl holatini yo‘qotadi, uni iste’mol qilsa bo‘ladi deyishadi. Sizdan iltimosim shuki ushbu masalaga oydinlik kiritib bersangiz. Javobingizni intizorlik bilan kutaman. Alloh sizdan rozi bo‘lsi
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh:
Har bir mo‘min-musulmon odam shariati islomiya hukmlarini o‘ziga lozim tutmog‘i vojibdir. Xususan, oziq-ovqat va davo sohasida bunga alohida e’tibor berish kerak. Chunki mo‘min-musulmon odamning eydigan narsasi pok bo‘lmog‘i, ichadigan narsasi pok bo‘lmog‘i, davolanish uchun iste’mol qiladigan dorilari pok bo‘lmog‘i lozimdir. Alloh subhanu va taoloning rahmati keng. O‘z bandalariga rahm qiladigan bu ulug‘ Zot o‘zining shariatiga ergashish yo‘llarini ham engillashtirib qo‘ygan va bu borada zarurat tug‘ilganda ba’zi bir narsalarning rioyasini e’tiborga olishni shariatiga kiritgan. Ana shunday qoidalardan birida–«zarur bo‘lgan holda man qilingan narsalarga ruxsat beriladi» deyilgan. Shuningdek, «hojat tushgan paytda bu hojat zaruratning o‘rniga o‘tadi» degan qoida ham bor. Aslida barcha narsalar mubohdir, illo haromligiga e’tiborli dalil bor narsalargina harom hisoblanadi. Shuningdek, «barcha narsalar aslida o‘zi pok» deb hisoblanadi, lekin «najasligi, nopokligiga dalil ishonchli holda keltirgan narsalargina pok emas» deb hisoblanadi. Ba’zi bir oziq-ovqat mahsulotlari borki, uning tarkibiga cho‘chqaning yog‘i qo‘shiladi va u erib boshqa narsaga aylanib ketmagan bo‘ladi hamda o‘z holida mazkur oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida turadi. Bunga misol aytadigan bo‘lsak–ba’zi bir pishloqlar, moylar, yog‘lar va shunga o‘xshagan narsalar bor. Ba’zi pecheng‘e, shokolad va muzqaymoqlarni qilishda cho‘chqaning yog‘idan foydalaniladi. Mazkur narsalarda cho‘chqaning yog‘i o‘zi turadi. Bunday taomlarning barchasi haromdir. Ularni emoq mutlaqo mumkin emas. Chunki ahli ilmning barchasi cho‘chqaning hamma narsasi najas ekanligiga va uni eb bo‘lmasligiga ittifoq qilishgan. Yana bir qonun shuki, cho‘chqaning moddasidan tayyorlangan «insulin» dorisi. Bu qand kasalligiga giriftor bo‘lgan bemorlar uchun davo sifatida ishlatiladi va uni shar’iy qoidalarga binoan zarurat uchun iste’mol qilsa bo‘ladi. Agar g‘izo va davoga qo‘shilgan harom narsa boshqa moddalarga aralashib, o‘z xususiyatini tamoman yo‘qotsa va boshqa bir holatga aylanib qolsa, ularni iste’mol qilish muboh bo‘ladi. Mana shu qoidaga binoan hayvonlarning suyagidan, terisidan yoki paylaridan qilingan «jalatin» moddasi halol hisoblanadi. Shuningdek, cho‘chqaning yoki o‘zi o‘lgan hayvonning yog‘idan qilingan sovunlar mazkur cho‘chqa yog‘i yoki o‘zi o‘lgan hayvonning yog‘i boshqa moddalarga–pok narsalarga aralashib, o‘zining xususiyatini batamom yo‘-qotsa, shakli-shamoili umuman qolmasa, hech qanday alomati bo‘lmay butunlay yo‘q holga aylanib ketgan bo‘lsa, o‘shandan tayyorlangan sovunlarni ham ishlatsa bo‘ladi. Shuningdek, ba’zi bir suriladigan malhamlar, kremlar, pardoz-andoz ashyolari tarkibiga cho‘chqaning yog‘idan qo‘shilgan bo‘lishi mumkin, lekin ana o‘sha narsani ziynat narsa bo‘lganligi uchun ishlatib bo‘lmaydi. Faqat hali aytganimizdek, bu narsa juda oz bo‘lib, o‘sha yog‘ butunlay boshqa narsaga aylanib ketganligi, uning asorati umuman qolmaganligi aniq bo‘lsagina, ishlatsa bo‘ladi. Hozirgi kundagi ba’zi bir g‘izo yoki davolarga cho‘chqaning biror narsasi aralashgan bo‘lsa ham, lekin o‘sha aralashgan narsa o‘zining asl xususiyatini yo‘qotgan bo‘ladi. Boshqacha ibora bilan aytganimizda, «kimyoviy o‘zgarish oqibatida butunlay boshqa bir narsaga aylanib qoladi». Endi uning nopokligi, najasligi qolmaydi va o‘sha narsada «cho‘chqaning go‘shti harom» deb aytadigan hukmga hech qanday doxil bo‘lmay qoladi. Misol uchun, moddalardan ba’zilari hayvonning suyagidan qilinadi, gohida o‘sha suyak cho‘chqaning suyagi ham bo‘lishi mumkin. Bu ishdan xabardor bo‘lgan, e’tiqodli odamlarning aytishicha ana o‘sha qo‘shilgan modda–cho‘chqaning yog‘i yoki go‘shti bo‘lgan narsa kimyoviy aralashuv oqibatida o‘zining xususiyatini batamom yo‘qotgan bo‘ladi. Ana shunday narsalardan ba’zi vaqtlarda sovun qilish mumkin, yoki tish tozalaydigan «ma’jun»–pastalar qilish mumkin va bulardan foydalanish mumkin. Chunki hali aytganimizdek, mazkur moddalar o‘zining asl mohiyatini yo‘qotgan, batamom pok-halol narsaga qo‘shilib ketgan narsalar bo‘ladi. Siz aytgan masalaning ayni o‘ziga keladigan bo‘lsak, cho‘chqadan bo‘lgan narsa qo‘shilgan va kimyoviy jarayonda mazkur narsa o‘zining xususiyatini yo‘qotgan dorining o‘rnini bosadigan boshqa dori bo‘lsa, o‘shani ishlatish kerak. Mabodo, undan boshqa dori bo‘lmay noiloj qolingandagina siz aytganni ishlatsa bo‘ladi.

30 Aprel 2022, 11:07 | Savol-javoblar | 164 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar