Uxlash odobi

Assalomu alaykum! Hurmatli ustozlar, sizlarga cheksiz hurmat va extiromimni bildirgan xolda, olib borayotgan ishlaringizni bardavom bo‘lishini tilayman. Savolim shundan iborat, biz musulmonlar uxlaganimizda boshmiz qaysi tomonga qaratilgan bo‘lishi lozim? Yoki buning axamiyati yo‘qmi? Savolim noo‘rin bo‘lsa uzr so‘rayman. Izlash xizmatidan foydalanib javob topolmaganim uchun, savol berdim. Rahmat!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! UXLASh ODOBLARI VA DUOSI HAQIDA Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «Nabiy alayhissalom: «Qachon yotog‘ingdan joy olmoqchi bo‘lsang, namozga qiladiganingdek tahorat qil. So‘ng o‘ng tomoning ila yonboshla va; «Ey Allohim, Senga nafsimni taslim qildim. Senga ishimni topshirdim. Senga rag‘bat qilib, O‘zingdan qo‘rqib, o‘zimni panohingga oldim. Sening O‘zingdan o‘zga panoh ham, najot ham yo‘q. Nozil qilgan kitobingga va yuborgan nabiyingga iymon keltirdim, degin. Agar o‘sha tuningda o‘lsang, fitrat(Islom)da o‘lasan. Bas, ularni oxiri aytgan narsang qilgin», dedilar. «Eslab olay, yuborgan Rasulinggamidi?» dedim. «Yo‘q. Yuborgan nabiyingga», dedilar». Bu rivoyatda musulmon odamning uyquga yotish odoblari va uyqudan oldin o‘qiladigan duolardan bir namunasi keltirilmoqda. Ushbu hadisi sharifdan quyidagi foydalarni olamiz; -Uyquga yotishdan oldin namozga tahorat qilgandek, tahorat qilib yotish. Agar tahorati bo‘lsa, o‘shaning o‘zi kifoya qiladi. -Uyquga o‘ng yonboshi ila yotish. -Uyquga yotishda maxsus duolardan birini o‘qib yotish. -Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilingan duolarning biror so‘zini ham almashtirmay o‘zi qandoq bo‘lsa, xuddi shundoq qilib o‘qish. Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «Nabiy alayhissalom qachon kechasi joylariga yotsalar, qo‘llarini yuzlari ostiga qo‘yar va: «Allohmuuma bismika ah’ya va amutu», der edilar. Qachon uyg‘onsalar: «Alhamdu lillahillazi ah’yanaa ba’da maa amatanaa va ilayhin nushuur», der edilar». Bu hadisi sharifdan olinadigan foydalar; -Uyquga o‘ng yonbosh ila yotish bilan birga o‘ng qo‘lni o‘ng yuzning ostiga qo‘yib yotish kerakligi. -Uyquga yotayotganda o‘qiladigan ushbu rivoyatda kelgan duoning ma’nosi «Ey Allohim, Sening ismingi ila tirilurman va o‘lurman» deganidir. -Uyqudan uyg‘onganda o‘qiladigan ushbu rivoyatda kelgan duoning ma’nosi «Bizni o‘ldirganidan keyin yana tiriltirgan Allohga hamd bo‘lsin. Va qayta tirilib to‘planish ham Uning O‘zigadir» deganidir. -Ushbu duoni o‘qishni ko‘pchilik odat qilganidan biz ham unga alohida e’tibor berdik va siz muhtaramlardan kim hozirgacha bu boradagi biror duoni yod olmagan bo‘lsa, shuni yod olib har kuni uyg‘onganda o‘qishga odat qilishni tavsiya qilamiz. Shunda Payg‘ambar alayhissalom.ning sunnatlariga amal qilingan bo‘ladi. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi «Nabiy alayhissalom: «Sizdan biringiz qachon to‘shagiga yotmoqchi bo‘lsa, avval izori ila to‘shagini qoqib tashlasin. So‘ngra: «Bismika Robbii, vaza’tu janbii va bika arfa’uhu. In amsakta nafsii, farhamhaa. Va in arsaltahaa, fahfazhaa, bimaa tahfazu bihi ibadakas Solihiyn», desin», dedilar». Ushbu hadisi sharifdan ikki muhim narsani o‘rganamiz; -Yotishdan oldin yotoq joyni tekshirib, yaxshilab olib yotish. Bu ishda beparvolik qilmaslik. Chukni joyga turli hashoratlar kirib olgan bo‘lishi yoki dushmanlar biror zararli narsalar qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Uyquga yotayotganda o‘qiladigan ushbu rivoyatda kelgan duoning ma’nosi «Robbim, Sening isming ila yonboshimni qo‘ydim. Va Sen ila uni ko‘tarurman. Agar jonimini ushblab qoladigan bo‘lsang, uni rahmat qilgin. Agar uni qo‘yib yuboradigan bo‘lsang, solih bandlaringni muhofaza qiladigan narsan ila un iham muhofaza qilgin» deganidir. Ushbu duoni o‘qishni ko‘pchilik odat qilganidan biz ham unga alohida e’tibor berdik va siz muhtaramlardan kim hozirgacha bu boradagi biror duoni yod olmagan bo‘lsa, shuni yod olib har kuni uyg‘onganda o‘qishga odat qilishni tavsiya qilamiz. Shunda Payg‘ambar alayhissalom.ning sunnatlariga amal qilingan bo‘ladi. Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «Fotima tegirmondan qo‘li ozor ko‘rganidan shikoyatda edi. U Rasululloh alayhissalomning huzurlariga xodim so‘rab bordi. U zotni topmasdan gapni Oishaga aytdi. U kelganlarida u zotga xabar berdi. U zot biznikiga keldilar. Biz yotib olgan edik. Men tura boshladim. Shunda u zot, makoningni lozim tut, dedilarda oramizga o‘tirdilar. U zotning qadamlari sovug‘ini ko‘ksimda his qildim. Keyin U zot: «Men sizlarga xodimdan ko‘ra yaxshiroq narsaning xabarini beraymi? Qachon to‘shaklaringizdan joy olganliringizda yoki yotar joyingizni egallaganingizda, o‘ttiz uch marta takbir aytinglar. O‘ttiz uch marta tasbih aytinglar. O‘ttiz uch marta hamd aytinglar. Bu ikkingiz uchun xodimdan yaxshidir», dedilar». Turmush mashaqqatlaridan qiynalgan kishilar uyquga yotishdan oldin ixlos ila Allohu Akbar, Subhanalloh va Alhamdu lillahi so‘zlarini ma’lum adad zikr qilib yotsa, Alloh uning og‘irini engil qilar ekan. Albatta, niyat bilan qilingan zikr foydasiz bo‘lmasligi aniq. Ammo uyqudan oldin qilinadigan zikr alohida ahamiyat kasb etishidan Payg‘ambar alayhissalom hazrati Ali va Fotima onamiz Roziyallohu anhumolarning oldilariga kechasi  kelib bo‘lsa ham bu narsani o‘rgatib ketganlar. Tofxa ibn Qays G‘iforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «O‘pka kasali tufayli masjidda qornimni erga berib yotgan edim. Birov meni oyog‘i bilan turtib: «Bundoq yotishni Alloh yomon ko‘radi», dedi. Nazar solib qarasam, Rasululloh alayhissalom ekanlar». Ushbu hadisi sharifda vasf qilingan holda yotib bo‘lmaydi. Eng yaxshi yotish o‘ng yonbosh ila yotish. Chap yonbosh bilan yoki chalqancha yotsa ham bo‘ladi. Chunki bundoq yotish nahiy qilinmagan. Ali ibn Shaybon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi «Nabiy alayhissalom: «Kim soyaboni yo‘q uyning ustida tong otdirsa, batahqiq, undan zimma xoli bo‘ladi», dedilar». Bundan ochiq havoda, uyning ustida uxlamoq mumkin emasligi ayon bo‘ladi. Chunki bundoq holda uxlagan kishi turli xavf-xatarlarga o‘zini topshirgan bo‘ladi. Ularning eng oddiysi uyqusirab tomdan tushib ketishi hech gap emas. Umuman olganda uxlamoqchi bo‘lgan uyqu paytdagi holatni hisobga olib barcha ehtiyot choralarini ko‘rmog‘i yaxshi bo‘ladi. Termiziyning lafzi:«Nabiy alayhissalom kishi atrofi o‘ralmagan sathda uxlashdan nahiy qildilar». Albatta, atrofi o‘ralmagan baland joy, xususan tom ustida uxlash xavflidir. Uxlab qolgan odam uyqusida bilmay o‘sha sathdan yiqilib nobud yoki majruh bo‘lishi mumkin. Yoki turli zararli narsalar atrofi o‘ralmagan sathga kirib kelib uxlab yotgan kishiga zarar etkazishi mumkin. Abu Hurayradan rivoyat qilinadi «Nabiy alayhissalom:«Kim yotar joyiga yotganda Allohni zikr qilmasa, albatta, bu uning uchun qiyomat kuni hasrat bo‘ladi», dedilar». Uchtasinini Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan. Shuning uchun ham, albatta, yotar paytda Alloh taoloning zikrini qilib, maxsus duolarni o‘qib yotmoq kerak. Vallohu a’lam! Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh. https://savollar.islom.uz/smf/index.php?topic=3943.0

21 Aprel 2022, 06:09 | Savol-javoblar | 215 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar