Olgan pullarimni qanday qaytaraman?

Assalomu alaykum! Man oldinlari razolatda edim, ko‘chada bezorilik qilib o‘zga insonlarni haqlarini ya’ni pullarini tortib olib o‘zlashtirib olardim. Alloh Mehribon, Rahimli va Hakim Zot manga insof berdi. Alhamdulillah hozir birovni haqqidan qattiq qo‘rqaman. Oldinlari tortib olgan pullarimi qaytarishni ilojisi yo‘q. Chunki u insonlarni topishni imkoni yo‘q, to‘g‘ri ba’zi birlarini topishim mumkin, lekin olgan pulimni qanday holatda qaytaraman? Oradan ancha vaqt o‘tdi. Misol uchun o‘sha vaqtda 100,000 olgan bo‘lsam hozirgi 100,000ni qadri oldingidek emas. Hamma olgan pullarimni qaytarish uchun nima qilishim kerak? Javob uchun rahmat.

«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Bandalarning haqqlari o‘ta nozik ish. Oxiratda bo‘ladigan holi ham o‘ta ayanchli bo‘ladi. Siz o‘sha odamlardan olgan narsalaringizni aynan o‘ziga etkazishingiz va ularni qanday qilib bo‘lsa ham rozi qilishingiz kerak. Ularni topish imkoni bo‘lmasa, ularni nomidan ehson qilasiz.عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَتَدْرُونَ مَا الْمُفْلِسُ؟ قَالُوا: الْمُفْلِسُ فِينَا مَنْ لَا دِرْهَمَ لَهُ وَلَا مَتَاعَ، فَقَالَ: إِنَّ الْمُفْلِسَ مِنْ أُمَّتِي مَنْ يَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِصَلَاةٍ وَصِيَامٍ وَزَكَاةٍ، وَيَأْتِي قَدْ شَتَمَ هَذَا، وَقَذَفَ هَذَا، وَأَكَلَ مَالَ هَذَا، وَسَفَكَ دَمَ هَذَا، وَضَرَبَ هَذَا، فَيُعْطَى هَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ وَهَذَا مِنْ حَسَنَاتِهِ، فَإِنْ فَنِيَتْ حَسَنَاتُهُ قَبْلَ أَنْ يُقْضَى مَا عَلَيْهِ أُخِذَ مِنْ خَطَايَاهُمْ فَطُرِحَتْ عَلَيْهِ ثُمَّ طُرِحَ فِي النَّارِAbu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kasodga uchragan kimligini bilasizlarmi?» dedilar.
«Bizning ichimizda kasodga uchragan dirhami ham, matohi ham yo‘q odam», deyishdi.
«Albatta, ummatimdan kasodga uchragani qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan, ammo buni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, buning molini egan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odamdir.
Bunga uning savoblaridan berilur, anavinga ham uning savoblaridan berilur. Agar uning zimmasidagi narsa tamom bo‘lmasdan avval savoblari tugab qolsa, ularning xatolaridan olinib, uning ustiga tashlanur. So‘ngra u do‘zaxga tashlanur», dedilar».Sharh: To‘liq ma’noda kasodga uchragan odam bu dunyoda odamlarga yomonlik qilgan kishi ekan. Ushbu hadisi sharifda o‘sha kasodga uchraganlarning eng yaxshisi haqida so‘z ketmoqda. Chunki u qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan bo‘ladi.Ammo u bu kabi ibodatlar bilan kelgan bo‘lsa ham o‘sha dahshatli kunda og‘ir ahvolda qoladi. Chunki u bu dunyoda buni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, buning molini egan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odam bo‘lgan edi.Shu erda kishini kasodga uchratadigan, uning ibodatlarini ham puchga chiqaradigan yomonliklardan ushbu hadisi sharifda zikr qilinganlarini sanab o‘taylik:1. Birovni so‘kish.
2. Birovning obro‘sini to‘kish.
3. Birovning molini eyish.
4. Birovning qonini to‘kish.
5. Birovni urish.Mana shu ishlarni qilgan odam qiyomat kuni kasodga uchrashi turgan gap. Avval o‘sha kasodga uchragan baxtsizning savoblari bo‘lsa, ularni olib, undan yomonlik ko‘rgan bechoralarga taqsimlab beriladi.Keyin esa mazkur kasodga uchragan baxtsizning ustiga bu dunyoda uning yomonligidan zarar topgan bechoralarning gunohlari yuklanadi.Oxirida o‘sha kasodga uchragan baxtsiz jahannamning qa’riga uloqtiriladi.Ana, ko‘rdingizmi, birovni so‘kish, birovning obro‘sini to‘kish, birovning molini eyish, birovning qonini to‘kish va birovni urish qanday ham yomon ish! Bas, bularga o‘xshagan yomon ishlardan saqlanaylik.وَعَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَتُؤَدَّنَّ الْحُقُوقُ إِلَى أَهْلِهَا يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُقَادَ لِلشَّاةِ الْجَلْحَاءِ مِنَ الشَّاةِ الْقَرْنَاءِ. رَوَاهُمَا مُسْلِمٌ وَالتِّرْمِذِيُّYana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 
«Albatta, qiyomat kuni haqlarni o‘z ahliga ado qilursiz. Hattoki, shoxli qo‘ydan shoxsiz qo‘yga o‘ch olib beriladi», dedilar».
Ikkisini Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar. 
Sharh: Bu dunyoda ba’zi bir yomonlar o‘z yomonligining ba’zisining jazosidan qutulib qolishi mumkin. Ammo qiyomat kuni hech bir haq zoe bo‘lmaydi. Har bir narsa o‘z o‘rnini topishi muqarrar. Bunda faqat odamlar orasidagi haq-huquqlargina emas, balki barcha maxluqotlar orasidagi haq-huquqlar ham o‘z egasini topadilar.Hattoki, bu dunyoda o‘zining shoxi borligidan foydalanib, shoxsiz qo‘yni suzgan qo‘ydan ham o‘ch olinadi. Bas, shunday ekan, odam bolalari ham o‘zlarining «shox»larini ishga solib, o‘zgalarning haqqini poymol qilishga urina ko‘rmasinlar. ("Hadis va Hayot" kitobidan). Vallohu a’lam!

30 Aprel 2022, 20:03 | Savol-javoblar | 176 | Dolzarb savollar
|
Boshqa savol-javoblar