Nuqsonimni mazax qilsalar

Assalomu alaykum! Tilimda Alloh bergan kamchiligim bor, gapirganimda bilinadi (talaffuzim to‘liq emas). Shuning uchun ko‘pincha ba’zan yuzimga, ba’zan ortimdan kulishadi. Shu payt jaxlim chiqib nima deyishni bilmay qolaman, urushib xam ketaman. Shunaqa insonlarga nima deyishim mumkin yoki bu paytda nima qilsam bo‘ladi. Savolim noo‘rin bo‘lsada so‘rashga majbur bo‘ldim uzr, shu xolat xaqida xadis bormi?
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
– Va alaykum assalom! Sabr qilasiz. Ularga siz achchiq qilishingizni hojati yo‘q chunk ularni oxiratda nima bo‘lishini Alloh taolo Qur’onda bayon qilib qo‘ygan. Siz uchun kechirib Allohni rahmatiga sazovor bo‘lish imkoniyati ekan. Har shunday qilganlarida kechiring, Alloh ham sizni mag‘firat qilishini so‘rang. Bu holatni tekindan tekinga qo‘ldan boy bermang. Alloh taolo O‘zining suyukli bandalarini sifatini bayon qilib "Oli Imron" surasida marhamat qiladi: الَّذِينَ يُنفِقُونَ فِي السَّرَّاء وَالضَّرَّاء وَالْكَاظِمِينَ الْغَيْظَ وَالْعَافِينَ عَنِ النَّاسِ وَاللّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ۝ 134. Ular engillikda ham, qiyinchilikda ham nafaqa qiladiganlar, achchig‘ini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir.
Allohdan bo‘lgan mag‘firatga va kengligi osmonlaru erchalik bo‘lgan jannatga sazovor bo‘lgan taqvodorlarning sifatlaridan biri:
«...engillikda ham, qiyinchilikda ham nafaqa qiladiganlar…»
Ya’ni ular yaxshilik qilishda sobitqadam odamlardir. Hayotlari engillashib, hamma narsalari serob bo‘lib ketsa ham, hovliqib, haddilaridan oshib, fisqu fasodga berilib ketmaydilar. Balki o‘zlarini bosib, xayr-ehson, nafaqa qilishda bardavom bo‘ladilar. Shuningdek, boshlariga og‘ir kunlar tushsa ham, siqilib, o‘zlarini noqulay sezib, baxillik yo‘liga o‘tib olmaydilar. Balki nafaqa qilishda bardavom bo‘ladilar. Ularning taqvolari doimo ehsonga chorlab turadi. Baxillik va qizg‘anchiqlikdan qaytaradi.
Taqvodorlarning sifatlaridan yana biri:
«...achchig‘ini yutadiganlar...»
G‘azabini yutish eng qiyin ishlardan hisoblanadi. G‘azab insonda turli munosabatlar ila qo‘zg‘alib turadi, uni jilovlab olish har bir kishining ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin taqvodor kishi bu og‘ir ishni eplashi mumkin. Ya’ni qalbida taqvodorlik mavjud bo‘lgan insongina g‘azabdan g‘olib chiqa oladi.
Islomda g‘azabni yutish ulug‘ axloqlardan hisoblanadi. Qur’oni Karim oyatlaridan tashqari, bu oliy sifatning maqtovi Payg‘ambarimizning hadislarida, salafi solihlarimizning ishlari va so‘zlarida o‘z aksini topgan.
Imom Ahmad rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan hadisda kelishicha, bir kishi Payg‘ambar alayhissolatu vassalomga:
– Ey Allohning Rasuli, menga nasihat qiling, – dedi. U zoti bobarakot:
– G‘azab qilma, – dedilar. So‘ragan odam keyinchalik e’tirof etib, bunday deydi:
«Rasullulloh alayhissalom shu gapni aytganlarida, o‘ylab ko‘rsam, g‘azab hamma yomonlikni o‘zida jamlagan ekan».
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, Payg‘ambarimiz alayhissolatu vassalom:
«Kim (jazo berishga) qodir bo‘lib turib, g‘azabini yutsa, qiyomat kuni Alloh uni xaloyiq oldida chaqirib turib, hurlardan xohlaganini tanlab olishga imkon beradi», – deganlar.
Mazkur taqvodorlarning yana bir sifatlari:
«...va odamlarni afv qiladiganlardir». Bu sifat g‘azabni yutish sifatini to‘ldirib keladi. Chunki ish chiroyli hal bo‘lishi uchun g‘azabni yutib qo‘yishning o‘zi kifoya emas. Oliyjanoblik ko‘rsatib, g‘azabini yutgan odam bu oliyjanobligini tugal qilayin desa, aybdorni afv qila olishi, kechira bilishi ham kerak.
Imom Hokim rivoyat qilgan hadisda: «Kimki o‘zi uchun jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni afv etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin», – deyiladi.
Ibn Kasir rahmatullohi alayhi Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissolatu vassalom:
«Qiyomat kuni bir jarchi: «Odamlarni afv qilganlar qani?! Ajringizni olgani Robbingizning huzuriga keling!» – deb chaqiradi. Afv qilgan har bir musulmon jannatga kirishga haqlidir», – deganlar.
«Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevadir».
Yuqorida zikr qilingan sifatning sohiblari yaxshilik qiluvchi sanaladilar. Demak, ularni Alloh yaxshi ko‘rar ekan.
Keyingi oyati karimada yana mazkur taqvodorlarning sifatlarini zikr qilish davom etadi: وَالَّذِينَ إِذَا فَعَلُواْ فَاحِشَةً أَوْ ظَلَمُواْ أَنْفُسَهُمْ ذَكَرُواْ اللّهَ فَاسْتَغْفَرُواْ لِذُنُوبِهِمْ وَمَن يَغْفِرُ الذُّنُوبَ إِلاَّ اللّهُ وَلَمْ يُصِرُّواْ عَلَى مَا فَعَلُواْ وَهُمْ يَعْلَمُونَ۝ 135. Va fahsh ish yoki o‘zlariga zulm qilganlarida Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar. – Gunohlarni Allohdan o‘zga kim ham mag‘firat qilardi? – Va bilib turib, qilgan ishlarida bardavom bo‘lmaslar. ("Tafsiri Hilol" kitobidan). Vallohu a’lam!

21 Aprel 2022, 06:20 | Savol-javoblar | 169 | Turli savollar
|
Boshqa savol-javoblar