Iftorlikda duo

Assalomu alaykum! Men soat 18:30 dan 21:00gacha komp’yuter kursiga qatnayman. Iftorlik vaqti ham dars vaqti oralig‘iga to‘g‘ri kelmoqda. Kurs o‘kituvchisi va talabalarining aksariyati nasroniy dinidagi millatlardan. Men iftorlik vaqti kirganda og‘iz ochish duosini o‘qib qo‘limni yuzimga surmasdan qalbdan o‘tkazib duo qilib og‘izni ochsam bo‘ladimi? Bu aslo dinimdan uyalish emas, shunchaki g‘ayridinlarga kulgu bo‘lishini xohlamayman. Ramazon barchamizga muborak bo‘lsin!
«Zikr ahlidan so‘rang» hay’ati:
Va alaykum assalom! Aslida duo qilishda qo‘l ko‘tarib duodan so‘ng yuzga surtish sunnat amal hisoblanadi. Shunday bo‘lsada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan har kuni ma’lum bir holatlarda duo qilganlarida qo‘l ko‘tarmaganliklari rivoyat qilingan. Bu holatlarni ahvoli mutavorida – ya’ni har kuni takror-takror bo‘ladigan holatlar deyiladi. Masalan taom eyishdan avval “bismillah”ni aytishda, uyqudan uyg‘onishda, uydan chiqayotganda va kirayotganda, ulovga minib yoki tushganda, tahoratga kirish va chiqishda, kiyimni kiyib echish kabi amallardagi duolarda qo‘l ko‘tarilmaydi. Xuddi shuningdek siz aytgan holatda ham. Shom vaqti kirishi bilan og‘iz o‘z-o‘zidan ochilib ketadi. O‘sha vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘qigan duoni aytish sunnat hisoblanadi. Vallohu a’lam!

1 May 2022, 01:31 | Savol-javoblar | 181 | Duolar
|
Boshqa savol-javoblar